Mil. avv. 250-yilda Baqtriya Salavkiylar davlati tarkibidan ajralib chiqadi. Antik davr tarixchilarining xabar berishicha, mingta Baqtriya shahri hukmdori bo‘lmish Diodot o‘zini podsho deb e’lon qiladi. Shu voqeadan boshlab Yunon-Baqtriya davlati tarixi boshlanadi. Mil. avv. 250-yilda Salavkiylar davlati tarkibidan ajralib chiqqan Parfiya Baqtriyaning raqibiga aylanadi. Baqtriyadan tashqari, Yunon-Baqtriya podsholigi tarkibiga So‘g‘diyona va Marg‘iyona ham kirgan. Diodotdan keyin Yunon-Baqtriyada hukmronlik davlat tarixida sezilarli iz qoldirmagan Yevtidemga o‘tadi. Yevtidemning o‘g‘li Demetriyhukmronligi davrida Yunon-Baqtriya podsholigi eng katta sarhadlarga ega bo‘ldi. Hindistonning bir qismi bu davlatga qo‘shib olindi. Parfiyada hokimiyat Mitridat Iqo‘liga o‘tishi bilan u Baqtriyaga harbiy tazyiqni kuchaytiradi.Yunon-Baqtriya davlati tinimsiz urushlar olib borishga majbur bo‘ladiki, bu hol uning kuchsizlanishiga sabab bo‘ldi. Bundan foydalangan ko‘chmanchi yuechji qabilalari mil. avv. 140 –130-yillar oralig‘ida Yunon-Baqtriya davlatini bosib oladilar.