5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
konstitutsiyaviylik;
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
oshkoralik;
ilmiylik;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligi.
LexUZ sharhi Amaldagi qonunchilikning umumiy prinsiplaridan kelib chiqish — qonunning mazmunini belgilashda muhim mantiqiy usul hisoblanadi. Qonunlar konstitutsiyaga yoki konstitutsiyaviy qonunlarga zid kelmasligi lozim. Har bir normativ hujjat o‘zaro mantiqiy bog‘liqdir, bir-biriga mos keladi va to‘ldirib turadi. Faqat shundan keyin normativ huquqiy hujjatlarning funksional-huquqiy tizimliligini ta’minlash mumkin. LexUZ sharhi Huquqiy normativlarni maxsus sanksiyalar bilan ta’minlash qonun mantiqiy tuzilishining eng asosiy elementlaridan biridir. Busiz huquqiy normativni qo‘llash samarasiz bo‘lar edi. Ma’lumki, ijtimoiy normalar orasida faqatgina huquqiy normalar rasmiy sanksiyalar bilan ta’minlangan. Bu xususiyat faqatgina davlat tomonidan o‘rnatilgan huquq normalariga xosdir. 2-bob. O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi 6-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.