1. Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar



Yüklə 212,52 Kb.
səhifə1/7
tarix26.11.2023
ölçüsü212,52 Kb.
#135265
  1   2   3   4   5   6   7
425 02.08.2022




[OKOZ:

1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar;

2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.09.00 O‘rta ta’lim]

[TSZ:

1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar;

2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022-yil 11-maydagi PF-134-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek, xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarning mehnatini rag‘batlantirish hamda o‘z ustida doimiy ishlaydigan, o‘zining o‘qitish uslubiga va xalq orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022-yil 11-maydagi PF-134-son Farmonining 12-bandiga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining yuridik shaxs bo‘lmagan Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2022-yilda Jamg‘armaga Davlat budjetidan 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlash belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Belgilansinki, Jamg‘armaning mablag‘lari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lash;
xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qaroriga muvofiq xalqaro va asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga bir martalik pul mukofotlarini to‘lash;
malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarni saralash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash. Bunda ushbu maqsadlarga Jamg‘arma daromadlarining 1 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini yo‘naltirishga ruxsat etiladi;
pedagoglarga ilg‘or o‘qitish metodikalari va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yulga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan metodik guruhlar faolyatini tashkil etish bilan bog‘lik bo‘lgan xarajatlarini qoplash shu jumladan, ushbu guruhlar tarkibiga jalb etilgan mutaxassislarni rag‘bantlarntirish;
ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va pedagogik mahoratini baholash tizimini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi;
ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni tanlab olishning bosqichlari, mezonlari va tartibi;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama, shuningdek, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to‘lash mezonlari.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov va O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-avgust,
425-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qaroriga
1-ILOVA
Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.
3. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
malakali pedagog kadrlar — Vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan:
o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga yoki Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan pedagog kadrlar;
o‘quvchilari xalqaro yoki respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlar;
ilg‘or xodimlar — xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan:
ta’lim sifatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shgan rahbar kadrlar, psixologlar va kutubxonachilar;
o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan yoki o‘z mahorat maktabini tashkil qilgan metodistlar;
respublika bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan, ishlari respublika va xalqaro miqyosda ommalashgan yoki xalq ta’limi tizimida samarali faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlar;
mobil metodik guruhlar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga muvofiq hududlardagi ta’lim sifati past, muhiti og‘ir bo‘lgan maktablarga borib pedagoglarga ilg‘or o‘qitish metodikalari va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan metodik guruhlar;
xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy kengashlar) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan hududiy kengashlar.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
5. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
6. Jamg‘armaning mablag‘lari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
Vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lash;
xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qaroriga muvofiq xalqaro va asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga bir martalik pul mukofotlarini to‘lash;
malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarni saralash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
hududlardagi ta’lim sifati past, muhiti og‘ir bo‘lgan maktablarga borib, pedagoglarga ilg‘or o‘qitish metodikalari va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan metodik guruhlar faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shu jumladan, ushbu guruhlar tarkibiga jalb etilgan mutaxassislarni rag‘batlantirish;
ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va pedagogik mahoratini baholash tizimini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash.
Jamg‘arma mablag‘larining ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
7. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari Davlat budjetiga qaytarilmaydi va ulardan keyingi yillarda foydalaniladi.
4-bob. Malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarni rag‘batlantirish
8. Malakali pedagog kadrlarga va ilg‘or xodimlarga har oylik ustama hamda bir martalik pul mukofotlarini to‘lash ishlarini muvofiqlashtirish uchun Vazirlikda doimiy ravishda ishlaydigan Ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda — Ishchi guruh) tuziladi.
Ishchi guruh tarkibi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Ishchi guruh tarkibiga faol jamoatchilik vakillari jalb qilinadi.
9. Har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) Vazirlik har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning respublika bo‘yicha cheklangan sonini (keyingi o‘rinlarda — yillik kvota) belgilaydi;
b) quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarining tegishli o‘quv yilida o‘qishga qabul qilishda oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihoni natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (abituriyentlar va imtihon o‘tkazilgan fanlar bo‘yicha);
Prezident ta’lim muassasalari agentligi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining tegishli o‘quv yilida o‘qishga qabul qilishda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihoni natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (abituriyentlar va imtihon o‘tkazilgan fanlar bo‘yicha);
tegishli vazirliklar va idoralar xalqaro va respublika musobaqalari va tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Vazirlikka taqdim etadi;
v) Ishchi guruh umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari (o‘quvchilari) tomonidan tegishli o‘quv yili qabulida oliy ta’lim tashkilotlariga, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida jamlagan ballardan kelib chiqib yillik kvotani “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlaydi (keyingi o‘rinlarda — tuman (shahar) kvotasi) va hududiy kengashlarga taqdim etadi;
g) hududiy kengashlar tuman (shahar) kvotasidan kelib chiqib har oylik ustama olish uchun nomzodlarni “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar” “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar) bo‘yicha Ishchi guruhga taqdim etadi. Bunda:
har oylik ustama olishga nomzodlar mazkur Nizom bilan malakali pedagog kadrlar uchun qo‘yilgan mezonlarga javob berishi lozim;
har bitta yo‘nalish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) uchun belgilangan har bitta kvota o‘rniga ko‘pi bilan uchta nomzodni taqdim etish mumkin;
“Boshlang‘ich ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha nomzod sifatida o‘quvchilari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan boshlang‘ich sinf pedagog kadrlari taqdim etilishi mumkin;
d) Ishchi guruh tomonidan unga taqdim etilgan nomzodlar orasidan ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni tanlab olish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqichda — zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yoki ta’lim sifatini baholash huquqiga ega nodavlat tashkilotlarni jalb qilgan holda nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkaziladi;
2-bosqichda — umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi. Bunda:
suhbat o‘tkazish tartibi va mezonlari O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi;
har oylik ustama to‘lanadigan nomzodlarning umumta’lim fanini bilish darajasini hamda kasbiy mahoratini baholash jarayonlari videoyozuvga olinadi;
umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizidan past natija ko‘rsatgan nomzodlar saralashning ikkinchi bosqichiga qo‘yilmaydi;
e) kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi;
j) kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
10. Bir martalik pul mukofotini olish huquqiga ega bo‘lgan ilg‘or xodimlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda ilg‘or xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ishchi guruh tomonidan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziriga taqdim etiladi.
11. Bir martalik pul mukofoti mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida to‘lanadi.
12. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har oylik ustama va bir martalik pul mukofotini olish huquqiga ega bo‘lgan malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
5-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish tartibi
13. Jamg‘armaga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar Jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
O‘z navbatida, Jamg‘arma ushbu mablag‘larni Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan budjetdan tashqari hisobvarag‘i orqali sarflaydi.
14. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
har oylik ustama u belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida;
bir martalik pul mukofotlari ularni to‘lash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining buyrug‘i chiqqan vaqtdan boshlab bir oy davomida to‘lab beriladi.
15. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har oylik ustama olayotgan malakali pedagog kadrlarga bir martalik pul mukofotlarini belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Malakali pedagog kadrlar hamda ilg‘or xodimlarga har oylik ustama va bir martalik pul mukofotlarini to‘lash Jamg‘armada mavjud bo‘lgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
17. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har oylik ustama xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:
malakali pedagog kadrlar xalq ta’limi tizimidagi mehnat faoliyatini tugatgan taqdirda, har oylik ustama to‘lash to‘xtatiladi;
xalq ta’limi tizimidagi mehnat faoliyatini tugatgan malakali pedagog kadrlarga ularning oxirgi ishlagan oyi uchun ustama to‘liq miqdorda to‘lab beriladi.
18. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy xalq ta’limi boshqarmalari) boshliqlari xalq ta’limi tizimidagi mehnat faoliyatini tugatgan malakali pedagog kadrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yozma ravishda taqdim etadi.
Bunda xalq ta’limi tizimidagi mehnat faoliyatini tugatgan pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lagan va bu haqida o‘z vaqtida yuqori turuvchi tashkilotga yozma xabar bermaganligi uchun tegishli tashkilot rahbari javobgar hisoblanadi hamda ushbu to‘lovlar uning hisobidan qoplanadi.
19. Xalq ta’limi tizimida xodimning ish joyi, lavozimi o‘zgargan holda ham uning har oylik ustamasi saqlab qolinadi va belgilangan muddatga qadar to‘lanadi. Bunda ushbu o‘zgarishlar bo‘yicha mazkur Nizomning 18-bandida ko‘rsatilgan tartibda xabar beriladi.
20. Jamg‘arma mablag‘lari Vazirlik tomonidan tegishli hududiy xalq ta’limi boshqarmalarining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari o‘z navbatida mablag‘larni tegishli tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga o‘tkazib beradi.
Bunda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tegishli mablag‘lar xodim faoliyat yuritayotgan tashkilotning g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali to‘lab berilishini ta’minlaydi.
21. Jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan barcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Jamg‘arma hisobidan har oylik ustama va bir martalik pul mukofoti uchun ajratilgan kvotalar asosida nomzodlar saralanmay qolgan yoki mukofot va ustama oluvchi shaxslar soni kvotadan kam bo‘lgan taqdirda, Ishchi guruhning tegishli qaroriga muvofiq kvotalarni qayta ko‘rib chiqish vakolati bilan qo‘shimcha saralash o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.
23. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan nazorat Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi hisobidan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lash
SXEMASI


Yüklə 212,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin