OT So‘z turkumlari orasida ot kategoriyasi o‘zining semantik, morfologik va sintaktik xususiyatlari bilan til qurilishida salmoqli o‘rin tutadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ot turkumiga oid so‘zlar uzoq tarixga ega. Ular jamiyat taraqqiyoti va xalq turmushdagi o‘zgarishlarga mos ravishda tilning ichki imkoniyatlari yordamida rivojlangan. Buni ko‘hna obidalar til xususiyatlarini kuzatish chog‘ida ham ko‘rish mumkin.
Qadimgi turkiy tilda ot turkumiga kiruvchi so‘zlar ko‘p boʻlib, semantik tomondan hozirgi turkiy tillardagi singari xususiyatlarga ega. Qadimgi turkiy tilda ot turkumiga mansub so‘zlar kishi nomlari - antroponim (Bilga qağan), zoonim - hayvon nomlari (qoy, bars, böri), jism nomlari (sub), qavm-qarindosh (qaŋ), astroponim (Ud, Ay) larni ifodalaydi.
Ot egalik, ko‘plik va kelishik affikslarini oladi, boshqa turkumdagi so‘zlardan morfologik va sintaktik usul bilan ot turkumidagi so‘zlar yasaladi.
Ko‘plik kategoriyasi.Qadimgi turkiy tilda ham otlar ko‘plik va birlik shakllarida qo‘llangan. Otlar birlikda qo‘llanganda maxsus ko‘rsatkich bo‘lmaydi. Otlarda ko‘plikni ifodalashning morfologik usuli sermahsuldir. Bular quyidagilardir:
-lar/-lär affiksi: ağïlïqlar “boyliklar, xazinalar”, tapïğčïlar “xizmatchilar”, söŋüklär “suyaklar” (Oltun yorugʻ), beglär – “beklar” (Toʻn), qunčuylar “xonimlar” (KT). Bu shakl runik yodnomalarda faqat otlarga qo‘shilgan bo‘lsa, keyingi davrlarda, chunonchi, moniy, Turfon, uygʻur matnlarida fe’llarga ham qo‘shilib kela boshlagan: bardïlar “bordilar”, berdilär “berdilar”, ögläntürdilär - oʻziga keltirdilar.
Bu qoʻshimcha qadimgi turkiy tilda erkalash, kuchaytiruv, taxmin ma’nolarini ifodalash uchun ham xizmat qilgan: ämräk öküklärim “sevimli bolalarim” (Oltun yorugʻ), yüräkläri – “yuraklari” (TT), qïrq yïllar – qirq yilcha (E).
–t(d). Bu davrda n fonemasi bilan tugagan soʻzlarning koʻpchiligi t ga aylangan holda yasalganini körish mumkin: tarqan (To‘n) – tarqat “tarxonlar” (KT), tegin – tigit “shahzodalar” (Oltun yorugʻ), alpağu (E) – alpağut “botirlar” (Oltun yorugʻ) va h.k. Bu qo‘shimchani olgan so‘zlarga –lar (lär) shakli ham qo‘shilib kelgan. Bu hodisa «Oltun yoruq»da uchraydi: tegitlär, tarqatlar. Mazkur shakl hozirgi mogʻul tillarida bor, yoqut tilida ayrim oʻrinlarda saqlanib qolgan.
-an /-än qo‘shimchasi bilan ham ko‘plik ma’nosi ifodalangan va -an varianti qalin, -än esa ingichka negizga qo‘shiladi: ärän “erlar” (KT), oğlan “bolalar, farzandlar” (E).
Turkiy tillar tarixida ikkilik –z qo‘shimchasi bilan ham yasalgan: ağïz “og‘iz” (TT), köküz “koʻkrak” (Oltun yorugʻ), äkiz “egiz” (E), köz “koʻz” (KT), yüz “ yuz” (TT), biz “biz” (BX), tiz “tizza” (Oltun yorugʻ), müyüz “shox” (TT).