Bashorat qilish«murakkab narsani oddiy narsaga aylantirish»ning oliy darajasini tashkil etadi. Ilmiy bilim taraqqiyoti ilmiy bashorat kuchining o‘sishi va mazkur hodisa chegaralarining kengayishi bilan bog‘liq. Bashorat qilish jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish imkonini beradi. Ilmiy bilish nafaqat kelajakni bashorat qilish, balki bu kelajakni ongli ravishda shakllantirish uchun imkoniyat yaratadi. Har qanday fanning hayot mazmunini shunday tavsiflash mumkin: bashorat qilish uchun bilish, ish ko‘rish uchun bashorat qilish kerak. Masalan, D.I.Mendeleev yuz yil keyin kashf etilgan kimyoviy elementlarning mavjudligini bashorat qilgan edi.
Intuitsiya – haqiqatni mantiqiy dalillar yordamisiz, bevosita anglab etish qobiliyatidir. U doim inson aqli va joni birgalikda amalga oshirgan katta ish mahsuli hisoblanadi. Shu ma’noda faqat iste’dodli, mehnatkash va tirishqoq odamlargina intuitiv bilishga qodir.
Ong shak-shubhasiz mavjud, ammo u mavhum bo‘lib, balki bilvosita – odamlar tili va muayyan faoliyati orqali namoyon bo‘ladi. Binobarin, inson borlig‘ining bu elementlarini tahlil qilmasdan ongning mohiyatini aniqlash mumkin emas. Mazkur tahlil ongning biologik jihatini ham o‘z ichiga oladi, zero uning mavjudligi inson bosh miyasi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. SHu sababli ongning tabiati nafaqat falsafada, balki fiziologiya, psixologiya, sotsiologiya, kibernetika, informatika va boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlarda ham o‘rganiladi.
Ongsizlik sohasi – bu aqldan tashqaridagi ruhiy hodisalar, holatlar va harakatlar majmui, deb hisoblash odat tusini olgan. Bu sohaga, eng avvalo, instinktlar – inson xulq-atvorining uzoq tadrijiy rivojlanish jarayonida hosil bo‘ladigan va har bir mavjudotning hayot funksiyalarini, umuman uning mavjudligini ta’minlashga qaratilgan tug‘ma harakatlari majmui kiritiladi. Ongsizlikni (ong osti) tushunish yanada ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi. Uning mavjudligi avstriyalik mashhur psixiatr Z.Freyd (1856-1939) tomonidan XX asr boshida aniqlagan.
Ongsizlik strukturasiga ong sohasida vujudga kelishi va vaqt o‘tishi bilan ongsizlik sohasiga kirishi mumkin bo‘lgan intuitsiya va avtomatizmlarni ham kiritadilar. Intuitsiya – bu olish yo‘llari va shartlarini anglamasdan, bevosita hissiy kuzatish yoki mushohada yuritish yo‘li bilan olinadigan bilim. Avtomatizmlar– bu avval ong nazorati ostida paydo bo‘lib, uzoq mashq qilish va ko‘p karra takrorlash natijasida ongsiz harakatlar xususiyatini kasb etuvchi insonning murakkab harakatlari. Tush, gipnoz holati, somnambulizm hodisalari, hushsizlik holatlari ham ongsiz harakatlar hisoblanadi.