[
OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.07.00 Mehnat shartnomasi (kontrakt);
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.10.00.00 Ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini (xizmatini) tartibga solishning xususiyatlari / 05.10.05.00 Davlat xizmatchilari xodimlarining mehnatini (xizmatini) tartibga solishning xususiyatlari (shuningdek, 02.06.00.00 ga qarang)]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi direktorining
buyrug‘i
Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir namunaviy talablarni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 13-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3413]
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir namunaviy talablar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2023-yil 30-apreldan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktorning birinchi o‘rinbosari A. XASANOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-dekabr,
3-2022-son
Kelishildi:
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2022-yil 29-noyabr
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2022-yil 6-dekabr
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining 2022-yil 6-dekabrdagi 3-2022-son buyrug‘iga
ILOVA
Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir
NAMUNAVIY TALABLAR
Mazkur Namunaviy talablar ish beruvchi hamda davlat fuqarolik xizmatchisi (bundan buyon matnda Tomonlar deb yuritiladi) o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasiga doir talablarni belgilaydi.
1-bob.
Umumiy qoidalar
1. Davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan shaxs bilan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligi asosida yozma shaklda tuziladi.
2. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi.
3. Mehnat shartnomasida davlat fuqarolik xizmatini o‘tashning asoslari va shartlari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar, shuningdek uni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilishga taalluqli qoidalar ko‘rsatiladi.
4. Mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga va uch yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuziladi.
5. Quyidagilar mehnat shartnomasi Tomonlari hisoblanadi:
ish beruvchi — Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari;
xodim — davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallayotgan shaxs.
2-bob. Mehnat shartnomasining
zarur shartlari
6. Quyidagilar mehnat shartnomasining zarur shartlari hisoblanadi:
xizmatni o‘tash joyi — davlat fuqarolik xizmatchisi shartnomada shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasiga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatini o‘tayotgan joy;
ishning boshlanish sanasi — davlat fuqarolik xizmatchisi mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak bo‘lgan kalendar sana;
egallanayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimining to‘liq nomi;
mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim bo‘yicha ish, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchisiga topshiriladigan ishning aniq turi;
davlat fuqarolik xizmatini o‘tashning asoslari;
davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan davlat fuqarolik xizmatini o‘tashning o‘ziga
xos xususiyatlari;
davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar;
ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar mazkur davlat fuqarolik xizmatchisi uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan bo‘lsa;
davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yo‘riqnomasi;
davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyat samaradorligini baholash;
davlat fuqarolik xizmatida lavozim bo‘yicha ko‘tarilish;
davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazish, shu jumladan rotatsiya tartibida o‘tkazish va xizmat safarlari;
davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish;
mehnatga haq to‘lash
shartlari;
davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarligi;
davlat fuqarolik xizmatchisini huquqiy jihatdan himoya qilish;
davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini tugatish asoslari;
davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq nizolarni hal etish;
Tomonlarning yuridik manzillari va rekvizitlari;
davlat fuqarolik xizmatchisi bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda
mehnat shartnomasining muddati, shuningdek muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar;
xizmatni o‘tash joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari ko‘rsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar davlat fuqarolik xizmatchisi mazkur ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa.
3-bob. Mehnat shartnomasining qo‘shimcha shartlari
7. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasida quyidagi qo‘shimcha shartlar nazarda tutilishi mumkin:
xizmatni o‘tash joyini aniqlashtirish (tarkibiy bo‘linma va uning joylashgan eri ko‘rsatilgan holda) va (yoki) xizmatni o‘tash joyi to‘g‘risida;
davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish chog‘idagi dastlabki sinov haqida;
davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida;
agar o‘qitish ish beruvchining mablag‘lari hisobidan olib borilgan bo‘lsa, davlat fuqarolik xizmatchisining o‘qishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam bo‘lmagan muddatni ishlab berish majburiyati to‘g‘risida;
davlat fuqarolik xizmatchisini qo‘shimcha sug‘urta qilish
turlari va shartlari haqida;
davlat fuqarolik xizmatchisini va uning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan himoya qilish to‘g‘risida;
davlat fuqarolik xizmatchisining ish sharoitlariga nisbatan qo‘llaniladigan uning va ish beruvchining davlat fuqarolik xizmati va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida;
doimiy yoki vaqtincha asosda masofadan turib ishlash, moslashuvchan ish vaqti rejimida, vaqtbay yoki ishbay tizimda ishlash;
oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda uch oydan oshmaydigan va ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar berilishi.
4-bob. Mehnat shartnomasini rasmiylashtirish
8. Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuziladi.
Yozma mehnat shartnomasi Taraflar tomonidan imzolanadi.
Yozma mehnat shartnomasining har bir nusxasi davlat fuqarolik xizmatiga kiruvchi shaxsning va davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari qo‘yilgan holda tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
9. Mehnat shartnomasining bir nusxasi davlat fuqarolik
xizmatchisiga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi.
Bunda, mehnat shartnomasining nusxasi davlat fuqarolik xizmatchisiga uning olganligi to‘g‘risidagi imzosini qo‘ydirgan holda taqdim etiladi.
10. Mehnat shartnomasi davlat tilida tuziladi.
11. Davlat fuqarolik xizmatiga kiruvchi shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlash to‘g‘risida buyruq chiqarish uchun asos hisoblanadi.
5-bob. Mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
12. Mehnat shartnomasining mazmuniga:
davlat fuqarolik xizmatchisining holatini davlat fuqarolik xizmati va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka nisbatan yomonlashtiradigan;
mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
davlat fuqarolik xizmatchisini qonunga xilof harakatlarni yoki ham davlat fuqarolik xizmatchisining, ham boshqa shaxslarning
huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘lmaydi.
13. Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2023-y., 10/23/3413/0023-son)