Reja: Kirish. 1. Investitsiya faoliyatini huquqiy tartibga solishning yaxlit mexanizmi. 2. Investitsion faoliyatni moliyalashtirish manbalari.
3. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy usullari.
Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar.
Kirish. Bugungi kunda davlatning jamiyat hayotida tutgan o‘rni borasida turli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish ko‘zda tutilgan. “Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi”da qayd etilganidek, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda.
Shu boisdan, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda ham mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z vakolatlari doirasida hududdagi investitsiya muhitini yanada takomillashtirish maqsadida istiqbolli investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish borasida tegishli takliflarni ko‘rib chiqish va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash kabi muhim vakolatlar berildi.
Investorlar huquqlarining davlat tomonidan kafolatlashning bunday turi chet el sarmoyadorlari uchun qulay investitsiya muhitini yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga 10 mln. AQSh dollaridan kam bo‘lmagan ekvivalentda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqi berildi. Ilgari esa investitsion shartnomalar faqat hukumat darajasida tasdiqlanar edi.
1. Investitsiya faoliyatini huquqiy tartibga solishning yaxlit mexanizmi. Ma’lumki, mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti bevosita investitsiyalar oqimiga bog‘liq. Bu borada Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni hayotga joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi”.
Darhaqiqat, 2019 yilning o‘zida barcha manbalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Shuningdek, sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati
5,4 milliard dollar bo‘lgan 145 ta tarmoq va 167 ta hududiy loyihalar ishga tushirildi. 2020 yil uchun 1569 ta xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda
233 trillion 200 milliard so‘m, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Investitsiya faoliyatining samarali tashkil etilishi uning huquqiy jihatdan ta’minlanganlik darajasiga ham bog‘liqdir. O‘tgan yillar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun qulay investitsiya muhitini shakllantirish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning samarali faoliyat yuritishi uchun bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Ammo, sohada yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjud. Xususan, amaldagi investitsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Aniqroq qilib aytganda, investitsiya faoliyati va chet el investorlari huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq aksariyat tartib-taomillar tarqoq holda bir nechta qonunlar bilan tartibga solinganligi, aksariyat qoidalarning takrorlanishi, shuningdek ayrim muhim masalalar qonun darajasida emas, balki nizom va yo‘riqnomalar bilan belgilanganligi ular o‘rtasida ba’zi nomuvofiqlik va qarama-qarshiliklarni vujudga keltirayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF-5495 sonli Farmonida belgilanganidek, investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini yanada takomillashtirib tez fursatda hayotga tatbiq etish zarur edi. Dastlab investitsiya sohasidagi yagona hujjat sifatida Investitsiya kodeksi konsepsiyasi ishlab chiqilib muhokamaga qo‘yildi. Keyinchalik loyiha “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun nomini oldi.
Mazkur qonun “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”, “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”, “Konsessiyalar to‘g‘risida”, “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa hujjatlarda, shuningdek bir qator qonunosti hujjatlarda mavjud bo‘lgan normalarni tizimli ravishda o‘zida mujassamlashtirdi.
Shu asosda tayyorlangan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 25 dekabr kuni imzolandi va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.