Matnning pragmadiktal belgilari. Matnda so‘zlovchi nazarda tutgan axborot har doim ham verbal ifoda tarkibida to‘liq ma’noda oshkora bayonga ega bo‘lavermaydi. Ko‘pincha, oshkora bayon qilinmagan, ammo so‘zlovchi ichki maqsadi aks etgan yashirin mazmun ko‘rinishlarini matn mazmuniy strukturasidan ilg‘ab olish tinglovchi, nutq ishtirokchilariga katta mas’uliyat yuklaydi. Buning uchun so‘zlovchi, tinglovchi hamda nutq ishtirokchilari nutq vaziyati va sotsial kontekstdan to‘liq xabardor bo‘lish bilan birga, verbal ifodaning mazmuniy tuzilishidagi nozik ifoda qirralarini anglash uchun o‘sha tilga xos ma’no ottenkalarini bilishi shart.
Har qanday matnda axborot so‘zlovchining ichki maqsadi boshqaruvida ikki mazmuniy ko‘rinishdan iborat bo‘ladi. Bular yoyiq va yig‘iq mazmun shakllaridir. Bunday mazmun shakllari so‘zlovchining kommunnkativ niyati bilan bog‘liq ravishda matnning u yoki bu qismlarida namoyon bo‘ladi. Axborot bayon etishning yoyiq shakllariga xos ifoda imkoniyatlari xilma-xil bo‘lganidek, yig‘iq yashirin ifoda usullari ham turlichadir. Yig‘iq-yashirin axborot kontekstlari turlicha shakllardan iborat bo‘lganligi uchun unga nisbatan lingvistkaga oid nazariy adabiyotlarda «bir umumiy tushunchani ifoda etuvchi umumyashirin («implikatsiya») atamasini qo‘llaydilar.
O‘zbek tilida yashirin mazmun ko‘rinishlari alohida dissertatsion planda tadqiq etilmagan. Presuppozitsiya bilan bog‘liq anchagina ishlar amalga oshirilgan, biroq klassik adabiyot namunalari kuzatilganda, bu yo‘nalishga oid faktik materiallarga nihoyatda boy ekanligimizning guvohi bo‘lindi. Hatto klassik adabiyotning nazariy yo‘nalishiga oid juda ko‘p asarlarda «yoyiq» va «yig‘iq» atamalarning mumtoz shakllari mavjud ekanligi, bularning mumtoz adabiyotda «botiniy» va «zohiriy» atamalar bilan nomlanishn o‘zbek tilida yoyiq va yig‘iq mazmun ko‘rinishlarini tadqiqot obyekti sifatida tanlangani mutlaqo to‘g‘riligini ko‘rsatadi.
Implikativ mazmunning umumyashirin shakllariga xos matnlar tarkibiga matal, ibora, maqol, topishmoq kabilar kiritilib, ularda bayon qilingan yashirin ma’no ko‘rinishlari farosatli va zukko tinglovchilarning barchasi uchun aniq bo‘lishi bilan ajralib turadi. SHuning uchun ham bunday tipdagi yashirin mazmunni umumyashirin mazmun deb yuritish maqsadga muvofiqdir.
Tagma’no. So‘zlovchi nutq predmeti haqidagi axborotni til belgilari yig‘indisi yordamida yuzaga chiqaradi. Bu ifoda semantik tuzilishidagi oddiy xabar mazmunini tashkil etadi. Oshkora (eksplitsit) shakl, asosan, ifoda diktumidan iborat bo‘ladi. Diktum mohiyati propozitsiya mazmuni bilan yana ham o‘zining aniq ma’nosiga ega bo‘ladi. So‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi xususiy munosabat propozitsional mazmun asosidagi diktumning qurshovida bayon qilinada va ba’zida bunday ifodalar yashirin mazmun ko‘rinishi sifatida matn ichiga joylashtiriladi. «Matn ichidagi matn» tushunchasi rus tilshunosligida «podtekst» atamasi bilan nomlanadi. Podtekst atamasi matn, kontekst va nutq atamalari ifodalagan tushunchalar mazmuni bilan bog‘lana olmaydi, ularning varianti sifatida ham qo‘llanmaydi. «Podtekst» atamasi ifodalagan tushuncha mazmuni matn ichidagi «yashirin matn» tushunchasini ifoda etadi. Bu hodisa kommunikatsiya ishtirokchilarining nutqiy faoliyati, individual uslubi va shaxsning ichki his-tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liqdar. «YAshirin matn» tushunchasini aniq anglash va to‘g‘ri tushunish maqsadida biz uni «tagma’no» atamasi bilan nomlaymiz. Tagma’no yashirin ifoda birliklaridan biri bo‘lib, u o‘zining yuqoridagi belgi xususiyatlari bilan lingvistik pragmatikaning markaziy masalalaridan biri deb qaraladi.
Matndagi tagma’no o‘zining yuzaga kelishidagi belgi-xususiyatlariga ko‘ra quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi va nomlanadi (1-shakl).
1-shakl