5.Ekspressiv tagma’no. Ekspressiv tagma’no ko‘rinishlarida
so‘zlovchi nazarda tutgan niyatga uning his-tuyg‘ulari ham qo‘shiladi.
So‘zlovchi propozitsional aktni sodir etar ekan, o‘zi qilgan ishlardan
g‘ururlanish, maqtanish ottenkalari aks etgan yashirin mazmunni propozitsional akt orqali bayon qiladi. Masalan:
Huriniso. - Hammasi ham unib o‘sdi: biri kolxoz raisi, biri rayon madaniyat bo‘limining boshlig‘i, biri deputat... Ha, aytganday, qaysi kuni Hakima kelgan edi, qahramon bo‘lishiga o‘ttiz bir tonna etmabdi. Hurinisoning bu ayollar haqidagi gaplaridan «Men o‘qitgan ayollar mana shunaqa martabalarga erishdi» degan iftixordan ko‘ra ko‘proq, «baribir hammasidan yana o‘zim dono» degan bir g‘urur aks etar edi. (A.Qahhor).
6. Monologik akt ma’no ko‘rinishi. Tagma’noning monologik
nutq tipiga xos ko‘rinishi ham mavjuddir.
«... bosilmag‘uncha Toshkandga kelmasliging maslahatdir!» - bu jumlani o‘qug‘anda, - undov bo‘lsa sira tinchimangiz, - dedi-da iljayib qo‘ydi. (A.Qodiriy).
Bu misolda Otabek «undog‘ bo‘lsa sira tinchimangiz» deyish bilan «o‘zimning ham Marg‘ilondan sira ketgim yo‘q edi, xayriyat» tarzidagi yashirin tagma’no ko‘rinishini ifoda etadi. Ba’zi holatlarda so‘zlovchi nazarda tutgan tagma’noning to‘g‘ridan to‘g‘ri ifodalanishi mumkin bo‘lmay qoladi. Bunga tagma’no qaratilgan adresatning ijtimoiy mavqei yo‘l qo‘ymaydi. SHuning uchun ham bunday vaziyatlarda tagma’no «qizim senga aytaman, kelinim sen eshit» qabilida bayon qilinadi. Tagma’no o‘zining bunday xususiyatiga ko‘ra ikkiga ajratiladi. Tinglovchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltirilgan tagma’no bevosita ifodalangan tagma’no deb yuritiladi. Ikkinchisi esa bilvosita ifodalangan tagma’no deb yuritiladi.
Tagma’no matn semantikasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u bilan mantiqan bog‘langan boshqa qator ma’lumotlar ta’sirida yuzaga chiqadi. Tagma’noning presuppozitsiyadan ajratilishi bular biri ikkinchisi uchun ahamiyatsiz degani emas. Balki presuppozitsiyaning «matn-mazmuniga aloqador va mantiqan bog‘langan matn mazmunidan tashqaridagi ma’lumot»larning darakchisi deb qaraladi.