Geografik tarqalishi. Sug‘oriladigan o‘tloqlarda, daryolar havzasida, botqoqlar atrofida, kanallar va ariq bo‘ylarida, butalar orasida, o‘rmon chetlarida o‘sadi. Ukraina, Belorus, Moldova va Boltiq bo‘yi davlatlarida, Rossiyaning Ovrupo qismining o‘rta va janubiy tumanlarida, Kavkaz, Boshqirdiston, qisman O‘rta Osiyo va Oltoy o‘lkasida uchraydi.
Mahsulot tayyorlash. O‘simlik gullay boshlaganda ildizi bilan birga sug‘urib olinadi. So‘ngra bog‘lam qilib, ildizi chopib tashlanadi. Qolgan er ustki qismini soya erda yoki quritkichda 40–50° S da quritiladi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot o‘simlikning er ustki qismidan (ba’zan ildizoldi to‘pbarglari bo‘lmaydi) tashkil topgan. Poyasi to‘rt qirrali, shoxlanmagan yoki yuqori qismi shoxlangan, yashil yoki sariq-yashil rangli, tuksiz, ichi kovak bo‘lib, uzunligi 10–30 sm, yo‘g‘onligi 3 mm. Ildizoldi to‘pbarglari teskari tuxumsimon, o‘tmas uchli, tekis qirrali, tuksiz, yoysimon joylashgan 5 ta asosiy tomiri bor, uzunligi 4 sm. Poyadagi barglari cho‘ziq tuxumsimon yoki lansetsimon, o‘tkir uchli, tekis qirrali, 3–5 ta parallel joylashgan asosiy tomirli, uzunligi 3 sm, eni 1 sm bo‘lib, poyada bandsiz qarama- -qarshi joylashgan. Gullari qalqonsimon ro‘vakka to‘plangan. Gulkosachasi 5 bo‘lakli, gultojisi uzun, silindrsimon naychali, qizil, 5 bo‘lakka qirqilgan. Otaligi 5 ta, onalik tuguni bir xonali, yuqoriga joylashgan. Mahsulot hidsiz bo‘lib, achchiq mazaga ega.
XI DF ga ko‘ra mahsulot namligi 14 %, umumiy kuli 7 %, 10% li xlorid kislotada erimaydigan kuli 1,5 %, ildizlar (jumladan tahlil vaqtida ajratilgan) 2 %, o‘z rangini yo‘qotgan mahsulot 5%, organik aralashmalar 1 %, mineral aralashmalar 1%, qirqilgan mahsulot uchun 7 mm dan yirik bo‘lgan bo‘laklar 5 %, teshigining diametri 0,5 mm li elakdan o‘tadigan mayda bo‘lakchalari 10 % dan ko‘p hamda mahsulot tarkibidagi ksantonlar miqdori alpizaringa nisbatan hisoblaganda 0,9% dan kam bo‘lmasligi kerak.
Kimyoviy tarkibi. Mahsulot tarkibida 0,6–1% alkaloidlar (asosiy alkaloidi gensianin), gensiopikrin, eritrotsentaurin, sentapikrin (sekoiridoid tipidagi glikozid) va boshqa achchiq glikozidlar hamda sentaurein flavon glikozidi, shuningdek, fenolkarbon (protokatex, oksi-benzoat, ferul va boshqalar), oleanol va askorbin kislotalar, ksantonlar va boshqa moddalar bo‘ladi.
Ishlatilishi. Tillabosh turlarining dorivor preparatlari ishtaha ochish hamda ovqat hazm qilish organlari funksiyasini oshirish uchun ishlatiladi.
Dostları ilə paylaş: |