1-ma’ruza. Kirish. Fanning maqsadi, vazifasi va ahamiyati reja-fayllar.org
Korxona standarti - STP. STP biror korxona uchun qabul qilingan norma, talablar, qoidalar, usullar va boshqalar uchun ishlab chiqiladi, korxona boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi (kuchga kiritiladi, o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi) va uning talablariga itoat etish shu korxona uchun majburiydir.
Dorivor vositalar va dorivor o‘simlik mahsulotlari uchun me’yoriy-texnik hujjatlar Sog‘liqni saqlash Vazirligi tomonidan tasdiqlangan soha standarti OST 42-1-71 «Dorivor vositalar va dorivor o‘simliklar mahsulotlariga me’yoriy--texnik xujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartiblari» ga binoan tuziladi. Me’yoriy-texnik xujjatlar dorivor vositalar sifatini doimiy ravishda yaxshilanishini ta’minlashi kerak hamda o‘z talablarini fan va texnika yutuqlari asosida doimo mukammallashtirishi lozim.
Dorivor vositalar va dorivor o‘simliklar mahsulotlariga ishlanadigan me’yoriy-texnik hujjatlar quyidagilar: Davlat standartlari - GOST, farmakopeya maqolasi - FS, vaqtincha farmakopeya maqolasi – VFS va soha standarti - OST.
OST – ilmiy-texnik atamalar, umumiy texnik hujjatlar, texnologik normalar, qabul qilish qoidalari, belgilash - markalash, saqlash, transportlarda jo‘natish qoidalari va boshqalarga tuziladi.
GOST - ko‘p miqdorda ishlab chiqariladigan hamda xalq ho‘jaligining hamma tarmoqlarida ishlatiladigan o‘simlik mahsulotlari uchun tuziladi va Gosstandart tomonidan tasdiqlanadi.
FS - Sog‘liqni saqlash Vazirligi tomonidan tibbiyot sohasida ishlatishga ruhsat etilgan, ko‘plab, seriyalab ishlab chiqariladigan dorivor vositalar va dorivor o‘simliklar mahsulotlariga tuziladi, hamda Sog‘liqni saqlash Vazirligining Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasining boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
VFS –Sog‘liqni saqlash Vazirligining Farmakologik qo‘mitasi tomonidan tibbiyot sohasida ishlatishga tavsiya etilgan, keyinchalik ko‘plab chiqarishga mo‘ljallangan yangi dorivor vositalarning sanoatda birinchi chiqarilgan nushalari va dorivor o‘simliklarni yangi turlariga tasdiqlanadi. VFS qisqa, lekin 3 yildan ziyod bo‘lmagan muddatga tasdiqlanadi.
FS va VFS lar davlat standartlariga (GOST ga) tenglashtirilgan. SHuning uchun barcha dorivor vositalar va dorivor o‘simliklar mahsulotlarini ishlab chiqaradigan, nazorat qiladigan va ishlatadigan hamma korxona, muassasalar va idoralar FS va VFS talablariga itoat etishlari majburiydir.
Qadimdan keng miqyosda ishlatib kelinayotgan, kasalliklarni davolashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘z qimmatini yo‘qotmaydigan dorivor vositalar va dorivor o‘simliklar mahsulotlariga tuzilgan farmokopeya maqolasi Davlat farmakotseyasidan o‘rin oladi. Davlat farmakopeyasida bulardan tashqari yana turli maqolalar (fizik, fiziko-kimyoviy, kimyoviy va biologik tahlil usullari, dorilarni tahlilida ishlatiladigan reaktivlar, indikatorlar, asboblar, idishlar va boshqalar to‘g‘risida) bo‘lib, ular qonuniy kuchga ega. SHuning uchun Davlat farmakopeyasining dorivor vositalar va dorivor mahsulotiga bulgan talablarini bajarish ularni ishlab chiqaruvchi, nazorat qiluvchi, saqlovchi va ishlatuvchi korxona, muassasa va idoralarga majburiydir.
Davlat farmakopeyasi va farmakopeya maqolasi vaqti-vaqti bilan qaytadan ko‘rib chiqiladi va yangidan tasdiqlanadi, eskilari esa o‘z kuchini yuqotadi.
Dorivor o‘simliklar mahsulotlariga tuzilgan hamma me’yoriy-texnik hujjatlar (FS, VFS, GOST va boshqalar) bir xil tuzilishga ega hamda ularda keltirilgan ma’lumot ham bir xil tartibda bayon etilgan.
Maqolaning sarlavhasida dorivor o‘simlik mahsulotining lotin, o‘zbek va rus tilida nomi beriladi.
Kirish qismida mahsulotni qanday o‘simlikdan (yovvoyi holda o‘sadigan yoki o‘stiriladigan) va qachon tayyorlanganligi (yig‘ish davri yoki o‘simlikning o‘sish fazasi), o‘simlik va oilasining o‘zbekcha, ruscha hamda lotincha nomlari keltiriladi.
So‘ngra FS ning bo‘limlari boshlanadi:
«Tashqi belgilari» bo‘limida butun, qirqilgan, kukun (poroshok) holidagi mahsulotga hos bo‘lgan morfologik belgilar hamda mahsulotning rangi, hidi va mazasi (zaharli bo‘lmagan mahsulotlar uchun) beriladi.