Bozulbang guli - Flores Lagochili O‘simlikning nomi. Gangituvchi bozulbang(lagoxilus)- Lagochilus inebrians Bge.;yasnotkadoshlar - Lamiaceae (labguldoshlar- Labiatae) oilasigakiradi.
Ko‘p yillik, bo‘yi 20-60 sm ga etadigan o‘t o‘simlik. Poyasi sershox, ko‘tariluvchi, asos qismi yog‘ochlangan, to‘rt qirrali bo‘lib, qattiq bezli tuklar bilan qoplangan. Bargi oddiy, uch-besh bo‘lakka qirqilgan, poyada bandi bilan qarama-qarshi joylashgan. Gullari pushti rangli, poyada va shoxlarida yarim halqa shaklida joylashgan. Mevasi – 4ta yong‘oqcha.
Iyun-sentyabr oylarida gullaydi.
Geografik tarqalishi.O‘zbekiston va Tojikiston respublikalarida yarimcho‘l va shag‘alli qiya tog‘ bag‘irlarida o‘sadi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida uchraydi.
O‘simlik Sobiq Ittifoq va O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan. SHuning uchun mahsulot yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklardan tayyorlanmaydi, faqat ekilgan plantatsiyalardan yig‘iladi.
Mahsulot tayyorlash.O‘simlik qiyg‘os gullaganida poyasi o‘rib olinadi(bu vaqtda poyadagi pastki barglar qurib, to‘kilib ketadi) va quritiladi. O‘simlik qurigandan so‘ng uni silkitib, gullari va qisman bargi yig‘ib olinadi. Poyasi tashlab yuboriladi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot gul va qisman bargaralashmasidan iborat. Bozulbang o‘simligining guli qiyshiq bo‘lib, labguldoshlarga xos tuzilgan. Guloldi barglari uch qirrali, qattiq bo‘ladi. Gulkosachasi voronkasimon kengaygan, 5 ta tomirli va 5 tishli, uzunligi 5-6 mm ga teng, tikansimon o‘tkir uchli. Gultojisi och pushti rangli, ikki labli, otaligi 4 ta, onalik tuguni 4 bo‘lakli, yuqoriga joylashgan. Bargi 3-5 bo‘lakli, qisqa bandli, tukli, asos qismi toraygan romb shaklida bo‘lib, barg bo‘laklarining cheti bir oz tishsimon qirrali bo‘ladi.
Mahsulot tarkibida lagoxilin miqdori 0,5 % dan kam, namligi 13 % dan, umumiy kuli 11% dan, o‘simlikning boshqa, mahsulot hisoblanmagan qismlari 3 % dan, teshigining diametri 1 mm elakdan o‘tadigan maydalangan qismi 2 % dan, organik aralashmalar 1 % dan va mineral aralashmalar 1 % dan oshmasligi kerak.