3.Mashqlar bajarish; (Talabalar mashqlarni sharti asosida navbat bilan bajaradilar va javoblarning to‘liq va mukammal bo‘lishi o‘qituvchi va talabalar tomonidan qatьiy nazoratga olinadi.)
247-mashq. O‘qing. Fe’l zamonlarini aniqlang. Yaqin va uzoq o‘tgan zamon fe’li ishtirok etgan gaplarni ko‘chirib, zamon ma’nosinn ifodalovchi affiks tagiga to‘g‘ri, tuslovchi (shaxs-son) affiks tagiga to‘lqinli chiziq chizing. I. Har faslning o‘z quvonchi bor. Qish ham kattadan-kichik hammaga bir olam shodlik baxsh etadi. Ikki kundan buyon muzdekkina qish farishtasi shahar ustida kezib, elagini silkitar, quloq-burni qizargan odamlar “Yangi yilbop qor bo‘lyapti-da”, deb kulishar, havoda musaffo chilla isi kezar edi. Kinoteatrlar, madaniyat saroylarida ta’tilga chiqqan bolalarning kulgisi yangraydi. Katta maydonlarda archalar bezatildi.
Yilning so‘nggi oqshomida Toshkent yashnab ketdi. Katta binolar peshtoqida son-sanoqsiz lampochkalar marjoni porladi, archalar nurga belandi. Oziq-ovqat magazinlari tirband bo‘lib ketdi. Sumka, to‘rxalta ko‘targan odamlar uy-uyiga shoshishar, tanish-bilishlarini ko‘rib, bayram bilan qutlashar edi. (O‘. Hoshimov) II. 1. U sultonning o‘ng qo‘li ekanligini ta’kidlamaslik uchun jo‘rttaga boshqalardan keyinroq kelgan edi. Har vaqtdagidek u o‘zini kamtar va xushmuomala tutdi. (L. Batь.) 2. Onaning dili o‘g‘lining yuziga tepib chiqqan alamli norozilikni darrov sezgan edi. (S. An.) 3. Tug‘ilib o‘sgan shahrini u allaqachon tark etgandi. (L. Batь.) 4. Odamlarning ko‘ziga tushmaslik uchun kun bo‘yi yong‘oqzorda dam olishib, namozgarda yana yo‘lga tushishgan. (O. Yo.)
248- mashq. O‘qing. O‘tgan zamon fe’li shakllarini aniqlang; o‘tgan zamon hikoya, o‘tgan zamon davom, o‘tgan zamon maqsad fe’llarini guruhga ajratib yozing. 1. Lashkar qirg‘oqqa joylashdi. (L. Batь.) 2. Iskandar hind podshohini o‘ziga bo‘ysundirmoqchi, o‘z dini va hukmronligini unga qabul ettirmoqchi bo‘ldi. (“Kalila va Dimna”dan) Zo‘r bir mardlik qilibsan, Lekin bekor kelibsan. (H. O.) Seni deya qavmu qarindosh Ixtiyorim olgan ekanlar Va kishanga solgan ekanlar. (H. O.) 5. Vaholanki, siz, xotin kishining topgani nima bo‘lardi, xotini boqayotir, degan isnodga tobim bor ekanmi, deb firoq qilib yurgan emishsiz. (A. Muhiddin.) 6. O‘z rolingni tushunibsan g‘oyat haqqoniy. (H. G‘.) 7. Botirjonni otasi podshoning eng usta qilichbozlaridan biriga shogird qilib beribdi. U ustozidan qilichbozlikni, yoyandozlikni va nayzabozlikni ham, kurash tushishni ham o‘rganibdi. («Gulpari».) 8. Yaqindagina dam olib olgan navkarlar safar daragini eshitib quvonar edilar. Navkarlar sovutlarini yarqiratib tozalashar, naqsh solib egarlarini tartibga solishardi. (L. Batь.)