Suhbat metodi. Suhbat – bevosita muloqot jarayonida o‘quvchilar psixik xususiyatlarini aniqlash metodikasi bo‘lib, o‘qituvchi oldindan tayyorlab qo‘ygan savol asosida o‘zi uchun kerakli bo‘lgan informatsiyani olish imkoniga ega.
Suhbat metodikasi yordamida inson xarakteri xususiyatlari, xatti-harakati motivlari, hayotining turli tomonlariga uning bahosi, biografiyasining asosiy faktlari va unga bo‘lgan munosabatlarni aniqlash mumkin.
Suhbat metodi ma’lum qoidalarga asoslanishi lozim.
1. Suhbat tasodifiy emas, rejali bo‘lishi kerak.
2. Suhbat boshida o‘quvchi qiziqadigan mavzuda gaplashish kerak.
3. Suhbat boshlanishida biografik xarakterdagi savollar berilmasligi kerak.
4. Savollar tushunarli, Yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda berilishi kerak.
Suhbat metodining ijobiy tomoni – o‘quvchi bilan bevosita muloqatda bo‘lish, uning reaksiyalarini hisobga olish imkoni, qo‘shimcha, to‘ldiruvchi savollar berilishi mumkinligidir. SHuni ham nazarda tutish kerakki, suhbatdan biz ob’ektiv fakt emas, balki kishining sub’ektiv fikrini olamiz.
Faoliyat mahsulini tahlil qilish metodi.O‘quvchilar yozgan inshoga qarab, o‘qituvchi uning adabiy qobiliyatini, so‘z boyligi, rivojlanish darajasi, obrazli tafakkuri haqida xulosa chiqarishi mumkin. Xuddi Shuningdek, matematikadan yozma ish, chizmachilikdan topshiriq natijalariga qarab o‘quvchining individual psixik xususiyatlari, qobiliyatlari, mehnat malakalari haqida ma’lumot to‘plash mumkin.
Diagnostik metodlar: Bu metodlar shaxsning u yoki bu xususiyatlarini shunchaki ta’riflash emas, balki bu xususiyatlarni o‘rganish asosida sifat va miqdor jihatdan xarakteristika berish imkoniyatiga ega.
Diagnostika metodlariga turli xil testlar kiradi.
Test metodi yordamida kishining aqliy qobiliyatlari darajasi aniqlanadi, inson holati va ularning xususiyatlari belgilanadi, shaxsning strukturaviy sifatlari – o‘z-o‘zini baholash, emotsional barqarorlik, muammoga engil kirisha olishi o‘rganiladi.
Test inglizcha (test) so‘z bo‘lib, sinab ko‘rish, tekshirish ma’nosini bildiradi. Test tekshiruvchiga taqdim etiladigan topshiriqlar tizimi bo‘lib, uning natijasida standartlashtirilgan o‘lchov o‘tkaziladi. Test asosan individlar o‘rtasidagi farqlarni yoki turli sharoitlarda ular ko‘rsatadigan reaksiyalar o‘rtasidagi farqlarni o‘rganish uchun mo‘ljallangan.
Yosh va pedagogik psixologiyada test guruhlarning ijtimoiy psixologik xususiyatlarini, guruhiy holatlarning namoyon bo‘lish darajasini o‘rganish uchun ham qo‘llaniladi. Test guruhlarni ijtimoiy-psixologik xarakteristikalari asosida differensiatsiya qilish maqsadlariga xizmat qiladi.
Testning standartlashtirilishi vazifalar bajarilishini baholash va uni o‘tkazishning bir xildagi jarayonlarni hosil qilishdan iborat. Bu esa test o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan, o‘rganilishi talab qilinadigan katta sonli reprezentativ sinaluvchilarda (2-3 ming) testni o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Test standartlashtirilishi 2 bosqichda o‘tkaziladi. 1 – bosqichda testni qo‘llash yo‘riqnomasi shakllanadi: topshiriqlar tanlanadi, uni o‘tkazish uchun ko‘rsatmalar ishlab chiqiladi, sinaluvchiga beriladigan yo‘riqnoma tuziladi va testni o‘tkazishning boshqa masalalari ko‘rib chiqiladi. 2 – bosqichda normalar aniqlanadi, ya’ni test natijalarini baholash uchun boshqa individlar yoki guruhlar natijalari bilan solishtirish uchun normalar tizimi belgilanadi.
Testning ishonchliligi – shu test qayta o‘tkazilganda (aynan shu tekshiruvchilarda) olingan ma’lumotlarning bir-biri bilan mos kelishi. Ishonchlilikni baholashning asosiy ko‘rsatkichi korrelyasiya koeffitsenti.
Testning validligi – test qanday maqsadda yaratilgan bo‘lsa, o‘sha maqsad uchun qo‘llaniladi.
Qo‘llanilish sohasiga qarab:
Intellekt testlari.
Maxsus qobiliyatlarni aniqlash va yutuqqa erishish testlari.
SHaxs xususiyatlarini aniqlash testlari.
Qiziqishlar, ustanovka, qadriyatlarni aniqlash testlari.
SHaxslararo munosabatlar diagnostikasi uchun mo‘ljallangan testlar farqlandi.
Masalan, shaxslararo munosabatlarni va shaxs sifatlarini diagnostika qilish uchun ko‘pincha amerikalik psixolog T. Liri tomonidan yaratilgan metodika qo‘llaniladi. Bu metodik so‘rovnoma bo‘lib, 128 ta punktdan iborat. Sinaluvchi o‘zi va atrofidagilarda muayyan hislatlarning mavjudligini, Shuningdek, o‘zida va sheriklarida bo‘lishini xohlaydigan sifatlarni ko‘rsatadi. Natijalar qayta ishlangach, tadqiqotchi sinaluvchining shaxsi, yo‘nalishini aniqlab va shu asosda shaxslararo o‘zaro ta’sirni prognoz qilishi mumkin.
SHunday qilib, testlar – bu maxsus metodlar bo‘lib, u yoki bu ijtimoiy psixologik hodisa qisqa muddat ichida tekshiriladi. Testlar asrimizning boshlarida kashf qilingan bo‘lib, ular 20 – 30 yillarda hayotga, amaliyotga shiddat bilan kirib keldi. Natijada maxsus soha – psixometrika yuzaga keldi. Testlarni qo‘llashning qulayligi shundaki, bir test yordamida ma’lum shaxsning u yoki bu xususiyatlarini bir necha marta, takroran sinab ko‘rish mumkin.