Psixologik tadqiqotlar natijalarini matematik- statistik qayta ishlash metodlari Tadqiqotdan olingan ma’lumotlarni (miqdoriy) tahlil qilish va tavsiflashga kirishishdan avval ularni umumlashtirish, bir tizimga solish va ixcham shaklga keltirish zarur. Buning uchun esa matematik statistika tushunchalarini albatta bilish va ular bilan ishlay olish talab qilinadi.
Odatda o‘lchov natijalarini aks ettiruvchi sonlar statistikada variantlar deb ataladi va bilan belgilanadi. Barcha o‘lchovlar, ya’ni o‘sib borish yoki kamayish tartibida joylashgan o‘lchovlar variatsion qatorni tashkil qiladi. Variatsion qator tarkibida takrorlanadigan o‘lchovlar soni chastota deyiladi.
Masalan, tadqiqotchi “Sening fikr va qarashlaring sinfdoshlaringniki bilan ko‘pincha mos keladimi? ” kabi anketa savoliga 36 o‘quvchidan javob olingan deylik. Bunda 5 xil javob ko‘zda tutilgan : “har doim”, “ko‘pincha”, “ba’zida”, “kamdan-kam”, “hech qachon”. Agar har 1 javob varianti uchun son belgisi berilsa (“har doim ” – 5, “ko‘pincha” – 4, “ba’zida” – 3, “kamdan-kam” – 2, “hech qachon” – 1)
Hamda sonlarning kamayib borish tartibi bo‘yicha bir qatorga joylashtirilsa, biz quybdagicha variatsion qatorga ega bo‘lamiz:
555555444444444333333333333222222211
Olingan ma’lumotlarni qayta ishlash oson bo‘lishi uchun jadval shakliga keltiramiz:
1.5. Psixologik tadqiqotni o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar 1. Tadqiqotlarni tashkil qilish tekshiruvda qo‘llaniladigan metod va metodikalarni tanlash hamda sinab ko‘rishni (pilotaj tekshiruv) o‘z ichiga oladi. Tadqiqotga tayyorgarlik jarayonida tekshiriluvchilar va ularning soni aniqlanadi.
Tadqiqot metodi – bu tadqiqotchini qiziqtirgan ma’lumotni qo‘lga kiritish yo‘li, vositasi.
Tadqiqot metodikasi – bu psixik jarayonlar va ularning xususiyatlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun ishlatiladigan qonkret usul va vositalar majmui.
2. Tadqiqot o‘tkazish joyi turli xil tashqi shovqinlardan holi bo‘lishi, shu bilan birga sanitariya- gigiena qoidalariga javob berishi lozim. Majbur qilmaydigan ish holati ta’minlanishi kerak.
3. Tadqiqotning texnik ta’minlanishi hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga mos tushishi kerak.
4. Sinaluvchilarni sifat jihatidan bir xil qilib tanlash zarur.
5. Tadqiqotchi tadqiqotning borishiga, uning barcha bosqichlarini o‘tkazishga ta’sir etadi (rejalashtirishdan, to xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishgacha).
6. Yo‘riqnoma yoki ko‘rsatma tadqiqot boshlanishidan oldin, tayyorgarlik bosqichida tuziladi. U aniq, qisqa va bir ma’noli bo‘lishi lozim.
7. Tadqiqot natijalari bayonnomalarda qayd etilib, u bir vaqtning o‘zida ham to‘la, ham maqsadga qaratilgan bo‘lishi kerak.
8. Tadqiqotdan olingan ma’lumotlar sifat va miqdor jihatdan analiz, sintez qilinishi, ya’ni qayta ishlanishi zarur.
Psixodiagnostik metodikalarga qo‘yiladigan talablar:
Psixodiagnostik metodikalar qo‘llanilishidan oldin yuqori sifat va samaradorligini ko‘rsatuvchi mezonlar asosida tekshiruvdan o‘tkazilishi zarur.Psixodiagnostik metodikalarni baholashning asosiy mezonlari sifatida ishonchlilik va validlik olinishi mumkin.
Psixodiagnostik metodikalar ishonchliligi – psixodiagnostik metodikaning sifati bo‘lib, u ushbu metodika yordamida etarlicha barqaror natijalarga erishish imkoniyati bilan belgilanadi.
Metodikaning ishonchliligi – natijalar barqarorligi va takrorlanishini ko‘rsatuvchi mezon. A.Anastazi agar bola hafta boshida intellekt testi bo‘yicha 110 ga teng ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, hafta oxirida bu ko‘rsatkich 80 ga teng bo‘lsa, bunday metodikaga ishonch bilan qarash mumkin emasligi haqida yozgan. Ishonchli metodikalarni qayta o‘tkazish o‘xshash natijani ko‘rsatishi kerak. Ozgina o‘zgarish bo‘lishi mumkin, lekin ular unchalik ahamiyatli bo‘lmasligi kerak.
Metodikalar ishonchlilik darajasi bir qancha sabablarga bog‘liq. Tadqiqot natijalari aniqligini pasaytiruvchi omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
- diagnoz qilinayotgan sifatning stabil, barqaror emasligi;
- diagnostik metodikalarning takomillashmagani (ko‘rsatma xato tuzilgan, topshiriqlar xarakteri jihatidan har turdaligi, tekshiriluvchiga metodikani taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatmalarning noaniqligi);
- tadqiqot vaziyatining o‘zgarishi (kunning har xil vaqtida tekshiruv o‘tkazilishi, xonaning turlicha yoritilishi, begona shovqinlarning bor yoki yo‘qligi);
- eksperimentator xulq-atvori, gapirish ohangining o‘zgarishi (bir tajribada boshqacha ko‘rsatma, boshqasida uni o‘zgartirib berishi; topshiriqning bajarilishini turlicha stimullashtirishi);
- tekshiruvchi funksional holatidagi o‘zgarishlar (o‘zini his qilishi yaxshi bir eksperimentda, boshqasida charchash holatida bo‘lishi);
- natijalarni sharhlash va baholashda sub’ektivlik.
Psixodiagnostik metodikalar ishonchliligini tekshirish yo‘llaridan biri standartlashtirish, metodika o‘tkazish muolajasini va uning natijalarini baholashning yagona talablarini ishlab chiqish.
Metodikani baholashning yana bir muhim mezoni validlik hisoblanadi. Ishonchlilik aniqlangach, metodikaning validligi masalasi ko‘rib chiqiladi. Chunki ishonchli bo‘lmagan metodika validligi yuqori metodika bo‘la olmaydi.
Metodika validligi – metodika yordamida olingan ma’lumotlarning nimani aniqlashga qaratilganligi, ya’ni metodika mohiyati bilan mosligi.
Validlik – metodikaning samaradorligi, amaliy foydasini ko‘rsatuvchi mezon.
Reprezentativlik – tanlanmaning sinaluvchilar bosh majmui xarakteristikalarini ko‘rsatuvchi xususiyati.
Shuningdek, Akimova M.K., Gurevich E.M. bo‘yicha hozirgi zamon psixologiyasida mavjud bo‘lgan vositalarni sifat darajasiga ko‘ra 2 guruhga bo‘lish mumkin:
formallashgan metodikalar
kam formallashgan metodikalar
1 – guruh metodikalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
- testlar;
- so‘rovnomalar;
- proektiv texnika metodikalari;
- psixofiziologik metodikalar;
Ular uchun xarakterli jihatlar:
aniq reglamentatsiya;
tadqiqot yoki tekshiruv jarayonining ob’ektivizatsiyasi (ko‘rsatmaga to‘g‘ri amal qilish, stimul materialini namoyish qilishning qat’iy usullari. Sinaluvchi faoliyatiga tadqiqotchining aralashmasligi);
standartizatsiya (ya’ni diagnostik eksperiment natijalarini qayta ishlash va taqdim etishning qabul qilingan tartibi joriy etilishi);
ishonchlilik;
validlik
Ushbu metodikalar nisbatan qisqa vaqt ichida diagnostik axborotni qo‘lga kiritish hamda individlarni o‘zaro miqdor va sifat jihatidan taqqoslash imkoniga ega.
Kam formallashgan metodikalarga :
- kuzatish;
- suhbat;
- faoliyat mahsulini tahlil qilishni kiritish mumkin.
SHuni ta’kidlash va inobatga olish zarurki, kam formallashgan metodikalarni o‘tkazish katta mehnatni talab etadi (masalan, sinaluvchini kuzatish ba’zida oylab davom etishi mumkin) va ko‘p jihatdan tadqiqotchining psixologik tayyorgarligi va professional tajribasiga asoslanadi. Psixodiagnostik suhbat, kuzatuvlarning yuksak madaniy darajasida o‘tkazilishi tekshiruv natijalariga tasodifiy omillar ta’siridan saqlash mumkin.
Kam formallashgan diagnostik metodikalarni formallashgan metodikalarga qarshi qo‘yish mumkin emas. Odatda ular o‘zaro bir-birini to‘ldiradi. To‘laqonli diagnostik tadqiqotda ikkala turdagi metodikalarni garmonik, uyg‘unlashgan holda qo‘llash zarur. Masalan, test yordamida ma’lumot to‘plashdan avval sinaluvchi bilan tanishish (tarjimai holi, moyilliklari, faoliyat motivatsiyasi haqidagi axborot) bosqichi o‘tkaziladi. Bunda intervyu, suhbat, kuzatishdan foydalaniladi.
Kam formallashgan metodikalar – qo‘llashning qat’iy, aniq qoidalariga ega bo‘lmagn metodikalar. Ular ko‘proq psixodiagnostikaning psixologik intuitsiyasi va nisbiy tajribasiga bog‘liq.
Formallashgan metodikalar – aniq shakldagi qoidalarga qat’iy amal qilishni talab qiladigan metodikalardir