1 Мавзу: «Бозор инфратузилмаси иктисодиёти» фанининг предмети ва вазифалари



Yüklə 1,44 Mb.
səhifə7/20
tarix23.10.2017
ölçüsü1,44 Mb.
#11693
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20

Foydalanilgan adabiyotlar:


1. Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. -T: «O‘zbekiston», 2009

2. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. -T. «O‘zbekiston», 1995

3. Хodiyev B.Yu., Bekmurodov A.Sh., G‘ofurov U.V., To‘хliyev B.K. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma. -T.: Iqtisodiyot, 2009

4. Nurmatov N.J. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz qishloq infratuzilmasining rivojlantirilishi. Toshkent, «Meriyus», 2010

5. Salimov B.T., O‘raqov N.I. Qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi iqtisodiyoti. -T. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004

5-Mavzu: Bozor infratuzilmasida birjalar va ularning faoliyati.

Reja:


1. Birjalar faoliyatining mohiyati va ahamiyatii.

2. Birjalar turlari va ularning faoliyat yuritish mexanizmi.

3. Mamlakatimizda birjalar faoliyatini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar.

1. Birjalar faoliyatining mohiyati va ahamiyati.
Jahon xo‘jalik aloqalarining rivojlanishi ma’lum tartib-qoida asosida doimiy faoliyat yurituvchi ulgurji bozorlar - birjalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida amalga oshayotgan savdo jarayonlarida birjalar muhim o‘rinni egallaydi.

Birjalar – ma’lum qoidalar asosida doimiy faoliyat yurituvchi tartibli bozordir. Uning o’ziga xos xususiyatlaridab biri – savdoda sotilayotgan va sotib olinayotgan tovarning o’zi ishtirok etmasdan, balki uning namunasi va tovarning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning bo’lishi yetrli bo’ladi.

Birjalar unda sotilayotgan tovarlarga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:

tovar birjasi, fond birjasi va valyuta birjasi.

Dastlabki tovar birjalari XVI asrda Yevropada (Antverpen, London, Lion, Tuluza) paydo bo’lgan. 1593-yilda tashkil topgan Antverpen birjasi o’zining doimiy faoliyat yuritish uchun binosiga ega bo’lgan va unga kiraverishda ”In usum negotiatorum cujuscunque nationis ac linguae”, ya’ni ”Barcha xalqlar va elatlar savdo ahli uchun” deb yozib qo’yilgan. Agar G’arbiy Yevropada birjalar ishbilarmonlarning tashabbuslari orqali tashkil topgan bo’lsa, Rossiyada u 1705-yilda imperator Pyotr I ning farmoniga ko’ra tashkil topgan. AQShda esa dastlabki birjalar XIX asrning boshida paydo bo’lgan.

Bozor munosabatlarining rivojlanishi, transport va aloqa vositalarining takomillashuvi natijasida birjalarning soni va ularda sotiladigan tovarlar assortimentining qisqarishiga olib keldi. Agar birjalar faoliyatining dastlabki davrida ularda 200 dan ortiq tovarlar savdosi amalga oshgan bo’lsa, hozirgi davrda ularning soni 70 dan ortiqni tashkil etmoqda. Tovarlar xalqaro savdosining taxminan 15-20 foizi ularning hissasiga to’g’ri keladi.

Birjalarda sotiladigan tovarlarni quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:

a) energetik xomashyo – neft, dizel yoqilg’isi, benzin, mazut, gaz va hokazo;

b) rangli va qimmatbaho metallar – mis, alyuminiy, qo’rg’oshin, nikel, oltin, kumush, platina va hokazo;

d) don mahsulotlari – bug’doy, makkajo’xori, sholi, arpa va hokazo;

e) moyli ekinlar urig’i va ularni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar – paxta moyi, soya, soya moyi va boshqalar;

f) tirik hayvonlar va go’sht – yirik shoxli qoramol, cho’chqa va hokazo;

g) oziq-ovqat sanoati va konditer mahsulotlari – shakar, qand, kofe, kakao, kartoshka, shirinliklar, tuxum, yeryong’oq va hokazo;

h) to’qimachilik xomashyosi – paxta tolasi, tabiiy va sun’iy ipak, jun va hokazo;

i) sanoat xomashyosi – kauchuk, yog’och va boshqalar.

Eng yirik birja markazlari AQSh, Angliya va Yaponiyada joylashgan. Jami birja tovar aylanmasining 90 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to’g’ri keladi.




2. Birjalar turlari va ularning faoliyat yuritish mexanizmi.
Sotilayotgan va sotib olinayotgan tovarlar nomenklaturasiga qarab birjalarni universal va ixtisoslashgan birjalarga bo’lish mumkin. Universal tovar birjalarida keng assortimentdagi tovarlar savdosi amalga oshiriladi. Masalan, Chikago tovar birjasida yirik shoxli qoramollar, cho’chqalar, yog’och, oltin, qimmatli qog’ozlar va xorijiy valyutalar savdosi amalga oshiriladi. Tokio tovar birjasida esa oltin, kumush, platina, kauchuk, paxta tolasi va jun savdosi amalga oshiriladi. Ixtisoslashgan birjalarda esa tor doiradagi tovarlar guruhi savdosi amalga oshadi. Masalan, London metall birjasi, Nyu York paxta birjasida, Nyu York kofe, shakar va kakao birjasi, Minneapolis (AQSh) don birjasi, London xalqaro neft birjasi va boshqalarda bir guruhga kiruvchi tovarlar oldi-sotdisi amalga oshadi.

Tovarlar turlari bo’yicha birja savdolarining quyidagi markazlari mavjud:

- paxta tolasi – Aleksandriya, San-Paulu, Bombey, Sidney;

- sholi – Milan, Amsterdam, Rotterdam;

- jun – Antverpen, Melburn, Sidney, Rube (Fransiya);

- kofe – Parij, Rotterdam, Gavr, Gamburg, Amsterdam.

Birjalar jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy birikuvidan tashkil topadi. Birjalarning tashkiliy-huquqiy ko’rinishi odatda yopiq turdagi hissadorlik jamiyati ko’rinishida tashkil topadi.Xalqaro birjalarni tashkil etishda xorijiy kapital muhim rol o’ynaydi. Masalan, London metall birjasining ringida faoliyat yuritayotgan 80 foiz a’zolari Angliyaga tegishli bo’lmagan tegishlidir. Biror birja tovari oldi-sotdisi bo’yicha yetakchi bo’lgan ko’pgina yirik kompaniyalar bir vaqtning o’zida bir necha birjalar a’zolari hisoblanishadi.

Birjalarda ta’sischilar umumiy yig’ilishidan keyin turuvchi oliy boshqaruv organi – maxsus saylangan organ (direktorlar kengashi, boshqaruv kengashi) bo’lib, unga qo’mitalar, ijroiya organlari va xodimlar bo’ysunadi.

Biror tovar xalqaro savdosi bo’yicha markaz sifatida tan olingan xalqaro tovar birjalari quyidagi funksiyalarni bajaradi:

a) tovarga kunlik bahoni belgilash. Xalqaro tovar birjalaritagi savdolar natijalari zamonaviy axborot vositalari yordamida zudlik bilan butun dunyoga ma’lum bo’ladi va bu ushbu tovarlar bahosi shakllanishiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Xalqaro tovar birjalari tovar turlari bo’yicha talab va taklif munosabatini aniqlab beruvchi indikator hisoblanadi.

b) xedjirlash. Bu kelgusida sotiladigan va sotib olinadigan tovarlar bahosini sug’urtalashning shakli bo’lib, bunda tovarlar fyuchers va opsionlar orqali savdo qilinadi.

d) tovarni yetkazib berish kafolati (shartnoma bo’yicha majburiyatlarni bajarish kafolati). Sotilgan va sotib olingan tovarlarni yetarli miqdorda birjalarning omborlari orqali yetkazib berish imkoniyati mavjud bo’ladi. Masalan, London metall birjasi birlashgan qirollik hududida yettita, Yevropa mamlakatlarida o’nta va janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlarida yettita yirik omborlari mavjud. Ushbu omborlar ularda sotilayotgan va sotib olinayotgan tovarlarni zudlik bilan yetarli miqdorda yetkazib berish imkonini yaratadi.

e) birjalar tovarlar xalqaro savdosida muhim rol o’ynashi bilan bir qatorda bozor iqtisodiyotining mihim instituti hisoblanadi va bozor munosabatlari ishtirokchilariga quyidagi imkoniyatlarni yaratib beradi:

- baholar o’rtasidagi farq bo’yicha operatsiyalar;

- tovarga kapitalni investitsiya qilish. Ko’pgina firmalar o’z mablag’ini inflyatsiyadan himoyalash maqsadida tovarlarni yirik partiyalarda sotib oladilar. Ushbu tovarlar bahosi oshgan holatda nafaqat o’z mablag’ini inflyatsiyadan himoyalaydi, balki ma’lum miqdorda daromad olish imkonini yaratadi.

- moliyalashtirish. Birjaning ushbu xizmatidan birja omborida turgan tovar egasi foydalanishi mumkin. Agar tovar egasiga mablag’ kerak bo’lsa-yu, lekin o’z tovarini sotishni xohlamasa, bunda u broker orqali ombordagi tovariga egalik qilish huquqini beruvchi guvohnoma (varrant) ni kelgusida tovarni qaytarib sotib olish sharti bilan sotishi mumkin. Bu lending operatsiyasi deb ataladi va tovarga egalik huquqini saqlab qolgan holda ma’lum muddatga pulga ega bo’lish imkonini beradi.

Korxonani moliyaviy aktivlar bilan ta’minlashda qimmatli qog’ozlar bozori muhim ahamiyatga ega. Pul mablag’lari yetishmovchiligi sezilganda korxonalar chetdan kredit oladi, ishlatilmay turgan mablag’lari bo’lsa, uni kreditga beradi. Har ikkala holatda ham qimmatli qog’ozlar kredit vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Qimmatli qog’ozlar bozori savdo hajmi bo’yicha boshqa turdagi bozorlardan qolishmaydi. Qimmatli qog’ozlar bozori biror tabiiy resurlar mavjud bo’lishini talab etmaydi, shu sababli har qanday mamlakatda faoliyat yuritishi mumkin.

Davlat qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish orqali quyidagilarni amalga oshiradi:

- qimmatli qog’ozlar chiqaruvchilar (emitentlar) uchun zaruriy talablarni o’rnatadi;

- qimmatli qog’ozlar egalari huquqlarini himoyalash tizimini yaratadi;

- qimmatli qog’ozlar emissiyasini ro’yxatga olish tizimini yaratadi;

- qimmatli qog’ozlar bozori ishtirokchilari faoliyatiga litsenziya beradi;

- qimmatli qog’ozlar bozorida ishtirok etadi.

Pul mablag’larini qimmatli qog’ozlarga sarflashda ularning tavakkalchiligi va foydaliligiga e’tibor berish kerak. Bunda qimmatli qog’ozlar turlari bo’yicha tavakkalchilik va foydalilik turlicha bo’ladi. Qimmatli qog’ozlarnin quyidagi turlari mavjud:

- davlat qimmatli qog’ozlari;

- obligatsiyalar;

- aksiyalar va boshqalar.

Davlat qimmatli qog’ozlari o’z egasiga juda yuqori bo’lmasada, lekin kafolatlangan daromad keltiradi. Davlat qimmatli qog’ozlari quyidagi hollarda chiqariladi:

- davlat byudjetini yoki biror davlat investitsion dasturini moliyalashtirish uchun;

- kassadagi uzilishlarni to’ldirish uchun;

- qayta moliyalashtirish uchun, ya’ni avvalgi davlat qarzlarini to’lash uchun.

Fond birjasi – ma’lum tartib asosida tashkil etiladigan, qimmatli qog’ozlar savdosi amalga oshuvchi doimiy faoliyat yurituvchi bozordir. Fond birjalarida savdolar faqat o’z a’zolari o’rtasida tashkil etiladi. Fond birjalari quyidagi funksiyalarni bajaradi:

- qimmatli qog’ozlar savdosi amalga oshadigan joy;

- qimmatli qog’ozlarning bozor bahosini belgilash;

- kapitalning korxonalar, tarmoqlari o’rtasidagi oqimini ta’minlash;

- mamlakatdagi ishbilarmonlikning faolligini aniqlovchi barometr vazifasini bajaradi.

Dastlabki fond birjalari XVIII asr oxirida Buyuk Britaniya, AQSh va Germaniyada paydo bo’lgan. 1850-yilda Shveytsariyada, 1878-yilda esa Yaponiyada paydo bo’lgan. Hzrgi vaqtda dunyoda 170 dan ortiq fond birjalari faoliyat yuritadi, shundan 15 tasi shimoliy Amerikada, 100 tadan ortig’i Yevropada, markaziy va janubiy Amerikada 20 tasi, qolganlari Osiyo, Afrika va Avstraliyada joylashgan. Fond birjalarining xalqaro federatsiyasi mavjud bo’lib, shtab kvartirasi Parijda joylashgan. Ushbu federatsiya iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning 30 dan ortiq fond birjasini o’zida birlashtiradi.

Eng yirik fond birjasi – Nyu York fond birjasi bo’lib, 50 yildan buyon unga teng keladigan fond birjasi mavjud emas. Butun dunyodagi qimmatli qog’ozlar savdosining yarmidan uchdan ikki qismigacha bo’lgan qismi ushbu birja hissasiga to’g’ri keladi. Jami birja aylanmasining 90 foizi aksiyalar bo’lib, butun dunyodan 1700 dan ortiq firma Nyu York fond birjasida o’z aksiyalarini ro’yxatdan o’tkazgan.

Birja tizimlarining quyidagi turlari bor:

a) monosentristik, ya’ni mamlakatda asosan bitta yirik birja bo‘ladi;

b) polisentristik, ya’ni qudrati jihatdan bir-biriga yaqin bir necha birja bo‘ladi;

d) aralash tizim, bunda mintaqalarda bir necha kuchli birjalar va juda kuchli markaziy birja ham mavjud bo‘ladi.

Birjalar bozor iqtisodiyotining instituti bo‘lib, bozor munosabatlari ishtirokchilariga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

- baho o‘zgarishiga asoslangan olib-sotarlik faoliyati. Bunda baho o‘zgarishi hisobidan daromadga erishish maqsadida faoliyat amalga oshiriladi. Birjada amalga oshiriladigan olib-sotarlik faoliyati baho o‘sishini yoki baho pasayishini inobatga olib amalga oshirilishi mumkin. Tovarlarni kelgusida yuqoriroq bahoda sotish maqsadida sotib olish bilan shug‘ullanuvchilar «buqalar» deyiladi, bahoning pasayishini oldindan sezib uni sotish bilan shug‘ullanuvchilar esa «ayiqlar» deyiladi.

- kapitalni tovarga investitsiyalash. Ko‘pgina firmalar o‘ mablag‘larini inflyatsiyadan himoyalash maqsadida tovar partiyalarini sotib oladilar. Tovar bahosi ko‘tarilgan holatda ular nafaqat o‘z mablag‘larini inflyatsiyadan himoyalaydi, balki an’anaviy kapital bozoriga nisbatan yuqori daromadga ham erishadilar;

- arbitraj operatsiyalari. Turli birjalarda tovarlarning baholari darajasi farqlanadigan bo‘lsa, birja savdosi ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida biror tovarni turli birjalarda sotib olish va sotish bilan shug‘ullanib, daromadga ega bo‘ladilar;

- xedjirlash, ya’ni tovarlarni birjada fyuchers shartnomalari orqali sotish yo‘li bilan tovar egalarini bahoning kelgusida tushishi natijasida ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlardan himoyalash.

Birja kurslarining harakatini baholash uchun hamma banklarda aksiyalar kursning indeksi hisoblanadi. Har bir aksiya (obligatsiyaning) darajaviy baho indeksi birjada kotirovka qilinadigan ushbu tusdagi aksiyalar kurslarining yig‘indisi va aksiyalar nominaliga bo‘linmasidan iborat. Keyinchalik bu darajaviy baho indekslar umumiy birja indeksini hisoblash uchun foydalaniladi.

Fond birjalarini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi va u qimmatli qog‘ozlar bilan faoliyat yuritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligidan litsenziya oladi. Litsenziya olmagan tashkilot faoliyat yuritishga haqli emas. Birja faoliyati davlat tomonidan tartibga solib turiladi. Buning uchun quyidagi ishlar bajariladi:

- birjani va birja faoliyati ishtirokchilarini (yuridik shaxslarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

- litsenziyalar berish;

- birja faoliyatini soliq solish yo‘li bilan boshqarish;

- birjaga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;

Birjani davlat ro‘yxatidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘tkazadi. Birja qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish esa «O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq amalga oshiriladi. Litsenziya olish uchun quyidagi hujjatlar tayyorlanadi:

- litseziya olish uchun ariza;

- ta’sis shartnomasi;

- birja ustavi va davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma;

- birjadagi savdo qoidalari;

- ustav kapitalining 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini o‘tkazganlik haqida bank ma’lumotnomasi;

- savdo-sotiqni olib borish joyidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat.

Birjaga litsenziya berish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Listing - bu qimmatli qog‘ozlarni birja kotirovka ro‘yxatiga kiritish, joylashtirish bo‘lib, bunda korxonalardan ma’lum shartlar talab etiladi: minimal pul tushumi, so‘nggi yillardagi zararsiz faoliyat, birlamchi bozorda aksiyalarning joylashtirilganligi va hokazo. Qimmatli qog‘ozlar listingga joylashtirilib, birja ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, ularni savdoga qo‘yish mumkin. Birjaga qo‘yilmaydigan aksiyalar nobirjaviy bozorda sotiladi.

Listing me’yoriy ko‘rsatkichlari:

- qimmatli qog‘ozlarning birjada oldi-sotdi qilinish sur’ati va soni;

- real aktivlar hajmi;

- qimmatli qog‘ozlarning soni yoki aksiyalarning egalari(aksiyalar paketi) soni;

- jalb qilingan sarmoyaning umumiy qiymati;

- daromadlilik (rentabellilik) darajasi;

- emitentning moliyaviy holati;

Delisting - bu qimmatli qog‘ozlarni birjaning yoki kompaniyaning o‘z qaroriga binoan ro‘yxatdan chiqarilishi, ya’ni listing imtiyozlaridan tamomila mahrum bo‘lishidir.

Agar, aksiyalarning o‘zi qolmagan bo‘lsa; firma qaytarib olsa yoki yangisiga almashtirgan bo‘lsa; kompaniya aktivsiz qolsa yoki sinsa; aksiyalarni oshkora joylashtirish maqbul bo‘lmagan kichik hajmga ega bo‘lsa; kompaniya listing kelishuvini buzsa, bunday hollarda delisting qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasida fond birjalarini tashkil etish va ular faoliyatini o‘ziga xos jihatlari «Qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida» gi qonun bilan tartibga solinadi.

Qonunda belgilab qo‘yilganidek, fond birjasi qimmatli qog‘ozlarning, risoladagidek aylanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beradigan, ularning bozor narxlarini (qimmatli qog‘ozlarga talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiradigan) aniqlab beradigan va bu narxlar xususidagi axborotni tarqatadigan, qimmatli qog‘ozlar bozori qatnashchilarining yuksak darajadagi (professionalizm)ni qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotdir.

Fond birjasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, birja ustaviga hamda qimmatli qog‘ozlar operatsiyalarini amalga oshirishga doir ichki qoidalarga rioya qiladi.

Fond birjasi ro‘yxatdan o‘tadi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan qimmatli qog‘ozlar bilan birja faoliyatini yuritishga litsenziya oladi.

Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar yuritish huquqi uchun ijozatnoma (litsenziya) olgan yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasining muassislari bo‘lishi mumkin.

Yuridik, jismoniy shaxslar, shu jumladan brokerlik o‘rnini sotib olgan xorijiy shaxslar fond birjasi (tovar-fond yoki valyuta birjasining fond bo‘limi) a’zolari bo‘lishi mumkin. Fond birjasi a’zolarining sonini birjaning boshqaruvchi organlari belgilaydi. Brokerlik o‘rnini sotib olgan va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar o‘tkazish beradigan malaka guvohnomasi bor jismoniy shaxs savdoga kiritilishi mumkin.

Prokuratura va sud organlari, bulardagi mansabdor shaxslar va mutaxassislar fond birjasining a’zosi bo’lishi mumkin emas. Fond birjasi a’zolarining savdoga kirishi uchun ularning qo‘lida qimmatli qog‘ozlar operatsiyasining litsenziyasi bo‘lishi va ular investitsiya muassasasi maqomini olishi kerak.

Qonunda qimmatli qog‘ozlar bilan bo‘ladigan birja operatsiyalari qoidalariga talablar belgilab qo‘yilgan va u birja boshqaruvining oliy organi tomonidan tasdiqlanadi.

Qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:



  • mazkur birjada qimmatli qog‘ozlar savdosining tartiblari;

  • birja savdorlari qatnashchilarining tarkibi va ularga qo‘yilgan talablar;

  • birja yig‘ilishi bo‘ladigan joy va vaqt haqidagi axborot;

  • birja savdosiga chiqariladigan qimmatli qog‘ozlarning navbat tartibi;

  • birja bitimlarining tavsifi;

  • mijozlarning brokerlarga topshiriqlari (buyruqlari)ning turlari;

  • savdoni tashkil etish;

  • bitimlarni ro‘yxatga olish va rasmiylashtirish tartibi;

  • qo‘llaniladigan qimmatli qog‘ozlar operatsiyalarining shartnomalar, hisobotlar, buyurtmalar, xabarnoma va birja hujjatlari shaklining namunalari.

Qonun bilan fond birjasining quyidagi huquqlari belgilab qo‘yilgan:

  • birja a’zoligiga kirish uchun investitsiya muassasalariga qo‘yiladigan zarur eng kam majburiy talablarni belgilash;

  • birja yig‘ilishlarini chaqirish va tashkil etish;

  • birja ishi uchun zarur ekspert, malaka, kotirovka komissiyalari, maslahat va ma’lumot byurolarini va boshqa muassasalarni ta’sis etish, shuningdek qimmatli qog‘ozlar opeartsyailari chog‘ida paydo bo‘ladigan baxslarni hal qilish uchun ekspert komissiyalari tuzish;

  • o‘z ustaviga ko‘ra, birja a’zolaridan kirish va joriy badallarini belgilab qo‘yish va undirish, bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, texnika xizmati, birjani doimiy va birgalik qatnashchilaridan kirishi uchun haq olish, shuningdek, ustavni birja yig‘ilishlari qoidalarini buzgani hamda ro‘yxatdan o‘tish yig‘imini o‘z vaqtida to‘lamagani uchun jarimalar hamda peniyalar undirish;

  • birja buketlari, ma’lumotnomalar, to‘plamlar nashr etish;

  • nazorat organlarining huquqiga xilof hatti-harakatlari bo‘yicha sudga ariza bilan murojaat etish.

Fond birjasining faoliyati quyidagilar evaziga mablag‘ bilan ta’minlanishi mumkin:

  • aksiyalar va paylarni sotish, brokerlik o‘rnini sotish;

  • fond birjasi a’zolarining muntazam tushib turadigan a’zolik badallari;

  • birja bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari;

  • qimmatli qog‘ozlar operatsiyalaridagi vositachilik haqi;

  • birja ustavida ko‘zda tutilgan axborot va boshqa xizmatlardan tushadigan daromad.



2. Birjalar turlari va ularning faoliyat yuritish mexanizmi.
Tovar birjalari – belgilangan qoidalar asosida erkin raqobatga asoslanib doimiy faoliyat yurituvchi tovarlarning ulgurji bozoridir. Ilk tovar birjalari XVI asrda Yevropada (London, Antverpen, Lion, Tuluza va boshqalar) paydo bo‘lgan. Tovar birjalarining yirik xalqaro markazlari – AQSh, Angliya va Yaponiyadir. Jami birja savdolari aylanuvining 90 foizi ushbu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Savdosi amalga oshirilayotgan tovarlar nomenklaturasiga ko‘ra tovar birjalarini universal va ixtisoslashgan birjalarga bo‘lish mumkin.

Universal tovar birjalarida sotiladigan tovarlar nomenklaturasi keng bo‘ladi. Masalan, Tokio tovar birjasida oltin, kumush, platina, kauchuk, paxta kalavasi, jun kalavasi va boshqa shu kabilar sotiladi.

Ixtisoslashgan tovar birjalarida esa asosan bir turdagi tovarlar sotiladi. London metall birjasida mis, alyuminiy, nikel, rux va shunga o‘xshash metallar sotiladi. Nyu Yorkdagi Komeks birjasida qimmatbaho va rangli metallar – oltin, kumush, mis va alyuminiy sotiladi. Bundan tashqari Nyu York paxta birjasi, Minneapolis (AQSh) don birjasi, London neft birjalari ham ixtisoslashgan birjalarga misol bo‘ladi.

Tovar birjalari tovarlarning savdosi amalga oshadigan joy va tovarlarning bahosini belgilab berish kabi funksiyalarini bajaradi.

Tovar birjalarining tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyatidir. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi – birjaning oliy boshqaruv organi bo‘lib, aksiyadorlar va ularning vakillaridan tashkil topgan. Birja kengashi - boshqaruv organi, aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari oralig‘ida birjaning faoliyatini nazorat qiladi va muvofiqlashtirib turadi. Taftish hay’ati - birjaning moliyaviy xo‘jalik faoliyatini nazorat qiluvchi organ.

Fond birjasi - bu qimmatli qog‘ozlar savdosi amalga oshadigan doimiy faoliyat yurituvchi tashkillashgan bozordir. Dastlabki fond birjalari XVIII asr oxirida Yevropada paydo bo‘lgan. 1773-yilda Londonda brokerlar tomonidan fond birjasi qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish uchun tashkil etildi. 1791-yilda Filodelfiyada fond birjasi tashkil etilgan. 1792-yilda Nyu-York fond birjasi (New York Stock Exchange – NYSE) ochilgan. U birja hozirgi kungacha dunyoning eng yetakchi fond birjasi bo‘lib kelyapti. Nyu York fond birjasining savdo aylanmasi turli yillarda dunyo bo‘yicha fond birjalaridagi qimmatli qog‘ozlar aylanmasining uchdan bir qismidan yarmigacha tashkil etmoqda. Ushbu birja savdosining 90 foizi aksiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaponiyada esa 1878-yilda ilk fond birjasi tashkil etilgan.

Fond birjalarida qimmatli qog‘ozlar: aksiyalar, obligatsiyalar, davlat qarzdorlik majburiyati (zayom), veksellar va boshqa shu kabilarning savdosi amalga oshiriladi.

Barcha birjalardagi aksiya kursining harakatini belgilash uchun aksiyalar indeksi hisoblab chiqiladi. Nyu York fond birjasida anqlanadigan Dou-Jons indeksi dunyo fond birjalaridagi muhim indeks hisoblanadi. Amerikadagi «Uoll strit Djornel» jurnalining sobiq muharriri X.Dou 1897-yilda ushbu indeksni yaratgan. Ushbu indeks 1928-yilda qabul qilingan va hozirgacha o‘zgarmasdan kelmoqda. Dou-Jons indeksi uchta turli indeksdan tashkil topgan: 30 ta sanoat kompaniyasi aksiyasi indeksi, 20 ta transport kompaniyasi aksiyasi indeksi va 15 ta kommunal kompaniya aksiyasi indeksi. Dunyoning yetakchi fond birjalaridagi aksiya kursining o‘zgarishini aks ettiruvchi quyidagi indekslar ham mavjud: Tokio – NIKKEI 225, London – FTSE, Parij – CAC 40, Milan – MIBTEL, Amsterdam – EOX, Gonkong – HangSeng va boshqalar.

Hozirgi davrda dunyoning 60 dan ziyod mamlakatlarida 200 ga yaqin fond birjalari mavjud bo‘lib, shuning 100 tadan ortig‘i Yevropadadir. Fond birjalarining Xalqaro federatsiyasi mavjud, uning shtab-kvartirasi Parij shahrida joylashgan. U qimmatli qog‘ozlar bozorlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va aksionerlarning huquqlarini ta’minlaydi.



Qimmatli qog‘ozlar muomalasini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomasi (litsenziyasi) bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasi muassislari bo‘lishi mumkin. Birjada brokerlik o‘rnini sotib olgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasining a’zolari bo‘lishlari mumkin. Fond birjasi a’zolarining sonini birjaning boshqaruv organlari tartibga solib turadilar. Davlat hokimiyati va boshqaruv, prokuratura va sud organlari, ularninng mansabdor shaxslari va mutaxassislari fond birjasi a’zolari bo‘lishga haqli emasdir. Fond birjasi a’zolari qimmatli qog‘ozlar muomalasini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan hamda investitsiya muassisi maqomini olgan taqdirdagina oldi-sotdiga qo‘yiladi. Brokerlik o‘rnini sotib olgan jismoniy shaxs uni davlat hokimiyati mahalliy organlarida ro‘yxatdan o‘tkazganidan keyingina oldi-sotdiga qo‘yilishi mumkin. Respublikamiz fond birjasidagi oldi-sotdini faqatgina broker amalga oshirishi va qonunlashtirish mumkin. Makler, katta makler va ularning yordamchilari operatsion zallarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadilar. O‘zbekiston Respublikasining «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq quyidagi idoralar, muassasalar, birlashmalar birja bo‘lishi mumkin emas:

    • davlat hokimiyati va boshqaruvning oliy hamda mahalliy idoralari;

    • davlat banklari va davlat kredit muassasalari (bunda banklar fond va valyuta birjalarining muassalari bo‘lishi mumkin);

    • davlat sug‘urta va davlat inspeksiyasi kompaniyalari hamda fondlari;

    • jamoat, diniy va xayriya birlashma (tashkilot)lari hamda fondlari;

    • qonunlarga ko‘ra tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi man etilgan jismoniy shaxslar.

Qimmatli qog‘ozlarga doir birja amallarini bajarishda qo‘llaniladigan qoidalarni birjaning yuqori boshqaruv organi, ya’ni aksionerlarning umumiy yig‘ilishi tasdiqlaydi. Bu qoidalarda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdi prinsiplari;

  • birja qatnashchilarining tarkibi ularga qo‘yiladigan talablar majmui;

  • birja yig‘ilishlari o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risidagi axborot;

  • qimmatli qog‘ozlarni birja oldi-sotdisiga chiqarish tartibi;

  • birja bitimlarining tavsifi;

  • mijozlar brokerlarga beradigan topshiriq (buyruq) turlari;

  • oldi-sotdisini tashkil etish;

  • bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish tartibi;

  • qimmatli qog‘ozlar muomalasini amalga oshirishda foydalaniladigan shartnoma shartnoma hisobot, buyurtma va xabarnomalar haqida birjaga oid boshqa hujjatlar namunalari.

Fond birjasi birja oldi-sotdisi vaqtida bitimlar tuzish, bitimlarni tekshirib ko‘rish va ular yuzasidan hisob-kitob qilish tartibini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Fond birjalari va fond bo‘limlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi bilan kelishib olingan qimmatli qog‘ozlar muomalasi bitimlarini amalga oshirish nizomlari va ichki qoidalari, fond birjasi ustavi (fond bo‘limi to‘g‘risidagi nizom) asosida ish tutadilar.

Qimmatli qog‘ozlar bilan birja savdosi muayyan qoidalarga asoslangan holda amalda beriladi. Bular quyidagilardan iborat:



  • birjada qimmatli qog‘ozlar bilan oldi-sotdini faqat vositachilar bajaradi. Ularga jismoniy shaxslar yoki bankning yuridik shaxslari, investitsiya kompaniyalari, brokerlik firmalari kiradi. Ularning vakolati bilan vositachilar (brokerlar, dilerlar) faoliyat ko‘rsatadi va qimmatli qog‘ozlarni mijozlardan sotib oladi yoki o‘zining hisobidan keyinchalik sotuv uchun xarid qiladi;

  • fond birjasiga qimmatli qog‘ozlar olib kelinmaydi. Uning mavjudligi, soni va sifatini sotuvchining qo‘lidagi hujjat - sertifikat tasdiqlaydi;

  • fond birjasida qimmatli qog‘ozlar istalgan miqdorda sotilmaydi. Savdo bu yerda lot (tup)lar, ya’ni birjadagi bir kontrakt yoki miqdor va sifat jihatidan standart tupi bo‘yicha amalga oshiriladi. Qisqasi, fond birjasi:

  • bu ulgurji savdo shaklidir;

  • fond birjasida faqatgina kotirovka ro‘yxati («varag‘»)da qayd qilingan qimmatli qog‘ozgina sotiladi. Qimmatli qog‘ozlarni mazkur ro‘xatga kiritish ya’ni birjaga qo‘yish listing deb ataladi;

  • baho fond birjasida ochiqdan ochiq o‘rnatiladi. Ular to‘g‘risidagi axborot zalaridagi tablolarda e’lon qilinib turiladi. Birja operatsiyalarining qatnashchilari uchun sharoit bir xil bo‘lib, ular birjada qabul qilingan to‘g‘rilik va uyushqoqlik qoidasiga bo‘ysunadilar.

Shunday qilib, birjada uch tomon qatnashadi; bir tomonda birjada o‘zining qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qilishga vaqti yo‘q yoki umuman bu ish bilan shug‘ullanish istagi bo‘lmaganlar, ya’ni emitent va tadbirkorlar, ikkinchi tomonda esa muayyan haq evaziga shu qimmatli qog‘ozlarni sotishni zimmasiga oluvchi brokerlar. Va nihoyat, qimmatli qog‘ozlarga muhtoj kompaniyalar va xususiy shaxslar. Har uchchala tomonning manfaati birlashtiruvchi joy - bu fond birjasidir.

Bunday olib qarasak, birja qimmatli qog‘ozlarni sotmaydi ham, sotib olmaydi ham. Faqat ulgurji savdo qoida va tartiblarini ishlab chiqadi, savdo-sotiq uchun sharoit yaratib beradi. Shu nuqtai nazardan, birja - bu eng avvalo savdo zali. U yerda brokerlar qimmatli qog‘ozlarning oldi-sotdisi bo‘yicha buyurtmalarni bajaradi. Birjalarda o‘zining brokerlariga ega bo‘lish uchun investitsiya institutlari birjada a’zolik huquqini beruvchi investitsiya institutlari birjada a’zolik huquqini beruvchi «o‘rin»ni sotib olishlari lozim. Shundagina brokerlar qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha operatsiyalarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

«O‘rin» - bu egasi uchun tovar hisoblanadi, egasi uni sotishi ham mumkin. Lekin shundan so‘ng u birjada ishlash huquqini yo‘qotadi. Birja oldi-sotdisida investor tashabbuskor bo‘lib hisoblanadi.

U broker kompaniyasiga (telefon orqali yoki bevosita uchrashuvda) o‘zining buyurtmasi va shartlarini bayon qiladi. Bu yerda asosan uchta shart to‘g‘risida so‘z yuritiladi:

- qimmatli qog‘ozlarning bahosi;

- qimmatli qog‘ozlarning soni;

- buyurtmaning bajarilish muddati.

Mijozlarning topshirig‘i (buyurtmasi) shartnoma ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Unda brokerlik haqi ham ko‘rsatilgan bo‘ladi. Shundan so‘ng brokerlik firmasining vakili shartnomani bevosita buyurtmani bajaruvchi brokerga topshiradi. Buyurtma bajarilishi bilanoq oldi-sotdi operatsiyasi birjada qayd qilinadi va mijozga bu haqda hisobni taqdim etish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani yuboradi.

Fond birjasi notijorat tashkilot hisoblanadi. Uning faoliyatini pul mablag‘lari bilan ta’minlash quyidagi tushumlar asosida amalga oshiriladi:

- fond birjasi aksiyalari va paylarni sotish;

- fond birjasidagi brokerlik o‘rinlarini sotish;

- fond birjasi a’zolarining muntazam to‘lab boradigan a’zolik badallari;

- birja bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda olinadigan yig‘imlar;

- qimmatli qog‘ozlar muomalasida vositachilik qilishdan olinadigan komission haq;

- birja ustavida nazarda tutilgan axborot xizmati va boshqa turli xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan daromadlar va h.k.

Fond birjalari quyidagi funksiyalarni bajaradi:

- qimmatli qog‘ozlar savdosi amalga oshadigan joy;

- qimmatli qog‘ozlar bir maromda muomalada bo‘lishining zarur sharoitini ta’minlash;

- qimmatli qog‘ozlar talab va taklifi o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiruvchi narxlarni, ya’ni bozor bahosini belgilash;

- qimmatli qog‘ozlar bozori qatnashchilarining kasb mahoratini yuqori darajada saqlab borish;

- muntazam ravishda (haftasiga kamida bir marta) narx-navo aniqlanishiga, indeksatsiyasi o‘zgarishiga, savdo-sotiq vaqti, qimmatli qog‘ozlar hajmlari, kontraktlarning miqdoriga va boshqa ko‘rsatkichlarga doir axborotlarni e’lon qilish;

- kapitalning korxonalar, tarmoqlar, davlatlar o‘rtasidagi oqimini ta’minlash. Bunda fond birjalarida qimmatli qog‘ozlarni sotish yoki sotib olish orqali investitsiyalar amalga oshiriladi, ya’ni kapital oqimi ta’minlanadi.

Valyuta birjalari – belgilangan qoidalar asosida doimiy faoliyat yurituvchi xorijiy valyuta savdosi amalga oshiriladigan bozordir. Xalqaro valyuta birjalari banklararo valyuta bozorining bir shakli sifatida jahon valyuta tizimining tarkibiy qismidir. Valyuta savdosi valyuta birjalarida yoki valyuta savdosini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan banklarda amalga oshiriladi. Valyuta birjalari barcha mamlakatlarda ham mavjud emas, shu sababli banklararo valyuta savdosi ham keng tarqalgan. Banklar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalari xorijiy valyuta savdosi, xorijiy valyutada hisob-kitob va xorijiy valyutada kredit operatsiyalariga bo‘linadi. Valyuta savdosi deganda xorijiy valyutaning milliy yoki konvertlashgan valyutaga sotilishi yoki sotib olinishi tushuniladi.

Italiyada valyuta birjalari Milan, Rim, Genuye va Venetsiya shaharlarida mavjud. Ularning har birida valyuta kurslari vositachilar va davlatlardan vakillar ishtirokidagi savdolar jarayonida shakllanadi va ushbu kurslar mazkur birjada bank mijozlari bilan hisob-kitoblarda qo‘llaniladi. Barcha birjalarda shakllangan kurslarning o‘rta arifmetigi ham hisob-kitob kursi sifatida qo‘llanilishi mumkin.




Tayanch iboralar:


Birja, fond, mehnat birjasi, valyuta birjasi, bozor, talab, broker, diler, bitim, bozor iqtisodiyoti, tovar, kelishuv, shartnoma, ayirboshlash, resurs, ish kuchi, valyuta.

Nazorat savollari:


1. Birjaning iqtisodiyotdagi roli va ahamiyati.

2. Birjaning asosiy turlari.

3. Tovar birjasining o‘ziga xos xususiyatlari.

5. Fond birjasining o‘ziga xos xususiyatlari.

6. Valyuta birjasining tashkil etilish xususiyatlari.

7. Birjalarning qanday funksiyalari mavjud.

8. Birjada vositachilikning qanday turlari mavjud.

9. Birjalarning tashkiliy-huquqiy shakli qanday.



Yüklə 1,44 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin