1. Iqtisodiyot va uning bosh masalasi. Iqtisodiyotga oid bilimlarning shakllanishi va rivojlanishi Iqtisodiyot nazariyasi fani va uning qonun-qoidalarini bilish uchun, eng
avvalo, iqtisodiyot va uning vazifalari to’g’risida tasavvurga ega bo’lish lozim.
Insoniyat hayoti va uning taraqqiyoti juda murakkab, ko’p qirrali va g’oyat chigal
muammolarga boydir. Bu muammolar kishilarning moddiy ne’matlar ishlab
chiqarish, xizmatlar ko’rsatish, fan, madaniyat, siyosat, mafkura, axloq, davlatni
boshqarish sohalaridagi va nihoyat, oiladagi va boshqa faoliyat turlarining borgan
sari ko’payib, rivojlanib hamda ularning o’zgarib borishi natijasida vujudga keladi.
Uzoq davrlar davomida insoniyat fikrini band qilib kelgan ayrim masalalar
bugungi kunda oddiy haqiqat va oson bilish mumkin bo’lgan narsaga o’xshab
ko’rinadi.
Cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, kishilarning yashashi,
kamol topishi uchun zarur bo’lgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va
iste’molchilarga yetkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog’liqlikda amal
qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, bir so’z bilan,
iqtisodiy faoliyat deb
ataladi.
Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xo’jaligi doirasida ro’y
bergan. Shuning uchun qadimgi grek olimlarining (Ksenofont, Platon, Aristotel)
asarlarida iqtisodiyot – uy xo’jaligi va uni yuritish qonunlari deb tushuntirilgan.
Arab leksikonida «iqtisod» tejamkorlik ma’nosida tushunilgan, chunki islom
diniga oid adabiyotlarda tejamkorlikka alohida e’tibor berilgan. Lekin, hozirgi
davrda iqtisodiyot keng ma’noni anglatib, faqatgina uy yoki individual xo’jalik
yuritish yoki tejamkorlik ma’nosini anglatmaydi, balki
iqtisodiyot – yirik xususiy
xo’jalik, jamoa xo’jaligi, hissadorlik jamiyatlari, davlat xo’jaliklaridan, moliya va
bank tizimlaridan, xo’jaliklararo, davlatlararo birlashmalar, korporatsiyalar,
kontsernlar, qo’shma korxonalar, davlatlar o’rtasidagi turli iqtisodiy
munosabatlaridan iborat o’ta murakkab ijtimoiy tizimni anglatadi.
Barcha resurslarimiz – pul mablag’lari, tabiiy boyliklar, malakali ishchi
kuchlari, ishlab chiqarish vositalari, iste’mol tovarlari hammasi cheklangan
miqdordadir.