9-asrda ilm va madaniyat. Turkiy tilda islomiy she’riyat Sunna bosqichining yana bir yutug‘i islom mintaqa xalqlari ma’naviy takomilining ushbu birinchi pog‘onasida shakllangan 5 islomiy mazhab, ya’ni islom e’tiqodiga oid qarashlar va amallarning ba’zi farqlarga ega bo‘lgan besh yo‘nalishi orasida bir-birini inkor etmaslik va o‘zaro hurmat munosabatlari o‘rnatilishidir. Bunday vaziyat osonlikcha va birvarakay shakllangani yo‘q, albatta. Lekin oxir natijada yuzaga kelgan bunday o‘zaro murosa holati muayyan darajada e’tiqod masalalarida taassub (fanatizm) va bir yoqlama aqidaparastlik xavfining oldini olib, shu bilan birga keyingi rivojlanishga zamin hozirlagan omillardan bo‘ldi. Musulmon huquqi — shariat va fiqh asoslarini shakllantirish ham shu davrdan boshlandi. Imom A’zam Abu Hanifaning yaqin shogirdlari Imom Abu YUsuf Ansoriy (731-804) va Imomi Muhammad ash-SHaybon (749-805) bu sohada asoschi bo‘ldilar. Imom Abu YUsuf islom dunyosining birinchi qozi ul-quzzoti (qozilar qozisi-bosh qozi) qilib tayinlandi. Imom Muhammadning "Al-Mabsut" (yoki "Kitob al-asl fil-furu" - "Juz’iy masalalarning asoslari"), "Kitob al-jome’ al-kabir", "Kitob al-jome’ as-sag‘ir" kabi asarlari bu sohada yaratilgan keyingi barcha ishlarga dasturulamal vazifasini o‘tadi. Sunna davrida payg‘ambarimizning hayot yo‘llari haqida dastlabki mukammal asarlar Ibn Is’hoq (704-707) va Ibn Hishom (vafoti 834 yillar) "Sira"lari ("Sirat ar-Rasululloh") vujudga keldi. Bu kitoblar oddiy tarjimai hol emas, balki Allohning payg‘omini ahli basharga etkazish vazifasi yuklangan shaxs — Rasululloh haqida bo‘lib, diqqat markazida risolat (payg‘ambarlik — missiya) masalasi turgani uchun asarning Muqaddima qismida Muhammad (s.ai.v.) dan oldin o‘tgan payg‘ambarlar haqida ham axborotlar berilgan edi. Ushbu an’ana keyinchaliklik rivoj olib, hazrati Muso alayhissalom va boshqa payg‘ambarlar hayoti va faoliyati haqida ham batafsil xabar beruvchi kitoblar yaratila boshlandi. Bu davrda Muhammad (s.a.v.)dan boshlangan Qur’on tafsirlari an’anasi ham rivoj oldi, keng ma’nodagi adab ilmiga asos solindi. Ibn al-Muqaffaning (724-759) "Al-Adab as-Sag‘ir", "Al-Adab al-Kabir" asarlari yozildi. Xalil ibn Ahmad (718—792) lug‘atshunoslik asoslariga bag‘ishlangan "Al-Ayn" asari tarkibida aruz ilmining nazariy asoslarini yaratib, ham tilshunoslik, ham adabiyotshunoslikka zamin hozirladi. Keyingi asr oxirida Ibn al-Mutazz (861—908) adabiyotshunoslikning yana bir tarkibiy qismi "ilmi bade’" (she’riy san’atlar haqida ilm)ni kashf etdi. Arab mumtoz she’riyatining asoschilari Abu Nuvas (762— 813), Bashshar ibn Burd (714-784), Abul Ataxiya (718-825) kabi ulug‘ shoirlar, Al-Johiz (775-868) kabi adiblar shu davrda yashab ijod etdilar. SHu zabardast siymolar orasida islom davrining ilk turkiy shoiri Adib Ahmad ham bor edi. Alisher Navoiy guvohlik berishicha, islom turkiy she’riyatining bu to‘ng‘ich shoiri hanafiya mazhabining asoschisi Abu Hanifa an-Nu’mon bin Sobit — Imomi A’zam (699-767)ning eng sevimli shogirdlaridan bo‘lib, ko‘zi ojiz bo‘lsa ham, dil ko‘zi nihoyatda ravshan va tiyrak edi. YUrtdoshimiz Adib Ahmaddan bizgacha turkiy adabiy tilda yozilgan "Hibatul haqoyiq" ("Haqiqatlar tuhfasi") dostonining 11 asrda ko‘chirilgan bir necha nusxasi va Alisher Navoiy asarlarida keltirilgan yana 1—2 parcha etib kelgan. Adib Ahmad birinchilardan bo‘lib Rasululloh hadislariga she’riy sharhlar bag‘ishlagan alloma shoirdir. Uning ilm fazilati, johillikning kasofati haqida o‘n bir asr ilgari aytgan hikmatlari hanuz dolzarbligini yo‘qotgan emas103. SHunday qilib 8-9 asrlarda islom mintaqa madaniyati shakllandi va uning dastlabki bosqichi — Sunna o‘zining eng oliy yutuqlariga erishdi. Bu yutuqlar, avvalo, islom axloqi asoslarining mukammal tizimi vujudga kelganligi, shariat va fiqh ilmi, manbashunoslik, matnshunoslik nazariyasi va amaliy tajribalarining shakllanishi, adab ilmi, dastlabki Qur’on tafsirlari, qiroat ilmi, she’riyat nazariyasi, sarfu nahv (grammatika), lug‘atshunoslik va boshqa ilmlarga asos solina boshlaganligi bilan belgilanadi. Bunday ulug‘ ma’naviy boylikning vujudga kelishi va rivojida mintaqaning barcha xalqlari, ayniqsa, arab, fors, turk elatlarining hissasi katta bo‘lib, jumladan, bizning vatandoshlarimiz-Adib Ahmad YUgnakiy, Imom Muhammad al-Buxoriy, Abu Iso at-Termiziy kabi allomalar qo‘shgan ma’naviy ulush butun jahon afkor ommasi tomonidan tan olingandir. Insoniyat tarixida minglab payg‘ambarlar o‘tgan. Ularning oxirgisi ("Xotimat un-nabi") Muhammad (s.a.v.) arab qabilalari yagona millat sifatida shakllanishida etakchi o‘rin tutdi. Ammo Qur’oni karim asosida shakllangan Tavhid e’tiqodi va "umma" tushunchalari faqat arablarni birlashtirishgagina qaratilgan bo‘lmay, balki butun insoniyatni, balki butun tabiat, koinot, Borliqni yaxlit bir mohiyat sifatida anglab etish imkonini beradi. Ammo bu Oliy mazmunga xalqlar osonlikcha etishgani yo‘q. Dastlab, 8-asr ikkinchi yarmi, 9-asr boshlarida umummintaqa islom madaniyati shakllanishiga g‘oyaviy siyosiy zamin yaratildi. Abu Muslim qo‘zg‘oloni va Ma’munning (813-833) xalifalik taxtini egallashi jarayonida mintaqada arabiy, eroniy, turkiy millatlarning o‘zaro siyosiy-ijtimoiy muvozanat holati vujudga keldi. Harbiylar ko‘proq turkiy xalqlar vakillaridan, vazirlar va saroy amaldorlari eroniylardan, diniy nufuz egalari arabdan bo‘lishi an’anaga aylandi. Keyinroq she’riyat asosan fors tilida, aniq fanlar arab tilida yozila boshlandi. Ana shunday sharoitda 9-15 asrlar mobaynida turli xalq namoyandalari ishtirokida yagona mintaqa madaniyati shakilandi. Va turkiy millat vakillari ham ushbu umumiy merosga sezilarli ulush qo‘shdilar. ISLOM MINTAQA MADANIYATI DAVRIDA MILLIY MA’NAVIYATIMIZ TAKOMILI
SUNNA BOSQICHINING ASOSIY YUTUQLARI
Milliy ma’naviyatimiz rivojining tarixiy bosqichlari
Tarixiy davr
SHaxs va millat ma’naviyatining takomil bosqichlari yoki ma’rifat yo‘llari
1.Sunna
8-9 asrlar
Ibrat
2.Islom ma’rifatchiligi
10-11 asrlar
Ilm
3.Tasavvuf tariqatlari yoxud Irfon
12-13 asrlar
Riyozat
4."Majoz tariqi"
14-15 asrlar
Mehr
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davridanTavhid e’tiqodi asosidagi insoniy birodarlik jamoasi — "umma" tushunchasi shakllana boshlagan bo‘lsa, 8-asr ikkinchi yarmi 9 asr boshlaridan (750-yil — Abu Muslim qo‘zg‘oloni va abbosiylarning hokimiyatga kelishi, 813-yilda Ma’munning xalifalik taxtiga o‘tirishi natijasida) mintaqaning uch buyuk xalqi — arab, fors va turkiy elatlararo siyosiy qudratda o‘ziga xos muvozanat holati vujudga keldi, ya’ni islomning asl g‘oyasi- musulmon ummatining tengligi amalda joriy bo‘lishiga voqe imkon tug‘ildi.
Turli islomiy mazhablar (xanafiya, shofe’iya, molikiya, xanbaliya, ja’fariya), ya’ni islom e’tiqodiga oid qarashlar va amallarning ba’zi farqlarga ega bo‘lgan besh yo‘nalishi shakllandi va bora-bora ular orasida bir-birini inkor etmaslik va o‘zaro hurmat munosabatlari o‘rnatildi. Bundayturli talqinlararo o‘zaro murosa holati oxir natijada e’tiqod masalalarida taassub (fanatizm) va bir yoqlama aqidaparastlik xavfining oldini olishga asos bo‘ldi.
Musulmon huquqi — shariat va fiqh asoslarini shakllantirish boshlandi. Imom A’zam Abu Hanifa an-Nu’mon bin Sobit (699-767) va uning yaqin shogirdlari Imom Abu YUsuf Ansoriy (731-804) va Imomi Muhammad ash-SHaybon (749—805) bu sohada asoschi bo‘ldilar.
Payg‘ambarimizning hayot yo‘llari haqida dastlabki mukammal asarlar Ibn Is’hoq (704-707) va Ibn Hishom (vafoti 834 yillar) "Sira"lari ("Sirat ar-Rasululloh") vujudga keldi. Bu kitoblarning asosiy g‘oyasi risolat (payg‘ambarlik-messiya) masalasi bo‘lib, ular keyinchaliklik umuman payg‘ambarlar hayoti va faoliyati haqida batafsil xabar beruvchi kitoblar — "Qisas ul-anbiyolar" yaratish an’anasiga asos namuna bo‘ldi.
Qur’on tafsirlarini tadvin qilish (mukammal tafsir kitoblari tuzish) an’anasi rivoj oldi.
Xalifa Umar ibn Abdulaziz (717—720) davridan Muhammad (s.a.v.) hadislarini jamlash rasmiy tus olib, Imom Malik ibn Anas (713-795)ning "Al-Muvatto", Imom SHofe’iy (767-820) va imom Ahmad ibn Xanballarning (780—855) "Musnad" deb nomlangan yirik hadisto‘plamlari vujudga kelgan bo‘lsa, 9-asrda hadisshunoslik ilmi mukammal shakllanib, uning qat’iy qoidalari asosida islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng nufuzli manba hisoblangan 6 sahih (ishonchli) hadis to‘plamlari yaratildi. Ularning mualliflari: Abu Abdulloh Ismoil al -Buxoriy (810-870), Imom Muslim ibn al-Xajjoj (819-874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (824—874), Abu Dovud Sulaymon (817-888), Ahmad an-Nasoyi (830-935), Abu Iso Muhammad ibn YAzid ibn Mojja (824-886) kabi mashhur muhaddislardir.
Rasululloh (s.a.v.) hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlami shakllantirishga qaratilgan. Ulardagi ota-onaga ehtirom, ilmga intilish, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o‘zaro mehr, inoqlik, mehmondo‘stlik, etimparvarlik, vafo va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqumlik, samimiyat va rostgo‘ylik xislatlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy qadriyatlar silsilasini tashkil etadi. Ular asosida islom axloqining munazzam va mukammal bir tizim holida mintaqada puxta shakllanuvi bu davrning nihoyatda muhim hodisasi edi. Adab ilmiga asos solindi, she’riyat, filologiya ilmlari rivojlandi. Ibn al-Muqaffaning (724-759) "Al-Adab as-Sag‘ir", "Al-Adabal Kabir" asarlari, Xalil ibn Ahmadning (718-792) lug‘atshunoslik va aruz ilmining nazariy asoslariga bag‘ishlangan "Al-Ayn" asari dunyoga keldi, Ibn al-Mutazz (861-908) ilk bor "Ilmi bade’" (she’riy san’atlar haqida ilm)ni kashf etdi. Arab mumtoz she’riyatining asoschilari Abu Nuvas (762-813), Bashshar ibn Burd (714-784), Abul Ataxiya (718-825) kabi ulug‘ shoirlar, Al-Johiz (775-868) kabi adiblar, ilk bora Rasululloh hadislariga turkiy tilda she’riy sharhlar bag‘ishlab doston yozgan alloma shoir Adib Ahmad shu davrda yashab ijod etdilar.