Borliq haqiqatini anglab etishning turli yo‘nalishlari Xullas, ikkinchi bosqichda aqlga, mantiqiy tafakkurga tayanish natijasida haqiqatni anglab etishning turli muvoziy (parallel) yo‘nalishlari shakllana boshladi. Sunna doirasidagi mazhablarga qaraganda endi bu davrda shakllangan fikriy oqim va yo‘nalishlarning o‘zaro farqi ancha-muncha sezilarli tus olgan va o‘zaro munozara ham kuchaygan edi. Bu davrning katta-kichik oqimlari nihoyatda ko‘p bo‘lganligi sababli biz faqat eng muhimlarigagina to‘xtalib o‘tamiz. Ularni tanlashda o‘z biligimizcha ish ko‘rmaslik uchun ushbu davrning eng nufuzli namoyandalaridan bo‘lmish Imom Abu Hamid G‘azzoliy (1058-1111) hamda mutafakkir shoir va olim Umar Xayyom (1048-1122) sanab o‘tgan yo‘nalishlarning o‘ziga diqqat qaratsak, kifoya qilsa kerak. CHunki bu davr islom mintaqasining tafakkur olamini qamrab olish uchun o‘nlab emas, balki yuzlab jildlar bitish kerak bo‘ladi va bu gaplar aslo mubolag‘a emas. Eng ajoyibi shuki, davrning eng muhim yo‘nalishlarini ajratib olishda buyuk mutakallim G‘azzoliy va buyuk faylasuf va tabiiyunchi (tabiiy fanlarni o‘rganuvchi) Umar Xayyom mutlaqo bir xil xulosaga kelganlar. Demak, bu xulosa ko‘p jihatdan o‘sha davrda mavjud haqiqatni aks ettirgan, deyish mumkin. Islom ma’rifatchiligi davrining eng buyuk allomalaridan bo‘lmish Imom Abu Hamid Muhammad bin Muhammad al-G‘azzoliy haqida uning muxlislari "Agar Muhammaddan keyin payg‘ambar bo‘lishi mumkin bo‘lganda, albatta G‘azzoliy bo‘lur edi", deb mubolag‘a qilishlari bejiz emas. Ushbu muhtaram zot islom mintaqa ma’naviyatining o‘zidan oldingi 5 asrlik takomilini o‘z asarlarida teran xulosalab, yangi yo‘nalishlarni belgilab bera olgan buyuk ustozdir. "Al-Munqiz min ad-dalal" ("Adashuvlardan qutqaruvchi") asarida Imom al-G‘azzoliy yozadi: "Menda shunday tasavvur shakllandiki, Haqiqatni izlovchilar toifasi to‘rt guruhga bo‘linadilar; Mutakallimlar, botiniylar, faylasuflar, so‘fiylar."95. Umar Xayyom ham o‘zining "Darxostnoma" ("So‘ralgan narsa haqida kitob") risolasida ushbu yo‘nalishlarni o‘zgarishsiz qaytaradi, ya’ni mutakallimlar, faylasuflar, ismoiliylar (ya’ni botiniylar) va so‘fiylarni u ham sanab o‘tadi96. Albatta, har bir yo‘nalishning ta’rifi har ikki allomada bir xil emas, chunki ularning dunyoqarashida o‘zaro jiddiy farqlar mavjud edi. Har ikki olimning tasnifi o‘zaro mos tushganligi avvalo islom ma’rifatchiligi davriga xos bir ma’naviy fazilatni muayyan aks ettiradi: bu davrga kelib islom mintaqa ma’naviyatida nafaqat shariat ahkomlari talqini da turlicha qarashlar, balki yanada kengroq ma’noda, ya’ni Borliqning oliy haqiqatini izlashda bir-biridan jiddiy farq etuvchi turlicha yo‘nalishlar vujudga kelgan va ular ziyoli davralarda o‘zaro rasman tan olingan edi. Hozirgi zamon tiliga o‘girib aytganda, Sunna davrida islom e’tiqodi aqidalari majmuyi bo‘lmish shariat doirasi bilan cheklangan talqinlar plyuralizmi (islom dinining besh mazhabi) shakllangan bo‘lsa, endi ikkinchi bosqichda Haqiqatni anglab etishda turli oqim va yo‘nalishlar (Tavhid ta’limoti doirasidagi turlicha qarashlar) plyuralizmi vujudga keldi. Ushbu hodisa hurfikrlik an’analari islom mintaqa ma’naviyatida 9-11 asrlardan yanada keng rivojlana boshlaganini anglatar edi.