Ta‟lim va tarbiyaning asosiy uslubiyatlari Harakatga o‘rgatish eng kichik yoshdan boshlanadi. Hayot uchun kerakli malaka va
ko‘nikmalar osondan murakkabga didaktik tamoyili asosida, izchillik bilan, asta-sekin hosil qilib boriladi va jismoniy tarbiya haqidagi eng sodda bilimlar, shaxsiy, umumiy gigiena qoidalari talablariga bo‘ysunishga o‘rgatiladi.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolaning jismoniy tarbiyasi umumiy o‘qitish uslubiyatlari
asosida olib boriladi hamda o‘qitishning onglilik va faollik, ko‘rgazmalilik, bajara olish va individuallik, muntazamlilik, izchillik tamoyillariga tayanadi.
Ko‘rgazmalilik uslubiyatida:
a) bajarilishi kerak bo‘lgan harakat ko‘rgazmali qurollar orqali namoyish qilinadi,
taqlid qilib ko‘rsatiladi;
b) so‘z yordamida ko‘rsatib tushuntiriladi, buyruq yordamida, aytib berish, so‘rash va
boshqa uslubiyatlardan foydalaniladi;
v) mashq qilish harakat shartini o‘zgartirmay va o‘zgartirib bajarishdan foydalaniladi;
g) o‘yin va musobaqa uslubiyati qo‘llaniladi.
Ko‘rgazmalilik uslubiyati barcha yosh guruhlarida harakat malakasi zahirasining katta
yoki kichikligiga qarab qo‘llaniladi.
Eng kichik yoshdagilarning malaka zahirasi kichkina bo‘lib, ularda mashqlar haqida
tasavvur hosil qilish juda qiyin bo‘ladi. Mashqqa o‘rgatish uchun ko‘rgazmalilik
uslubiyatidan ko‘proq foydalaniladi. Jismoniy mashqlarni ko‘rsatishdan tashqari
ko‘rgazmali qurollar: rasmlar, fotorasmlar, chizmalar, maketlardan foydalanish mashg‘ulot paytida mashq texnikasini egallashni osonlashtiradi. Harakatga o‘rgatishda taqlid qilish mashqlari yuqori samara beradi. Harakatni bajarishda o‘sha harakatni hayvonlar va boshqa jonivorlar harakati misolida o‘rgatish bolalarda obrazga kirib bajarishga qiziqishni shakllantiradi va ta‘lim jarayonini faollashtiradi.Bu uslubni bolalar qancha kichik yoshda bo‘lsa, shunchalik qiziqib bajaradilar.
Bu yoshdagilarda ko‘rish va jismlarga qarab mo‘ljal olish qobiliyatini o‘stirishning
ahamiyati katta. U, o‘z navbatida, murakkab jismoniy mashqlarning bajarilishini
osonlashtiradi. Masalan: balandga osib qo‘yilgan jismdan oshirib uloqtirish (bunda tana
orqaga bukiladi, tananing og‘irligi orqada turgan oyoqqa tashlanadi) yoki osib qo‘yilgan
buyumga, masalan, o‘yinchoqlarga sakrab etishni bajartirishning samarasi yuqori bo‘ladi.
Bolalarni mashqlarni qo‘rqmay bajarishga o‘rgatish muhimdir. Harakat malakasini
shakllantirishda ritm, sur‘atni his qilishga o‘rgatish uchun qo‘shiq, aytishuv bilan
o‘ynaladigan o‘yinlar tavsiya qilinadi.
So‘zdan foydalanish uslubiyati bolaning jismoniy mashq haqida to‘g‘ri tasavvur hosil
qilishiga, uni ko‘z oldiga keltirishiga yordam beradi. Ko‘rgazmalilik va so‘z yordamida
tushuntirish uslubiyatlari birgalikda qo‘shib olib borilsa, keyinchalik bola jismoniy
mashqlarning nomini eshitishi yoki o‘qishi bilan ularni qiynalmasdan bajara olish
malakasiga ega bo‘la boshlaydi. Tushunarliroq bo‘lgan so‘z va iboralarni qo‘llash tavsiya qilinadi. Masalan: quyonga o‘xshab sakraymiz; qarg‘aga o‘xshab qag‘-qag‘deb ikki oyoqlab yuramiz; ayiqqa o‘xshab lapanglab yuramiz; tulkidek tez harakat qilamiz kabi.
Bolalar harakat malakasi tajribasiga qanchalik boy bo‘lsa, ularga jismoniy mashq
o‘rgatishda so‘z bilan tushuntirish uslubiyatidan foydalanish osonroq bo‘ladi. So‘zdan
foydalanish o‘rgatishning har xil bosqichida turlicha bo‘lishi lozim. O‘rgatishning
boshlanishida harakat to‘liq tushuntiriladi, keyinchalik esa tushuntirish qisqa ko‘rsatmalar berish bilan almashinadi. Ko‘rsatmalar yordamida harakatdagi xatolarni to‘g‘rilash, ogohlantirish va ularni baholash mumkin. Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlaganda, buyruq va ko‘rsatmalar jismoniy mashqlarni baravar boshlash, tugallash, ularning sur‘ati va ritmini aniqlash, harakatga yo‘naltirish uchun qo‘llaniladi. Ko‘rsatmalardan asosan kichik yoshdagi guruhlarda ko‘proq foydalaniladi. Ko‘pchilik jismoniy mashqlar qo‘shiq, she‘r, voqeaband matn yoki harakatlarni bajarish yo‘l-yo‘riqlarini aytib turish bilan qo‘shib ijro etiladi.