Xalqaro sport va Olimpiya harakatining vujudga kelishi хамма мавзулар бор ичида
Armiya va harbiy-o’quv yurtlarida jismoniy tayyorgarlik. Rossiyaning Krim urushidagi mag’lubiyati rus armiyasining tayyorgarlik, tashkiliy va texnik jihatdan qurollanishida jiddiy kamchiliklar borligini ochib tashladi. Biroq chor hukumati tub islohot o’tkazish yo’lidan bormadi, balki qo’shinlar ta’limi, tarbiyasi va jismoniy tayyorgarligi sohasida ba’zi bir yangiliklar joriy etish bilangina cheklandi.
1856 yili chor hukumati qo’shinlar ta’limining yangi dasturini joriy qildi, ustavni birmuncha soddalashtirdi va armiyadagi jismoniy tayyorgarlikni qonunlashtirdi. 1859 yili «Qo’shinlarda gimnastika o’rgatish qoidalari» tasdiqlandi. Unda jismoniy mashqlar uch guruhga ajratilgan edi: 1) gavda mushaklarini o’stirish uchun tayyorgarlik mashqlari; 2) yugurish; 3) harbiy-amaliy mashqlar hamda snaryadlarda: xoda, arqon, zina, xari, brusya, konda bajariladigan mashqlar, balandlikka va uzunlikka sakrash mashqlari, xoda ustida muvozanat saqlash va tirmashib chiqish mashqlari.
1874 yilda amalga oshirilgan qurolli kuchlar islohoti armiyaga chiqariluvchilar sonini ko’paytirdi va haqiqiy xizmat muddatini cheklab qo’ydi. Bu tadbirlar askarlar jismoniy tarbiyasini yaxshilashni shart qilib qo’ydi. Yo’l-yo’riqlar va metodik qo’llanmalar ishlab chiqila boshlandi. 1879 yildayoq «Qo’shinlarga gimnastika o’rgatish yo’l-yo’riqlari va ochiq joyda bajariladigan gimnastika» qo’llanmasining ikkinchi nashri chiqdi. Ochiq joyda bajariladigan gimnastika askarlarni jismonan tayyorlashning suvorovcha metodika elementlari, xususan: ungir, chuqurlikdan sakrab o’tish, emaklash, tirmashish, o’rmalash, tezlashtirilgan marshlar, suzish, suvdan hosil topgan to’siqlarni yengish va shu singarilar kirardi.
Harbiy ministr D.S.Milyutinning eng yaqin yordamchisi M.I.Dragomirov (1830-1905 yillar) janglarda harbiy-amaliy malakalar hosil qilish, chidamlilik, epchillik va harakatchanlik xislatlarini tarbiyalashga yordam beradigan jismoniy tayrgarlikni joriy etish tarafdori edi. Dragomirovning fikricha, gimnastika yurish, yugurish, sakrash, muvozanat saqlash, tirmashish va to’siqlarni yengish malakalarini takomillashtirishga imkon berishi kerak. U gimnastika mazmuniga yurish, yugurish, sakrash, tirmashish, to’siqlarni yengish, muvozanat saqlash va nayza bilan jang qilish mashqlarini kiritdi. Armiyada zovur, xoda, gulzor, o’ngir, g’or singari to’siqlardan iborat hujum doirasini egallash mashqlarini joriy etishni ham M.I.Dragomirov taklif qilgan edi.
P.F.Lesgaft harbiy qo’shinlar jismoniy taryyorgarligi nazariyasini taraqqiy ettirishga talaygina hissa qo’shdi. P.F.Lesgaft 1875-1876 yillarda harbiy vazirlikning topshirig’i bilan G’arbiy Yevropadagi bir qancha mamlakatlarda bo’lib, u yerlarda jismoniy tarbiyaning qanday yo’lga qo’yilganligi va gimnastika o’qtuvchilarini tayyorlash ishlari bilan tanishgan edi. 1877 yili u Rossiyaga qaytishi bilan harbiy gimnaziyalar uchun jismoniy tarbiya dasturini ishlab chiqdi va 12 ta harbiy bilim yurtida bu dasturning amalga oshirilishini kuzatib bordi. Lesgaft harbiy gimnaziyalar uchun gimnastika o’qituvchilari tayyorlash kurslari (1877 yil) hamda gimnastika va qilichboz o’qituvchilar malakasini oshirish kurslari (1884 yil) tashkil qilishda faol ishtirok etdi. U jismoniy tayyorgarlikka baho berar ekan, jismoniy mashqlar qo’shinlar harbiy tayyorgarligining muhim vositasidir, degan fikrga asoslandi. Lesgaft jismoniy tayyorgarlik mazmuniga oddiy harakatlar (bukish va yozish) irg’itish yoki uloqtirish va to’siqlardan oshib yugurish, og’ir narsalarni ko’tarib mashq qilish, suzish va sakrash (hamma turlari), kurash, o’yinlar, snaryadlarda bajariladigan mashqlarni kiritdi.
General A.D.Butovskiyning (1838-1917 yillar) faoliyati armiyada jismoniy tayyorgarlik nazariyasi va amaliyotini taraqqiy ettirishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. General Butovskiy 1888 yili – kadetlar korpuslarida jismoniy tarbiyani yo’lga qo’yish komissiyasining a’zosi bo’lgan vaqtida – «Sinfdan tashqari mashg’ulotlar qo’llanmasi»ni yozdi. Bu qo’llanmada kadet korpuslarida tarbiyalanuvchilarning bo’sh vaqtlarini har xil o’yinlar va jismoniy mashqlarga bag’ishlashi nazarda tutildi.
A.D.Butovskiy kadet korpuslarini jismoniy tarbiyadan malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida 1890 yili maxsus kurslar tashkil qildi va 16 yil davomida ularga o’zi rahbarlik qildi. U kurslarda jismoniy mashqlar tarixi va metodikasidan ma’ruza o’qidi. A.D.Butovskiy jismoniy tayyorgarlik o’tkazish metodikasiga ko’pgina yangiliklar kiritdi. U jismoniy tarbiyada vositalar emas, balki ulardan foydalanish metodlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lishini ta’kidlab o’tar edi. A.D.Butovskiy gimnastika, o’yinlar va qo’l mehnatini jismoniy tarbiyaning asosiy vositalari deb hisobladi.
Progressiv arboblarning zo’r berib qilgan harakatlariga qaramasdan, armiya va harbiy bilim yurtlarida jismoniy tayyorgarlik qoniqarsiz ahvolda qolaverdi. Ayrim harbiy qismlar va bilim yurtlarining ijobiy tajribalaridan foydalanilmadi. Armiya va harbiy bilim yurtlari uchun jismoniy tayyorgarlik bo’yicha kadrlar tayyorlash tizimida birlik bo’lmaganligi jismoniy tayyorgarlikning nazariy va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqishga salbiy ta’sir ko’rsatdi.