Ichki bildirishnoma rahbar shaxs yoki bo‘lim mudiri nomiga yoziladi. U toza qog’oz varag’iga qo‘lda yoki kompyuterda yozilishi mumkin. Bunday bildirishnomalar muallif tomonidan imzolanadi. U tashkilot faoliyat doirasidan chetga chiqmaydi. Masalan, bo‘lim mudiri bo‘limidagi xodimlarning ish faoliyati yuzasidan bildirishnoma yozishi mumkin.
Namuna Farg’ona tibbiyot kolleji
direktori I.A.To‘xtasinovga
Farmatsevtlik ishi bo‘limi
boshlig’i I.K. Sharopovdan
B I L D I R I SH N O M A
Bo‘limimizda hozirgi kunda o‘n besh nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ular o‘zlariga yuklatilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib, bo‘limning oldidagi vazifalarni bajarishga hissalarini qo‘shmoqdalar. Ayniqsa, Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish fani o‘qituvchisi Abduvahobov A. o‘z fani bo‘yicha katta mahorat to‘plab, kollej o‘qituvchilari o‘rtasida faol ekanligini ko‘rsatdi. Jumladan, bo‘limdagi normativ hujjatlarni tartibga solishga yordam berdi.
Shularni inobatga olib o‘qituvchi Abduvahobov A.ni yangi yil munosabati bilan moddiy rahbatlantirish lozim deb hisoblayman.
Bo‘lim boshlig’i: I.K. Sharopov.
2010-yil 1-dekabr.
Tashqi bildirishnomatashkilot rahbari tomonidan yuqori tashkilotga yoki yuqori lavozimdagi shaxsga chiqariladigan rasmiy xat turidir. U ikki nusxada, maxsus ish qog’oziga(blanka)ga kompyuterda yoziladi. Biri zarur joyga yuboriladi, ikkinchisi esa tashkilotda saqlash uchun qoladi.
Bildirishnomalar mazmuniga ko‘ra tashabbus, axborot va hisobot xususiyatlariga ega bo‘ladi. Tashabbus bildirishnomasi matnida tegishli masala yuzasidan umumiy yoki aniq takliflar ilgari surilib, rahbarni ularni hal etishga undaydi. Masalan, Mukofotlash nizomi buzilgani haqida. Axborot bildirishnomasi, odatda, rahbarga biror ish yoki vazifaning bajarilish jarayoni haqida xabar beradi. Masalan, o‘quv ishlab chiqarish amaliyotining borishi haqida. Hisobot bildirishnomasi ma’lum bir ishning tugallanishi yoki biron-bir ko‘rsatma, tavsiya, rejaning ijrosi haqida rahbarni xabardor qilish maqsadida tuziladi. Bu hujjat raport deb ham ataladi.