3. Ongli tanlanish Keyinchalik odam ongining o'sishi, fan va texnikaning rivojlanishi tufayli odamlarning oziq-ovqatga, kiyim-kechakka, dori-darmonga bo`lgan talabi ortishi bilan ongli tanlash nav, zot chiqarish ishida asosiy o'rinni egallagan. Bunda yaratilmoqchi bo'lgan o'simlik navi, hayvon zoti qanday ijobiy belgi xossalarga ega bo'lishi oldindan rejalashtiriladi. So'ngra ana shu reja asosida sun'iy tanlash olib boriladi. Bu esa yangi zot, navlar chiqarish muddatini qisqarishiga va tanlash natijasining qisqa vaqtda samarali bo'lishiga imkon beradi
Inson sun'iy tanlash o'tkazar ekan, birinchi navbatda o'z ehtiyojlarini qondirishni asosiy maqsad qilib qo'yadi. Inson ehtiyojlari esa turlicha: iqtisodiy, xo'jalik, estetik talablarni qondirish ko'rinishida namoyon bo'ladi. Chunonchi, bir xil odamlar tovuqning ko'p go'sht beradigan, ikkinchi xillari ko'p tuxum beradigan, uchinchi xillari urishqoq, to'rtinchi xillari esa dum patlari uzun, chiroyli zotini chiqarishni maqsad qilib qo'ygan va yillar o'tishi bilan maqsadiga erishganlar.
Shunga o'xshash, g'o'za seleksiyasi sohasida ishlayotgan bir xil olimlar g'o'zaning yirik ko'sakli, ikkinchi xil olimlar tez pishar, uchinchi xil olimlar tola chiqimi ko'p, to'rtinchi xil olimlar tolasi uzun bo'lgan navlarini chiqarishni maqsad qilib qo'yib, bu yo'nalishda sun'iy tanlash olib borgan, pirovard natijada qo'yilgan maqsad amalga oshgan.
Qoramol zotlarini yaratishda esa, bir xil olimlar uning ko'p go'sht beradigan bo'rdoqi zotini, ikkinchi xillari ko'p sut beradigan zotini yaratishga harakat qilganlar.
Sun'iy tanlashni turlicha yo'nalishda olib borish barcha organizmlarga taalluqlidir. Qovunlarning erta pishar (handalaklar), yozgi, yupqa, qalin po'choqli, kuzgi, qishki navlarini, qo'ylarning qorako'l, xisor, otlarning axaltaqa, qorabayir zotlari yaratilganligi bunga yorqin misoldir.
Markaziy Osiyoda kalta poyali bug'doy, no'xat, sabzi, o'rik, xandon pista, shaftoli, anor, anjir, uzum, yong'oq, olma va boshqa o'simliklarning turli-tuman navlari ham shu usulda yaratilgan.