Psixik rivojlanishi ortda qolgan maktabga borayotgan bolalar o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladilar. Ular maktabda o’qishga to’la tayyor emaslar, ularda maktabda o’qish uchun zarur bo’lgan ko’nikma va malakalar shakllanmagan, dastur talablarini o’zlashtirish uchun layoqati yetarli emas. Ular maxsus yordamsiz hisoblash, o’qish va yozishni, shuningdek, maktabdagi tartibni o’rgana olmaydilar. Faoliyatlarni tashkil etishda qiyinchilikni his etadilar. Ularda ruhiy toliqish kuzatilib, tez charchash, ish bajarish qobiliyatining pasayishi, boshlagan ishini bajarmaslik kabi holatlar kuzatiladi. Ko’pincha boshlari og’riydi.