1879 yilda Toshkentda Turkiston muallimlar seminariyasi ochildi. Bu seminariya maktablari rus boshlang’ich sinflari uchun o’quvchilarga ona tilidan muallimlar tayyorlab berishi lozim edi. XIX asrning 80-yillari o’rtalaridan boshlab seminariya rus-tuzem maktablari uchun ham muallimlar tayyorlashga ham kirishdi. Mahalliy tilni o’rganish majburiy qilib qo’yilganligi Toshkentdagi bu seminariyaning xususiyatlaridan biri bo’ldi. Seminariyada V.P.Nalivkin o’zbek tilida dars bera boshlagan birinchi o’qituvchi bo’ldi. 1887 yilda Nalivkin tuzgan lug’at va grammatika risolasi nashr etildi. Bular tilshunoslik tarixida o’zbek tiliga doir birinchi qo’llanma bo’ldi.
Maktablar uchun ajratilgan mablag’larning kattagina qismi o’rta o’quv yurtlariga sarflanardi. Toshkentdagi kodetlar korpusiga ayniqsa ko’p mablag’ sarf bo’lar edi. Ishlab turgan to’rtta o’quv yurtidan tashqari 1900 yildan boshlab yana beshta o’quv yurti ochildi. Samarqandda va yangi Marg’ilonda qizlar va erkaklar gimnaziyalari ishga tushdi; 1905-1916 yillar ichida o’rta maktablar soni ikki baravardan ziyodroq ko’paydi; uyezd markazlarining deyarli hammasida o’rta maktablar paydo bo’ldi.
Iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan Qo’qon va Toshkent shaharlarida 1905-1907 yillarda yangi tipdagi o’rta maktablar - o’g’il va qiz bolalar birga o’qiydigan kommertsiya bilim yurtlari ochildi.
Turkistonning iqtisodiy rivojlanishi hunar-texnika tipidagi maktablarning ochilishiga olib keldi. CHunonchi, 1896 yildayoq Toshkentda paxta zavodlari va boshqa zavodlarni ta’mirlash uchun kadrlar tayyorlaydigan bilim yurti ochildi; 1897 yilda irrigatsiya nazoratchilari tayyorlaydigan kurs tashkil etildi. 1902 yilda Toshkent yaqinida qishloq xo’jalik gidrotexnika maktabi ochildi: 1904 yilda Samarqandda bog’dorchilik va shu yilning o’zida Toshkentda temir yo’l texnika bilim yurti ochildi. 1908 yilda A.M.Malinovskaya Toshkentda qo’l-hunar ustalari hamda hisobchilar tayyorlaydigan xususiy qizlar hunar maktabini ochdi. SHu tariqa Turkistonda madaniy iqtisodiy rivojlanish ancha yuksa pog’onaga ko’tarildi.
Dostları ilə paylaş: |