1. Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamg‘armalar]



Yüklə 280,06 Kb.
səhifə1/6
tarix01.01.2022
ölçüsü280,06 Kb.
#106344
  1   2   3   4   5   6
b5e48198cc5a43f580514323c1283a2a 17032020




[OKOZ:

1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq to‘lash / 05.03.01.00 Umumiy masalalar;

2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.01.00.00 Moliyaviy tizimning umumiy qoidalari;

3.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.01.00 Umumiy qoidalar;

4.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.06.00.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti. Mahalliy budjet]

[TSZ:

1.Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamg‘armalar]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

[Ko‘chirma]

2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining budjet sohasidagi vakolatlarini kengaytirish, budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning mas’uliyatini yanada oshirish, mahalliy budjetlar daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini ta’minlashga qaratilgan yangi budjet tizimi joriy etilmoqda.



Ilk bor, “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan respublika budjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan, mahalliy budjetlar xarajatlari esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda to‘liq mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldiriladigan daromad turlari kengaytirildi.

2020-yildan boshlab barcha davlat maqsadli jamg‘armalari va chetdan jalb qilingan tashqi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan davlat xarajatlari konsolidatsiyalashgan davlat budjetida aks ettirilib, budjet qamrovi va ochiqligi darajasi kuchaytirildi. Xalqaro standartlarga muvofiq umumiy fiskal balansining hisobini yuritish yo‘lga qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qo‘llagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etildi, shuningdek, soliqlarni hisoblash va to‘lash tartiblari soddalashtirildi.

O‘z navbatida, amalga oshirilayotgan islohotlar vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining birinchi darajali xarajatlarni, davlat dasturlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish borasida javobgarligini oshirishni, manbasi aniq bo‘lmagan tadbirlarni amalga oshirmaslikni hamda budjet intizomini yanada qat’iylashtirishni talab etadi.

Davlat moliyasini tizimi va budjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq-budjet tizimining shaffofligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishida manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek, “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;

makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;

budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;

fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;

budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;

budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;

budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda xalqaro moliyaviy institutlarning takliflarini inobatga olgan holda 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining budjet-moliya sohasidagi asosiy vazifasi etib belgilansin:

soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish, soliqlar yig‘ilishi darajasini oshirish, mavjud zaxiralarni safarbar etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tegishli budjet daromadlari prognozining bajarilishini ta’minlash;

budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda uni tejash, budjet intizomini mustahkamlash, budjet mablag‘laridan foydalanishning natijadorligi bo‘yicha hisobdorlik tizimini kuchaytirish;

birinchi navbatda moliyalashtiriladigan (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar) xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish va kreditor qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik;

obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘larni, birinchi navbatda, oldingi yillardan o‘tuvchi obyektlarni ishga tushirishga yo‘naltirish;

O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarz mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltirish hamda ulardan samarali foydalanish orqali natijadorlikni ta’minlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda:

konsolidatsiyalashgan budjet defitsitini yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizidan oshmasligini;

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromad va xarajatlari balanslashtirilgan holda ijro etilishini;

O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini;

O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini ta’minlasin.

4. Belgilansinki, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:

yakunlangan loyiha va dasturlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan o‘tkazib, audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuboradi;

tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga 3 oy ichida taqdimotlar o‘tkazadi;

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini ta’minlaydi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi:

xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining soni 3 ta shtat birligidan iborat davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarni audit qilish sektorini tashkil etsin;

uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan o‘tkazish hamda ularni xatarlar bo‘yicha guruhlashtirish masalalarini o‘z ichiga oluvchi tartibni tasdiqlasin.

6. 2020-yilda ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. 2020-yil 1-fevraldan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshirilsin.

2020-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so‘m;

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so‘m;

eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m;

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin;

soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladigan bazaviy hisoblash miqdori — 223 000 so‘m o‘zgarishsiz qoldirilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligi:

mazkur qarorning 3-ilovasida ko‘rsatilgan 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rsin;

ikki hafta muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun va mohiyatini soliq to‘lovchilarga tushuntirish hamda amaliyotga joriy qilishni ko‘zda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.

9. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan qo‘shilgan qiymati solig‘ining salbiy summasini soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra qoplash tartibi 2020-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hisobvaraq-faktura tizimi operatorlari sonini ko‘paytirish hamda operatorlar bilan hamkorlikda 2020-yil 1-aprelgacha elektron hisobvaraq-fakturalar almashish tizimini to‘laqonli joriy qilish choralarini ko‘rsin;

elektron hisobvaraq-fakturalar yuritishga o‘tgan soliq to‘lovchilar uchun soliq hisobotlarini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalar yuritishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish bo‘yicha takliflarni 2020-yil 1-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. 2020-yilda soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, jismoniy shaxslar mulkiga kadastr qiymati asosida belgilangan mol-mulk solig‘i summasi 2019-yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan ortiq oshirilmasligi belgilansin.

11. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi:

a) budjet tashkilotlari bo‘yicha:

budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 99,2 foiz;

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga — 0,4 foiz;

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,4 foiz;

b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha:

budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 98,4 foiz;

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga — 0,8 foiz;

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,8 foiz.

12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

rentabellik darajasidan kelib chiqib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda solig‘i stavkalari 4-ilovaga muvofiq;

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy va kumush uchun 20 foiz va mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida tasdiqlansin.

14. Belgilansinki, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi va 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qo‘llaniladi.

15. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi:

2020-yil 1-aprelga qadar “O‘zdaverloyiha” ilmiy-loyiha instituti, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari bo‘lgan barcha yuridik shaxslarga yer solig‘ini hisoblash uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini yetkazsin;

2020-yil 1-iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, xalqaro tajribadan kelib chiqib, 2021-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini belgilashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Belgilansinki, mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig‘i bo‘yicha:

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahri shahar budjetlariga ajratiladigan mablag‘lar har oyda (hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yil yakuni bo‘yicha oxirgi ish kuniga qadar) o‘tkaziladi;

daromadlar prognozining bajarilmagan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetiga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi, prognozning oshirib bajarilgan qismi O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti ixtiyorida qoldiriladi.

17. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari budjet daromadi prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha to‘langan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha qat’iy ogohlantirilsin.

2020-yil 1-yanvardan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra ortiqcha undirilgan soliq summalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan stavkada foizlar to‘lagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda:

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlariga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha — tegishli mahalliy budjetlar hisobidan;

budjet tizimi budjetlari o‘rtasida taqsimlangan soliqlar bo‘yicha — tegishli budjetlar hisobidan ularga ajratmalar me’yoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

18. Foyda solig‘i to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan dividendlar (sof foydadan ajratmalar) to‘lash miqdorlari va davriyligini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali tegishli masalalarni ushbu yuridik shaxslarning boshqaruv organlarida ko‘rib chiqish uchun kiritish yo‘li bilan aniqlash huquqi berilsin.

19. Quyidagi soliq turlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismini to‘liq hajmda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjetiga qoldirilsin:

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

qo‘shilgan qiymat solig‘i (mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno);

foyda solig‘i (mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘i bundan mustasno).

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga narxlar (tariflar) va qonunchilik hujjatlari o‘zgarishidan kelib chiqib, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozini tasdiqlangan ko‘rsatkichlar doirasida hududlar kesimida qayta taqsimlash huquqi berilsin.

20. 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

21. 2020-yilda budjet tizimi budjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlansin:

moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasa;

belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari)siz yoki loyiha hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, ya’ni parallel ravishda olib borish;

pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tender (konkurs) o‘tkazmasdan (“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa) tanlab olish asosida.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan budjet intizomi qoidalariga rioya qilinishi ustidan Bosh vazirning tegishli sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, qurilish me’yorlari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, yollanma ishchilarning norasmiy faoliyatini legallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning hosildorlik oshishiga, suv va moddiy (elektroenergiya, mineral o‘g‘itlar va boshqalar) resurslar iqtisod qilinishiga ta’sirini mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda o‘rgansin va 2020-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

Mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan qoplansin.

24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining:

davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda zarar yetkazilmasligini ta’minlash;

Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish yuzasidan chiqariladigan qarorlarini majburiy tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilishi hamda zararlarni qoplashda ularning davlat budjeti va mahalliy budjet mablag‘laridan samarali foydalanishi yuzasidan mas’ulligi belgilab qo‘yilsin.

25. Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlar, ma’muriy va moliyaviy jarimalardan ajratmalar miqdorini budjetdan tashqari mablag‘lardan to‘lab kelinayotgan ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlarini unifikatsiyalashtirgan holda Davlat budjeti orqali amalga oshirish hisobiga maqbullashtirish bo‘yicha taklif kiritsin.

Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan ularning xodimlariga uy-joy va avtomashinalar xaridi uchun imtiyozli kreditlarni va foizsiz ssudalarni ajratish bekor qilinsin.

26. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab budjet tashkilotlari, vazirlik, idoralar va davlat maqsadli jamg‘armalarining:

milliy valyutadagi budjetdan tashqari mablag‘lari hisobi faqat Yagona g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi;

vaqtincha bo‘sh turgan milliy valyutadagi mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning so‘rovlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshiriladi;

tijorat banklari depozitlariga 2020-yilgacha joylashtirilgan milliy valyutadagi mablag‘lari depozit muddati tugagandan so‘ng, muddat uzaytirilmasdan Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablag‘lar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar so‘ndirilgandan so‘ng Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarining tijorat banklardagi hisobvaraqlarining harakati bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘ysin.

28. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davolash va profilaktika muassasalarida, “barkamol avlod” markazlarida, bolalar musiqa va san’at maktablarida, sport muassasalarida, davlat madaniyat muassasalarida, veterenariya bo‘linmalarida, shuningdek, adliya organlarida pullik xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini o‘rganib chiqqan holda aholiga yanada qulaylik yaratish, pul tushumlarining shaffofligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.

29. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar davlat tashkilotlarida yengil xizmat avtomashinalari cheklangan sonini belgilash, shuningdek, rahbar xodimlarga xizmat avtomashinalarini klassiga qarab biriktirish tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

30. Maktabgacha ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda o‘z tasarrufidagi muassasalarda ovqatlantirish bo‘yicha joriy etilgan autsorsing tizimining samaradorligini o‘rganib chiqsin va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.

31. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi markaziy apparatida ta’lim muassasalarida ish xaqini rejalashtirish va moliyalashtirish bo‘limlarini tashkil etish uchun hududiy g‘aznachilik organlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga qo‘shimcha 4 tadan shtat birliklari ajratilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda umumta’lim maktablarining o‘quv binolaridan samarali foydalanishga hamda sinflarni komplektlash jarayonining shaffofligini oshirishga qaratilgan umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

32. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga, hududiy moliya organlari tomonidan esa hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga kelgusi uch yil uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari chegaralangan miqdorlarini va budjetlararo transfertlar miqdorlarini har yili 15-iyunga qadar yetkazish tartibi joriy etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga har yili 1-mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanishining keyingi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozi aniqlashtirilgan ko‘rsatkichlarini, har yili 15-avgustga qadar esa o‘rta muddatli (kelgusi uch yilga) davrga mo‘ljallangan prognozlarini taqdim qilsin.

33. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari o‘rtasida budjetlararo transfertlarning miqdorini aniqlash va o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

34. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat budjeti xarajatlarini samaradorligini baholashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:

2020-yil davomida sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, avtomobil yo‘llari va suv xo‘jaligi sohalarida 2018-2019-yillardagi tadbirlarga yo‘naltirilgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning natijadorligini xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda tahlil etib, baholash;

baholash natijalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Suv xo‘jaligi vazirligi xarajatlarining sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini belgilash hamda, tajriba tariqasida, ularni baholash tizimini joriy etish, shu asosda ko‘rsatilgan vazirlik va idoralarning 2021-yil uchun budjetlarini shakllantirish;

2021-yildan boshlab barcha vazirlik va idoralarning budjetlari xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilagan holda maqsadli rejalashtirish tizimiga o‘tkazish va mazkur tizimni 2022-yil budjetini shakllantirishda tatbiq etish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida 5 ta shtat birligidan iborat Budjet xarajatlari samaradorligini baholash va budjetni rejalashtirishning dasturiy-maqsadli uslublarini joriy etish bo‘limi tashkil etilsin.

35. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlasin.

36. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlar mablag‘larining sarflanishi, shuningdek, respublika budjetidan mablag‘ oluvchi budjet mablag‘lari taqsimlovchilari tomonidan ularga ajratilgan budjet mablag‘laridan manzilli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar;

2020-yil 1-sentabrga qadar yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda vazirlik va idoralar, budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini va javobgarligini oshirishni nazarda tutuvchi Ichki nazorat va ichki auditni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotidan boshlab moliyaviy aktivlar va majburiyatlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy o‘tkazmalarni Davlat moliyasi statistikasining xalqaro standartlaridan kelib chiqib, hisobotda aks ettirsin.

40. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlarini quyidagi hajmlarda aniqlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari 113 500,0 mlrd so‘m miqdorida;

budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining xarajatlari 26 260,0 mlrd so‘m miqdorida;

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining xarajatlari 426,0 mlrd so‘m miqdorida.

41. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat moliyasini boshqarish, buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni shakllantirish, shuningdek, budjet muassasalarida ishlovchi ishchi xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisobini to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish bo‘yicha axborot dasturlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobiga server va telekommunikatsion qurilmalarini yangilasin.

42. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

43. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 30-dekabr,

PQ-4555-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga


1-ILOVA

2020-yil uchun ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari

mln so‘m


Yüklə 280,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin