[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.03.00.00 Pul tizimi va pul muomalasi. Inflyatsiya / 07.03.01.00 Umumiy masalalar]
[
TSZ:
1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]
O‘zbekiston
Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING PUL TIZIMI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi pul tizimining va bu tizim amal qilishining huquqiy asoslarini belgilab beradi.
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasining pul tizimi –
rasmiy pul birligini, pul muomalasini tashkil etish va boshqarib borishni o‘z ichiga oladi.
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasining rasmiy pul birligi (valyutasi) sifatida Rossiya Federatsiyasining valyutasi –
rubldan foydalaniladi, u Rossiya Federatsiyasining Markaziy banki tomonidan muomalaga chiqariladi. Bir rubl 100 kopeykadan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi hududida boshqa pul birliklarini kiritish hamda soxta pullar chiqarish man etiladi.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilgan rubllar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki balansida aks ettiriladi.
4-modda.
Rublning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa davlatlar pul birliklariga nisbatan rasmiy kursini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki har hafta Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki belgilaganidek e’lon qilib boradi.
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashqi iqtisodiy faoliyat olib borish hamda o‘zining pul daromadini O‘zbekiston Respublikasidan chet el valyutasida olib chiqib ketish huquqiga ega bo‘lgan mijozlarning joriy ehtiyojlarini qondirish uchun Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki belgilaydigan kurs bo‘yicha Rossiya rublini erkin muomaladagi chet el valyutasiga moneliksiz almashtirilishini ta’minlaydi.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida
naqd pulni tarkib toptirish, muomalaga chiqarish va yig‘ib olishni faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki respublika hududida muomala vositasi sifatida rubldan foydalanish bilan bog‘liq o‘zaro majburiyatlar va talablar to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan Bitimga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
7-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga chiqargan pullar Rossiya Federatsiyasi muomalaga chiqargan bank biletlari (banknotlari) va metall tangalardan iborat bo‘ladi.
Yangi namunadagi banknotlar va tangalar muomalaga chiqarilishi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
8-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z hisobidagi pullar hajmining o‘zgarishiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqibgina O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalada bo‘lgan pul massasini o‘zgartiradi.
9-modda.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki muomalaga chiqargan banknotlar va tangalar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha turdagi to‘lovlarda, hisoblarga, jamg‘armaga, akkreditivlarga o‘tkazish uchun, shuningdek pul o‘tkazish operatsiyalari uchun amaldagi qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart.
10-modda.
Rublning kredit emissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki bilan kelishilib belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
11-modda.
O‘zbekiston Respublikasi
hududida hisob-kitoblar, qonunlarda nazarda tutilgan
hollarni istisno etganda, rubllarda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida hisob-kitob qilish tartibi va shartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
12-modda.
Pul o‘tkazish yo‘li bilan hisob-kitob qilish shakllari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy etadigan qoidalar bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida pul o‘tkazish yo‘li bilan hisob-kitob qilishda foydalaniladigan to‘lov hujjatlarining namunalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tasdiqlaydi.
13-modda.
Yuridik shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek jismoniy shaxslar bilan yuridik shaxslar o‘rtasidagi to‘lovga doir hisob-kitoblar summasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qo‘yadigan miqdorlardan oshib ketgan taqdirda faqatgina pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
14-modda.
Shikast topgan va yaroqsiz holga keltirilgan banknotlar hamda tangalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan va u vakolat bergan banklar tomonidan qabul qilinadi va yangilariga almashtiriladi.
15-modda.
Qalbaki banknotlar va metall tangalar yasash va ularni g‘ayriqonuniy
tayyorlash, shuningdek ushbu Qonun talablarini boshqa yo‘sinda buzish qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.
KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-may,
835-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 1993-y., 5-son, 219-modda)