[
OKOZ:
2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.05.00.00 Fuqarolik protsessual qonunchiligi / 17.05.07.00 Sud qarorlari ustidan shikoyat qilish va qayta ko‘rib chiqish]
[
TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi;
2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Fuqarolik va xo‘jalik sud ish yurituvi]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenuminning
Qarori
Fuqarolik ishlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, fuqarolik ishlarining kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari hujjatlarining qonuniyligi va asosliligi, ular tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 403-moddasiga muvofiq, birinchi instansiya sudining apellatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi quyidagilarga tegishli:
da’vogar, arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillariga;
taraflar va uchinchi shaxslarning huquqiy vorislariga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan
nizolar bundan mustasno;
boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining himoyasida ariza bergan davlat boshqaruv organlari, tashkilotlar va alohida fuqarolarga (FPK 53-moddasining birinchi qismi);
ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsga;
prokurorga.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili sud hujjati ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga, basharti bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lgandagina haqli (FPK 69-moddasining ikkinchi qismi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning huquqiy vorisi tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga huquq o‘tganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, viloyat prokurori, unga tenglashtirilgan prokuror va ularning o‘rinbosarlari prokuror ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protesti keltirishga, prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha esa, FPK 403-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lganda kassatsiya protesti keltirishga haqli.
3. Tushuntirilsinki, qonunda kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti yuzasidan muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, quyidagilar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi:
sud buyruqlari;
sudning qonunda ustidan shikoyat berish nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan ajrimlari (masalan, ish muhokamasini keyinga qoldirish haqidagi, dalillarni tekshirish tartibini belgilash haqidagi ajrimlar va boshqalar).
4. Qonunga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi ajrimi qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi (FPK 405, 405
1-moddalari).
5. FPK 152-moddasiga ko‘ra, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati apellatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi va mazkur muddat oxirgi oyining tegishli sanasida tugaydi. Bunda apellatsiya instansiyasi sudi ajrimining faqat xulosa qismi e’lon qilinishi kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini hisoblashga ta’sir ko‘rsatmaydi, biroq muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani hal qilishda inobatga olinadi.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rtga qadar FPK 152-moddasining yettinchi qismida ko‘rsatilgan usulda jo‘natilgan bo‘lsa, muddat o‘tmagan hisoblanadi. Bunday holda kassatsiya shikoyati (protesti) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi
konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa hujjat bo‘yicha belgilanadi.
6. O‘tkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati manfaatdor shaxs iltimosnomasiga ko‘ra, basharti u kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi tomonidan tiklanishi mumkin (FPK 405
1-moddasining ikkinchi qismi).
Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga beriladi. Qayd etilgan protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimos bevosita kassatsiya shikoyati (protesti) matnida bo‘lishi mumkin.
7. Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablarga kiritilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi va boshqalar).
Jismoniy shaxsning kasalligi, nochor ahvoli, uning oilaviy ahvoli (oila a’zosining o‘limi yoki og‘ir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda kassatsiya shikoyatini berishni istisno etgan yoxud jiddiy ravishda qiyinlashtirgan bo‘lsa, uzrli sabablar deb topilishi mumkin.
Vakilning yordami uchun yoki davlat boji to‘lash uchun pul mablag‘larining mavjud emasligi, yuridik shaxs vakilining xizmat safarida, mehnat ta’tilida bo‘lishi, huquqshunosning yo‘qligi kassatsiya shikoyati berish muddati o‘tkazilganligining uzrli sabablari sifatida ko‘rilishi mumkin emas.
8. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masala sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilayotganda muhokama qilinadi.
Muddat o‘tkazilganligi munosabati bilan kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi sudyaning ajrimi FPK 407
3-moddasida nazarda tutilgan tartibda bekor qilinishi mumkin.
9. FPK 406-moddasida kassatsiya shikoyati (protesti) shakli va mazmuniga doir talablar
belgilanganligi sababli, sudya har bir holda kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs tomonidan qonunda ko‘rsatilgan talablarga rioya qilinganligini tekshirishi lozim.
10. Qonunga ko‘ra, kassatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, kassatsiya shikoyatiga vakilning imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protestiga taraf, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning protest keltirishga asos bo‘lgan murojaati ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi lozim.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga), shuningdek, qaytarilgan shikoyat (protest) va sudga taqdim etish chog‘ida unga ilova qilingan hujjatlar ilova qilinishi kerak.
11. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs tomonidan davlat boji to‘lashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdorlariga oid talabga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda sudya “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 5-moddasining 1-bandi, 8-moddasi va qayd etilgan Qonunga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”ga amal qilishi lozim.
Davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini qabul qilishda hal qilinishi lozim.
12. Tushuntirilsinki, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni suddan talab qilib olishga haqli.
Ishni talab qilib olish haqidagi masala sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda hal qilinadi.
13. Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi va u besh kunlik muddatda FPK 407
2-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi::
FPK 407
3-moddasida ko‘rsatilgan asoslar aniqlanganda — kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risida;
FPK 407
4-moddasida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda — kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risida;
kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida (FPK 407
5-moddasi).
FPK 407
3 va 407
4-moddalarida nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrimning ko‘chirma nusxasi kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga besh kunlik muddat ichida yuboriladi.
14. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim manfaatdor shaxsning arizasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan bekor qilinishi va shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinishi mumkin.
Kassatsiya shikoyati (protesti) berish uchun belgilangan muddat o‘tkazilib berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim bekor qilinganda, u kassatsiya instansiyasi sudiga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan, deb hisoblanadi (FPK 407
3-moddasining oltinchi qismi va 407
4-moddasining yettinchi qismi).
15. FPK 407
6-moddasiga muvofiq, sudya (sud) ishda ishtirok etuvchi shaxslar iltimosnomasiga ko‘ra, sud hujjatlari ijrosini ish bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini to‘xtatib turish yoki uning ijrosini to‘xtatib turishni rad etish haqida sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda ko‘rsatishi mumkin.
Sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risida ishni mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida yoxud kassatsiya instansiyasi sudining alohida ajrimida ko‘rsatilishi lozim.
16. Zarur hollarda sudya (sud) ishda ishtirok etuvchi shaxs iltimosnomasiga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar FPK 106-moddasida nazarda tutilgan da’voni ta’minlash choralarini qo‘rishga haqli.
17. Qonunga ko‘ra (FPK 407
7-moddasi), kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi masala ish sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatiladi.
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu haqda kassatsiya shikoyatini sud muhokamasiga ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va videokonferensaloqa o‘tkazilishida ko‘maklashadigan sudga yuboriladi (FPK 209-moddasi).
18. Qonunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilishi vaqti va joyi to‘g‘risida sud tomonidan xabardor qilinishi majburiyligi belgilanganligi sababli, ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida protsess ishtirokchilari tegishli tarzda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda, ishda ishtirok etuvchi shaxslardan biror-birining
sud majlisiga kelmaganligi, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga sabab bo‘ladi (FPK 397, 407
7, 417-moddalari).
Kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishlicha xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lganda ham, agar ulardan biror-biri kelmaganligi sababini uzrli deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga haqli.
Sud muhokamasini o‘tkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan shikoyat (protest) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kassatsiya instansiyasi sudining majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
19. FPK 413-moddasiga muvofiq, kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar kassatsiya shikoyati bergan shaxs shikoyatni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek, yuqori turuvchi prokuror esa, protestni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki qaytarib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilishi, protest qaytarib olinishi munosabati bilan kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish masalasi sud majlisida shaxsning shikoyatdan voz kechishga, protestni qaytarib olishga vakolati borligi tekshirilgandan so‘ng hal qilinadi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, FPK 69-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, basharti bu holat ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lmasa, kassatsiya shikoyatidan voz kechishga haqli emas.
Tushuntirilsinki, kassatsiya shikoyatidan voz kechilganda (protest chaqirib olinganda) kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritish tugatiladi, boshqa kassatsiya shikoyati (protesti) mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
20. FPK 47-moddasiga ko‘ra, protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, taraflardan biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakil nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketganda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi va h.k.), kassatsiya instansiyasi sudi bunday shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtirishga yo‘l qo‘yadi va ularga ishdagi barcha materiallar bilan tanishish uchun imkoniyat beradi. Huquqiy voris protsessga kirganligi haqida kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi. Bunda protsessdan chiqib ketgan ishtirokchining barcha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga o‘tadi.
21. FPK 415-moddasiga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni sud muhokamasiga tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘riladi.
Alohida hollarda kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish muddati sud tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi ajrim chiqariladi.
22. FPK 416-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishni kassatsiya tartibida ko‘rayotganida sud ishdagi materiallar bo‘yicha quyidagilarni aniqlashi kerak:
sudning hal qiluv qarori, ajrimida bayon qilingan xulosalarning
ish holatlariga muvofiqligini;
birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya etilganligini;
birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining ularning mazmuni va shakliga nisbatan qonunda belgilangan talablarga muvofiqligini.
23. Kassatsiya instansiyasi sudida ishni ko‘rib chiqish FPK 417-moddasida nazarda tutilgan tartibda, FPK 45-bobida nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, amalga oshiriladi.
24. FPK 418-moddasiga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish FPK 10-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida xabardor qiladi.
25. Tushuntirilsinki, ishni kassatsiya tartibida ko‘rishda sud yangi dalillarni tekshirish va yangi faktlarni aniqlashga haqli bo‘lmasdan, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya qilinganligini ish materiallari bo‘yicha tekshiradi.
Birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish predmeti bo‘lmagan yangi talablar, shu jumladan, da’vo muddatini qo‘llash to‘g‘risidagi talab, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.
26. Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) mazmunan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqaradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ajrimi ishni ko‘rish tugashi bilanoq darhol chiqariladi. Alohida hollarda, asoslantirilgan ajrimni tayyorlash besh kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirilishi mumkin bo‘lib, biroq ajrimning xulosa qismi sud tomonidan kassatsiya muhokamasi tamomlangan majlisda e’lon qilinishi kerak.
27. Kassatsiya instansiyasi sudining e’tibori kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan har bir vajni uning asosli yoki asossizligi haqidagi xulosani ajrimda ko‘rsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida ishni shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar, shu jumladan, sud xarajatlari taqsimlanishi ko‘rsatilishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi chiqarilgan ajrimni e’lon qilganidan so‘ng, sud protsessi ishtirokchilariga qabul qilingan ajrimning mazmun-mohiyatini, uning ustidan shikoyat qilish tartibini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish muddatini tushuntirishi shart.
28. FPK 399
1-moddasiga muvofiq, kassatsiya tartibida sud hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirishga quyidagilar asos bo‘ladi:
ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi;
sud
aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
sudning hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
29. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash deganda, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qo‘llanilmaganligi yoxud qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qo‘llanilganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalari buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi, basharti bu ishning noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgan bo‘lsa, sud hujjatlarini bekor qilishga asos bo‘ladi. Shu bilan birga protsessual qonunning FPK 399
3-moddasida nazarda tutilgan hollarda buzilishi har qanday holda birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlarining sud hujjatlarini so‘zsiz bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar qonun huquqiy munosabatlar vujudga kelgan paytda amalda bo‘lgan qonunchilik hujjati qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ysa, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan qonunchilik hujjati qo‘llanilganligi sud qarorlarini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
30. FPK 419-moddasiga muvofiq, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoxud qisman bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yubormasdan yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni o‘zgartirishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni to‘liq
yoki qisman tugatishga;
ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga.
31. Kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan sud hujjatlari qonunga muvofiq chiqarilgan degan xulosaga kelsa, kassatsiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirmasdan, sud qarorlarini esa, o‘zgarishsiz qoldirishga haqli.
32. Kassatsiya instansiyasi sudi FPK 122 va 124-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha sud hujjatlarini butunlay yoki qisman bekor qilishga, arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga haqlidir.
33. Tushuntirilsinki, kassatsiya instansiyasi sudi FPK 399
1-moddasi birinchi qismining 1-bandi va 399
3-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda sud qarorlarini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishga haqli.
34. FPK 419-moddasining 4-bandini qo‘llashda shuni inobatga olish lozimki, ushbu asos bo‘yicha ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishga ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmagan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan, shuningdek, arz qilingan talab bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan hollarda, yo‘l qo‘yiladi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan da’vo predmeti yoki asosini o‘zgartirish, da’vo talablari miqdorini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani (FPK 44-moddasining ikkinchi qismi), shuningdek, qarshi da’vo arizasini (FPK 200-moddasi) ish yuritishga qabul qilishni asossiz rad etilishi hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudi ajrimini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
35. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmaganligi yoki noto‘g‘ri hal etilganligi o‘z-o‘zidan sud hujjatini bekor qilishga yoxud o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida sud xarajatlarini FPK 138 — 141-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha yangidan taqsimlash haqida ko‘rsatiladi.
36. Kassatsiya instansiyasi sudi FPK 261 — 263-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda o‘z tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki ushbu moddalarda ko‘rsatilgan boshqa shaxslar arizasiga binoan quyidagilarga haqli:
kassatsiya instansiyasi sudi ajrimi yozuvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni va aniq ko‘rinib turgan
arifmetik xatolarni tuzatishga;
qo‘shimcha ajrim chiqarishga;
ajrimni tushuntirishga.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni uni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmaganligi bu masalalarni hal etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
37. Apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan, agar bu qonunda nazarda tutilgan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berish va uni ko‘rish, sudning hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish va ko‘rish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
38. Kassatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
ajrimni bekor qilishga va ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
ajrimni butunlay yoki qisman o‘zgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga.
Birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudining ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi ajrimini (masalan, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi va h.k.) bekor qilinganda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
39. Kassatsiya shikoyati ish kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgandan so‘ng kelib tushganda, uni bergan shaxsga ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest kiritish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi (FPK 407
3-moddasi birinchi qismining 3-bandi).
40. Tushuntirilsinki, FPK 403-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlariga ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish haqida protest kiritish to‘g‘risidagi ariza bilan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati ichida, mazkur muddat o‘tgan hollarda esa, ajrim chiqarilgan kundan boshlab bir oy ichida murojaat qilishga haqli. Mazkur muddatlar o‘tganidan keyin berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi (FPK 419
3-modda).
FPK 399
1-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlari kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud hujjatlari ustidan ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest kiritishga haqli.
Ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish besh nafar sudyadan iborat tarkibda FPK 417-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
41. Kassatsiya instansiyasi sudi davlat
organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilishi fakti aniqlanganda, ularning sud protsessida ishtirokidan qat’iy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, bu haqda jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi haqida sud majlisida e’lon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
42. Fuqarolik ishlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-noyabr,
35-son