Xoncharvoq — Pastdarg`om rayonidagi qishloq. Xoncharvoq — «Xonning chorbog`i» degan ma`noni bildiradi. Qishloq hozir shu nom bilan ataladi.
Qoraguzar — Samarqand viloyatidagi dovon. Suvdan o`tiladigan joy — kechik, guzar deyiladi, tog`dan oshib o`tiladigan joy — dovon ham ba`zi joylarda guzar deb ataladi. Aniqrog`i tog`dan oshib o`tiladigan joy dovon deyiladi. Qorong`i joydan, tog` darasidan o`tilgan joyni Qoraguzar deb ataganlar.
Talli Barzu— Samarqand yaqinidagi tepalik: «baland tepalik» (tall — arabcha «tepalik», bara — so`g`dcha «baland» yoki «Barzu tepaligi») demakdir. Barzu — Firdavsiyning «SHoxnoma» dostoni qahramonlaridan biri — afsonaviy paxlavonning nabirasi (Barzu degan ism uzun bo`yli yoki martabali demakdir).
Tallak — Samarqand viloyati Ishtixon rayonidagi qishloq nomi. Tall — tepalik, do`nglik, ak — kichraytirish affiksi, kichik tepalik degan ma`noni bildiradi. Mazkur qishloq nomi shundan kelib chiqqan.
Taxdso`h — Samarqand viloyati Nurota rayonidagi tog`. Tahko`h taxt, ya`ni «baland», «yuksak» hamda ko`h — «tog`» so`zlaridan olingan bo`lib, baland tog` degan ma`noni bildiradi.
Temirqopuq — Samarqand viloyati Nurota rayonidagi qishloq nomi. Temirqopuq qadimgi so`z bo`lib, «temir darboza» demakdir. Tor daradan o`tgan tog` yo`li turkiycha Temirqopuq, tojikcha Darbandi ohanin, arabcha Bobili hadid deb atalgan va bu tillarning hammasida «Temir darvoza» degan ma`no yotadi. Surxondaryo viloyatidagi Bo`zg`olaxona (Koxlug) darasi, Jizzax yaqinidagi Ilono`tdi darasi ham ilgarilari Temirqopuq deb atalar edi. Demak, Temirqopuq juda qadimiy nomlardandir.
Tim — Samarqand viloyati Narpay rayonidagi qishloq. Tim juda qadimiy so`z bo`lib, usti yopiq bozor yoki rasta degan ma`noni anglatgan. Arablar kelmasdan oldin O`rta Osiyoda tim deganda har qanday bozor tushunilgan va bu so`zning «bozor» ma`nosi so`nggi vaqtlargacha saqlanib qolgan. Tim so`zi Tojikistondagi Mug` tepaligidan topilgan qadimgi (VIII asr) sug`d yozuvlarida va arab tilida yozilgan manbalarda uchraydi. Sug`d tilida ham tim «do`kon», «savdo binosi» ma`nosini bildiradi.
Arab sayyohi Equtning (taxm. 1179—1229) yozishicha, Xurosonda tim karvonsaroy ma`nosini anglatgan. Fors lug`atlarida ham tim so`ziga «karvonsaroy» deb izoh berilgan. Mazkur qishloq nomi shundan olingan.
Toshqoq— Samarqand viloyati Narpay rayonidagi qishloq nomi. Tog`lardagi toshlar orasida yig`ilgan ko`lmak suv toshqoq deyiladi. Qishloq nomi ana shu so`zdan olingan.
Suluk — Samarqand viloyati Nurota rayonidagi qishloq nomi. Farg`ona viloyati Oxunboboev rayonida, Qashqadaryo viloyati CHiroqchi rayonida suvda yashaydigan jonivor — zulukni shevalarda suluk deyishadi. Agar shunday bo`lganda, bu so`z qandaydir boshqa komponent bilan birga qo`shilgan bo`lar edi (Sulukli, Zulukli va hokazo). So`g`d, So`g`diyona o`lkasining dialektal shakli Sulik bo`lgan va mazkur toponimlar shaklida bizgacha etib kelgan bo`lishi mumkin, chunki bu toponimlar aslida So`g`d hududida qayd qilingan.