5. Xorazm viloyati toponimikasidan darsda foydalanish Xorazm O`rta Osiyodagi eng qadimgi madaniyat markazi serunum vohalardan biri. U hozir paxtachilik sohasidagi erishgan yutuqlari tufayli mash`al viloyatga aylandi. Uning tarixi zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»da miloddan avvalgi IX — X asrlarda qayd etilgan.
Bu viloyat tarixi va uning toponimikasi haqida fikr yuritilganda o`quvchilarga, avvalo, «Xorazm» so`zining etimologiyasi haqida batafsil ma`lumot berish zarur.
O`qituvchi bir qator viloyatlar tarixi va uning rayon, qishloq va ovullari nomlarining kelib chiqish manbalari ustida to`xtalar ekan, Xorazm viloyati rayonlari, qishloq va ovullarining nomlari toponimikasiga ham batafsil to`xtalishi lozim. Masalan «XII —XIII asrlarda Xorazm davlatining kuchayishi» mavzusi quyidagi mavzuchalarga bo`lib o`rganilsa maqsadga muvofiq bo`ladi. Mavzu quyidagi reja asosida bayon etiladi:
a) Xorazmning kuchayishi;
b) Xorazmshohlar davlatining ijtimoiy va xo`jalik hayoti;
v) Buxoro va Samarqanddagi qo`zg`olonlar. SHundan so`ng o`qituvchi Xorazm viloyati tashkil topgandan to hozirgi kunga qadar bosib o`tilgan tarixiy jarayon va uning kelajagi haqida qisqacha ma`lumotlar keltirib, viloyat va uning hududidagi jamoa xo`jaliklari, ovul, qishloq, rayon, shaharlar nomlarining kelib chiqishi haqidagi masalalarga batafsil to`xtalishi lozim.
Biz quyida O`zbekiston tarixi kursini o`qitish jarayonida Xorazm vohasi bo`yicha toponimikaga oid ma`lumotlardan qanday foydalanish mumkin? degan savolga javob berishni maqsad qilib qo`ydik. Toponimikaga oid ma`lumotlardan foydalanib o`tkaziladigan bir soatlik tarix darsining taxminiy rejasi keltiriladi.
Darsni tashkil qilish: a) sinfning darsga hozirligini kuzatish; b) o`quvchilar diqqatini darsga jalb qilish.
O`tgan mavzu:«Turkiy tilda so`zlashuvchi xalqlarning shakllanishi» degan mavzu yuzasidan o`quvchilarga beriladigan savollar: a) Xaritadan turkiy tilda so`zlashuvchi o`zbek xalqlarining dastlabki ajdodlari yashagan joylarni ko`rsating; b) Turkiy tilda so`zlashuvchi xalqlar ajdodlari shakllanishini necha bosqichga bo`lish mumkin? Har bir bosqichga ta`rif bering; v) o`zbek tilining dastlabki shakllanishi qaysi lahja va tillardan kelib chiqqan edi? g) IX — XII asrlarda o`zbek xalqi va uning tilining shakllanish jarayoni xususiyatlarini aniqlang; d) Tilning aniq shakllanishi qaysi rayon, shahar, voha va vodiylarda aniq sezilgan?
O`quvchilar yuqoridagi savollarga javob berganlaridan so`ng o`qituvchi ulardan Xorazmning qaysi hududlarida hozirgacha o`sha turkiy til elementlari saqlanib kelayotganligi va Xiva, Xo`jayli shaharlarining hamda Xorazm so`zi qanday ma`noni anglatishini so`raydi.
SHu savollarga olingan javoblar o`quvchilarning shahar tarixini va uning nomini o`rganishga bo`lgan qiziqishini orttiradi. Demak, o`qituvchi o`quvchi to`g`ri yorita Olmagan savollarni to`ldirib, o`tilgan mavzuni yangi mavzuga bog`laydi.