Til osti yoyi. Baqalarda bosh skeleti (barcha quruqlikda yashovchi boshqa umurtqali hayvonlarniki singari) autostilik tipda tuzilgan. Shuning uchun jag‘ yoylarini miya qutisiga bog‘lashlikdan ozod bo‘lgan va uning ustki elementi eshitish suyagi uzangisiga, pastdagisi (gioid) esa oldingi jabra yoylari bilan birgalikda til osti skeletiga aylangan. Baqaning til osti skeletini topish uchun pastki jag‘ juftlari oralig‘ida joylashgan jag‘ oraliq muskulini ehtiyot qilib ajrating.
Til osti skeleti apparati tog‘aydan tuzilgan toq plastinkadan iborat bo‘lib, undan ikki juft asosiy o‘simta chiqadi. Shu o‘simtalarning oldingisi tog‘aydan hosil bo‘lgan va gioidlarga gomologdir. Ular oldingi shoxchalar deb ataladi. Oldingi shoxchalar orqaga yo‘naladi, so‘ngra yuqoriga ko‘tariladida, halqumni yon tomondan o‘rab olib, eshituv kapsulalarining devorlariga birikadi. Orqa o‘simtalar shoxchasi bir juft uzunchoq suyakdan iborat bo‘lib, til osti plastinkasidan orqaga yo‘nalgan.
Amfibiyalarning barchasidagidek, baqaning miya qutisi ham bir oz xondral suyaklaridan tuzilgan bo‘lib, deyarli tog‘aydan tashkil topgan. Bu tog‘ayning juda kam qismi qoplag‘ich suyaklar bilan qoplangan. Baqa miya qutisining ensa bo‘limida hozirgi barcha amfibiyalardagidek faqat yon ensa suyaklarigina bor. Ensa bo‘limining ustki ensa suyagi bilan ostki ensa suyagi taraqqiy etmaganligidan ensa bo‘limining shu yerlari tog‘ayligicha qolgan. Yon ensa suyaklarining har qaysisida bittadan qo‘shiluv bo‘rtmasi bor. Bu bo‘rtmalar yordamida bosh skelet birinchi bo‘yin umurtqasiga qarakatchan tarzda birikadi. Bu xususiyat quruqlikda yashovchi barcha umurtqali hayvonlar uchun xos. Bunday ikkita ensa bo‘rtmalarining mavjudligi amfibiyalar uchun juda xarakterli. Miya qutisining qopqog‘i bir-biriga choksiz birikkan bir juft qoplovchi, manglay-boshtepa suyaklaridan iborat. Ularning oldida hid bilish kapsulalarini qoplab turuvchi uzunchoq uchburchak burun suyaklari joylashgan. Bu suyaklarning orqa uchlari ko‘z kosasining oldingi devori tarkibiga kiradi. Bir oz oldinroqda jag‘lararo suyaklarning bo‘rtib chiqqan o‘simtalari ko‘rinib turadi. Eshituv bo‘limida baliqlardagi talaygina quloq suyakchalaridan faqat bir juft oldingi quloq suyagi hosil bo‘lgan. U ko‘z kosasining qisman orqa devorini tashkil etadi va shu bilan birga eshitish kapsulasini himoya qiladi. Oldingi quloq suyaklarining yon tomonlarida tangachasimon suyaklar joylashgan bo‘lib, bular oldingi uchi bilan ko‘z kosasining qisman orqa devorini tashkil etsa, orqa uchi bilan esa tanglay-kvadrat tog‘ayining orqa, suyaklashmagan tog‘ay uchini qoplaydi. Miya qutisining tubini diqqat bilan ko‘zdan kechirsak, undagi butsimon qoplag‘ich suyak parasfenoid ko‘rinadi. Bu suyakning oldi va ust qismida mayda tishchali dimog‘ suyaklari joylashgan. Bu suyaklar barcha amfibiyalarda juft bo‘ladi. Dimog‘ suyaklarining yon tomonlarida ichki burun teshiklari yoki xoanalar joylashgan. Tanglay-kvadrat tog‘ayi ko‘z kosasining oldingi yon va qisman orqa devorini qoplaydi. Tanglay-kvadrat tog‘ayining oldingi uchini ko‘ndalang joylashgan qoplag‘ich tanglay suyagi qoplaydi va bu suyak dimog‘ suyaklari bilan parasfenoidni bir-biridan ajratib turadi. Tanglay-kvadrat tog‘ayining qolgan qismi esa qoplag‘ich qanotsimon suyak bilan qoplangan. Baqalarda kvadrat suyagi taraqqiy etmagan. Endi bosh skeletini yonbosh tomonidan ko‘rib chiqamiz. Miya qutisi ko‘z bo‘limining oldingi qismi halqasimon pona-hidlov suyagi bilan o‘ralgan. Bu suyak suyakli baliqlarning ko‘z-ponasimon suyagiga gomologdir. Hid bilish ponasimon suyakning orqasidan to oldingi quloq suyagiga qadar bo‘lgan joyda miya qutisining yon devorida tog‘ayligicha saqlanib qolgan.