Monizm falsafa tarixida ikki: materialistik va idealistik shaklda mavjud. Materializm ruhiy ibtidoga qadar ham va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan tabiat, moddiy substansiya birlamchiligidan kelib chiqadi. Materializmning o‘zi turli xususiy tarixiy shakl va oqimlarga bo‘linadi: qadimgi, hamma narsa tabiiy «unsurlar» dan biri, ya’ni suv (Fales), havo (Anaksimen), olov (Geraklit) yoxud ularning qatori suv, havo, olov va tuproq (chorvaklarning qadimgi hind maktabi, Empedokl), suv, havo, olov, tuproq va metalga (qadimgi xitoy falsafasida) asoslangan deb tushunuvchi oddiy materializm; Yangi davr metafizik materializmi (Gobbs, Lokk); antropologik materializm (L. Feyerbax); dialektik materializm (K. Marks, F. Engels); ilmiy materializm (G. Feygl, J. Smart); emerjentistik materializm (J. Margolis, M.Bunge) va hokazolar. Izchil materializm (materialistik monizm), materializmning u yoki bu shaklda ilohiy turtki – deizm yoki tabiat bilan Olloh aynan bir– panteizm degan g‘oyani ilgari suruvchi shakllar to‘g‘risida ham gapirish mumkin.
Idealizmruh va ong birlamchiligidan, shaxsiy ong (subyektiv idealizm) yoki shaxsdan tashqari ruhning mutlaq g‘oyaligi (obyektiv idealizm)dan kelib chiqadi. Xitoy faylasufi Van Yan-Min (1472-1528), ingliz episkopi D. Berkli (1685-1753), «esse-percipl» (lot. mavjud bo‘lmoq - demak idrok qilinadi) prinsipini ilgari surgan nemis faylasufi I.Fixte (1762-1814) subyektiv idealizmning yirik namoyondalari edilar. Empiriokrititsizm, neopozitivizm, neokantchilik va boshqa qator falsafiy maktablar subyektiv idealizm prinsiplariga asoslangan. Qadimgi hind falsafasidagi braxmanizm va vedantizm, Yunon faylasufi Aflotun (er.av.427-347 yillar), xitoy faylasufi Chju Si (1130-1200), nemis faylasuflari Shelling (1775-1854), Xegel (1770-1831), neotomizm kabilarning falsafiy tizimlari obyektiv idealizmga mansubdir.
Agar dunyoni bilish mumkinligi to‘g‘risidagi masalani oladigan bo‘lsak, undagi faylasuflar haqiqiy bilimga erishish mumkinligini e’tirof etuvchi va uni inkor qiluvchilarga bo‘linadi. Uni inkor qiluvchilar yo‘nalishi agnostitsizm degan nom oldi va D.Yum (1711-1776) hamda I.Kant(1724-1804) bu yo‘nalishning taniqli vakillaridir. Agnostitsizm elementlari hozirgi tizimlar (neopozitivizm, kritikrealizm) da ham uchraydi. Haqiqatga erishish mumkinligini e’tirof etuvchilar orasida bilish (sensualizm), idrok (ratsionalizm), diniy va so‘fiy his qilish (irratsionalizm) kabi yo‘nalishlarni ham ajratish mumkin. Sensualizm va ratsionalizmning ham materialistik, ham idealistik shakllari mavjud.
Falsafiy yo‘nalishlarni bilish usullariga ko‘ra, empirizm, ratsionalizm va irratsionalizmga bo‘lish mumkin.