1-mavzu: Falsafa va uning jamiyat hayotidagi roli Reja:
1. Falsafaning predmeti, asosiy masalalari, tuzilmasi, funksiyalari. 2. Dunyoqarash mohiyati, tuzilishi va asosiy funksiyalari. 3. Dunyoqarashning tarixiy shakllari: mifologik, diniy, falsafiy va ilmiy dunyoqarash. 4. Yoshlar dunyoqarashida axboriy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirishda falsafaning ahamiyati 1. Falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong shakli, odamlar borlig‘i va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga munosabati aks etuvchi, tabiat, jamiyat va tafakkurning eng umumiy qonunlari kashf etiluvchi va ta’riflanuvchi ma’naviy faoliyatdir. Ya’ni bu dunyoga va insonning undagi o‘rniga nisbatan qarashlarning umumiy tizimidir.
Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday obyektiv va subyektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi.
Falsafaning mavzu sohasi «dunyo-inson» tizimi hisoblanadi: a) «dunyo» tizimi, b) «inson» tizimi va a) ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tizimi. Bu tizimlarning o‘zi turli darajada tasavvur etilgan. «Dunyo» tushunchasida bir butun dunyo, uning tarkibiy qismlari (megadunyo, makrodunyo, mikrodunyo; anorganik dunyo, organik dunyo, ijtimoiy dunyo va hokazolar), ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro munosabat tushuniladi. «Inson» tushunchasida alohida olingan shaxs, turli darajadagi ijtimoiy jamoalar, bir butun jamiyat tushuniladi.
Falsafani «dunyo» va «inson» tizimidagi hamma narsa va «inson» ni «dunyo» ga bo‘lgan har qanday munosabati qiziqtiravermaydi. Falsafa eng avvalo umumiylikka, «dunyo-inson» tizimidagi universal munosabatlarga yo‘nalgan. Bularga ontologik (borliq haqida), gnoseologik (bilish haqida), aksiologik (qadriyatlar haqida) va praksiologikmunosabatlar kiradi. Bu munosabatlarning umumiyligi ularning zarur tarzdaligini bildiradi. Insonlar qayerda va qanday davrda yashamasinlar, albatta mana shu munosabatlar orqali atrof- muhit bilan bog‘liqdirlar: ular - shu dunyoning mahsuli, ular shu dunyoni o‘rganadilar, uni baholaydilar va o‘zgartiradilar.
Qaysi falsafiy muammo - bosh, yetakchi muammo ekanligi faylasuflarni hamisha qiziqtirib kelgan. Ayrim faylasuflar buni Xudoni bilish, boshqalari - insonni bilish, uchinchilari - dastlabki borliqni aniqlash, to‘rtinchilari - dunyoning qadriyatli o‘lchovi va hokazolarni bilishda deb bilganlar. Falsafaning asosiy muammolari mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, ular nimalardan iborat?
Barcha falsafiy muammolarni uchta asosiy guruhga taqsimlash va quyidagi savollar bilan ifodalash mumkin:
1. Dunyo nima?
2. Inson nima?
3. Dunyo bilan inson o‘rtasidagi munosabatlar nimadan iborat?
Agar biz har qanday falsafiy muammoni oladigan bo‘lsak, u albatta mana shu uchta falsafiy masaladan bittasiga daxldordir.
Shunday qilib, falsafaning markaziy masalasi bo‘lgan insonning dunyoga munosabati,uning mavzusi hamda inson tabiatida mavjud bo‘lgan dunyoqarashidan kelib chiqadi. Bu yerda, «dunyo-inson» tizimi to‘g‘risida gapirganda, «dunyo» va «inson» ni ularning o‘zaro qarama-qarshi tomonlarini qayd etuvchi juda keng falsafiy tushuncha ekanligini nazarda tutish kerak. Shu bois mazkur kontekstda ular «Men» va «Men – emas», «subyekt» va «obyekt», «makrokosmos» va «mikrokosmos», «ichki dunyo» va «tashqi dunyo», «ruh» va «tabiat», «ong» va «materiya», «tafakkur» va «borliq», «g‘oyaviy» va «moddiy» kabi turli davr hamda har xil falsafiy tizimlarda insonning dunyoga nisbatan qarashlari aks ettirilgan bo‘lib, ular binar oppozitsiyalarga tengdir.
«Dunyo» – inson» muammosining mazmuni markaziy falsafiy muammo sifatida u yoki bu tarixiy davrning yetakchi yo‘nalishlari (tendensiyalari) mazmuni bilan bog‘liqdir. Jamiyatda ustuvor muammolar o‘zgarganida mazkur muammo mazmuniga nisbatan urg‘u, ta’kid ham o‘zgaradi. Bu urg‘ular u yoki bu tarixiy davr faylasuflarining diqqat markazi nimaga qaratilganligining ifodasi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, «dunyo-inson» muammosi u yoki bu davr falsafiy tafakkuri yo‘nalishini (paradigma) ifodalaydigan o‘z tarixiy shakllariga ega.
Shunday qilib, falsafa - bu ijtimoiy ongning o‘ziga xos shakli, nazariy dunyoqarash turidir. Bunda insonning dunyoga bo‘lgan universal munosabatlari (ontologik, gnoseologik, aksiologik va praksiologik) kategoriyalarning muayyan tizimi orqali umumiylashgan shaklda aks etadi va inson madaniyati yutuqlari sintezlanadi. Shu bilan bir qatorda, falsafa umumnazariy, dunyoni yaxlitligi va bir butunligicha o‘rganadigan fandir.
Falsafa bir necha funksiyalar (vazifalar) ni bajaradi. Ular orasida eng asosiylari: