Assortiment bo’yicha reja bajarilishining o’rtacha foizi 94,6%
( 208571 * 100)
220388
Assortiment bo’yicha reja bajarilmasligining sabablari:
Tashqi: bozor kon’yunkturasi, mahsulotlarning alohida turlariga talab o’zgarishi, moddiy-texnik ta’minot holati, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini o’z vaqtida ishga tushirmaslik.
Ichki: ishlab chiqarishni tashkil qilishdagi kamchiliklar, asbob-uskunalarning texnik holati yomonligi, uning turib qolishi, avariyalar, elektr energiyasi etishmasligi, ishlab chiqarish madaniyati pastligi va boshqalar. Assortiment bo’yicha reja bajarilishini aniqlashning boshqa usullari ham mavjud. Eng kam foiz usuli sodda usullardan biri sanaladi. Mazkur usul qo’llanilganda haqiqatdagi miqdor rejalashtirilganjan kam bo’lgan majburiy assortimentlar pozitsiyalari bo’yicha rejaning bajarilish foizi aniqlanadi. Olingan foizlarning eng kichigi assortiment bo’yicha reja bajarilishining jamlanma ko’rsatkichi sifatida qabul qilinadi, lekin u 100% dan ziyod bo’lmasligi lozim.
5. Mahsulot ishlab chiqarish maromiyligi tahlili Korxona faoliyati maromiyligi deganda tsexlar tomonidan ishlab chiqarishning sutkalik yoki oylik grafiklariga qat’iy rioya qilingan holda detallar, yarimfabrikatlar va mahsulotlarni bir maromda ishlab chiqarish tushuniladi.
Bir maromda ishlab chiqarish mahsulotlarni bir xil miqdorda ishlab chiqarilishi degani emas. Reja grafigi ishlab chiqarish hajmining o’sish sur’atlari tizimli tarzida oshib borishini nazarda tutadi. Oy davomidagi o’sish sur’ati grafikka mutanosib bo’lishi lozim.
Bunda korxonaning dispetcherlik xizmati muhim ahamiyat kasb etadi. To’g’ri tashkil etilgan dispetcherlik xizmati istalgan vaqtda quyidagi savollarga mukammal javob bera olishi talab qilinadi: u yoki bu detallarning qanday miqdori qayta ishlashning u yoki bu bosqichida turibdi, materiallar zaxirasi holati qanday, qanday dastgohlar qanday rejimda ishlamoqda, tanavorlar etkazib beruvchi hamkorlar qanday ishlamoqda, qancha detalni tuzatish talab qilinadi va hokazo. Dispetcherlik xizmati materiallari bo’yicha shoshilinch tartibda mahsulot ishlab chiqarish grafigi bajarilishini ta’minlovchi choralar qo’llanilishi lozim. Faqat shu holatdagina korxona maromiy ishlashi mumkin.
Biroq ishlab chiqarishning ayrim uchastkalarida smena grafigidan ortda qolish holatlari tez-tez uchraydi. Ular, odatda, tuzatiladigan va batamom yaroqsiz mahsulot paydo bo’lishi, avariya tufayli uskunalarning ko’zda tutilmagan to’xtab qolishi, buzilish va tuzatishlar, maxsus instrumentlar mavjud emasligi, tugallanmagan ishlab chiqarish but emasligi, ish o’rinlariga materiallarni o’z vaqtida etkazib bermaslik, ishlab chiqarishning qandaydir bosqichida texnologik jarayon buzilishi va boshqalar bilan bog’liq bo’ladi.
Hatto bir uchastkada mahsulot ishlab chiqarish smena grafigi bajarilmasligi boshqa uchastkalardagi normal ishlab chiqarish ritmi buzilishiga olib kelishi va bu bilan ish vaqti hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan etarli darajada foydalana olmaslikka sabab bo’lishi mumkin. Demak, nomaromiy faoliyat barcha iqtisodiy ko’rsatkichlarni yomonlashtiradi: mahsulot sifati pasayadi; tugallanmagan ishlab chiqarish va omborlarda tayyor mahsulotlarning rejadan tashqari qoldiqlari hajmi ortadi, buning oqibati o’laroq kapital aylanishi sekinlashadi; shartnoma bo’yicha etkazib berishlar bajarilmaydi va korxona mahsulotlarni o’z vaqtida jo’natmaganligi uchun jarima to’laydi; tushum o’z vaqtida kelib tushmaydi, shuning uchun pul oqimida ham tanqislik yuzaga keladi. Korxona faoliyati maromiyligi oy ichida kunlar yoki dekada bo’yicha, bo’linmalar bilan birga olinganda oylar va choraklar bo’yicha oylik (choraklik) mahsulot ishlab chiqarishga foizlarda aniqlanadi. Birinchi dekadadagi mahsulotlarning o’tgan oyning uchinchi dekadasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbati ham maromiylik ko’rsatkichi hisoblanadi. Yil davomida mahsulot ishlab chiqarish maromiyligini tavsiflash uchun oylar bo’yicha, bo’linmalar bilan birga olinganda dekadalar bo’yicha dinamik qatorlar tuzish maqsadga muvofiq.
Maromiylik bo’yicha reja bajarilishini baholash uchun bevosita va bilvosita ko’rsatkichlardan foydalaniladi.