2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi


Moliya vazirligidan qarz agentligiga



Yüklə 0,62 Mb.
səhifə29/34
tarix24.11.2023
ölçüsü0,62 Mb.
#133826
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   34
2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi

Moliya vazirligidan qarz agentligiga
1990-yillar boshiga kelib ayrim iqtisodchilar davlat qarzini boshqarish muammosini amaliy hal qilishning yaxshi yo‘li – bu qarz agentligini tashkil etishdir degan fikrni olg‘a surdilar. Agentlikni tashkil etishga asos tariqasida texnik samaradorlik, professionalizm, ochiqlik va hisobdorlik kabi sifatlar dalil qilib ko‘rsatildi.
Davlat qarzini boshqarishni Moliya vazirligidan alohida agentlikka o‘tkazishda quyidagi afzalliklar nazarda tutilar edi:

  • Davlat qarzini boshqarish – ijtimoiy siyosatning bir qismi ekanligi sababli o‘z idorasiga, boshqaruviga ega bo‘lishi shart. Davlat bozor ishtirokchilariga va saylovchilarga bu idora orqali o‘zining ochiq va hisobdor qarz siyosati olib borishini bildirib boradi. Shu sababli davlat Moliya vazirligi timsolida bozorda “g‘arazli” fiskal maqsadlarni qo‘zlab harakat qiladi degan shubhalarga o‘rin qolmaydi. Axborot asimmetriyasini kamaytirish qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini pasaytirishga olib keladi.

  • Agentlik oldiga iqtisodiy, bozor tamoyillariga asoslangan aniq-ravshan maqsadlar qo‘yiladi va uning ishi shu maqsadlarga erishishni ko‘zlab tashkil etiladi, kadrlar muammosi hal etiladi, masalan, boshqarish va mansabda o‘sishning moslashuvchan shakllari tanlanadi, agentlik xodimlarining ish haqi xususiy sektordagi ish haqlariga bog‘liq bo‘ladi.

  • Investorlar tomonidan qarz agentligini siyosiy sabablarga ko‘ra xulqini o‘zgartirmaydigan mustaqil institut sifatida tasavvur etilishi mamlakatga bog‘liq xatar mukofotini va u bilan bog‘liq holda qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi.

  • Davlat qarzini boshqarishdan davlat qimmatli qog‘ozlarini opportunistik emissiyasi yo‘li bilan xarajatlarni qisqa muddatli, vaqtinchalik tejash maqsadlarida foydalanish xatari kamayadi, masalan, ikkilamchi bozor auktsionida o‘tmay qolgan qoldiqlarni arzonga sotib tugatish.

  • Davlat qarzini boshqarishni alohida qilib ajratish qisqa muddatli qarzlarni ko‘paytirish maqsadlarida (hatto agar bu byudjet uchun katta xatar ekanligi aniq bo‘lsa ham) qarz boshqaruvchisiga ko‘rsatiladigan tashqi bosimlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

  • O‘z tashkilotiga ega bo‘lgan davlat qarzini boshqarish o‘zining tub vazifalarini bajarishga ko‘proq e’tibor beradi, chunki rahbariyat davlat qarzini boshqarish bilan byudjet siyosati yoki davlat qarzini boshqarish bilan pul siyosati o‘rtasida bo‘linib yurmaydi.

  • Rahbariyat tomonidan yuqori e’tibor boshqaruvchilarda kasb mahoratining o‘sishiga yordam beradi va ayni paytda raqobatli mehnat sharoitlarida kadrlar masalasini hal qilishni engillashtiradi. Davlat qarzini boshqarish Moliya vazirligida yoki Markaziy bankda “uya qurganida” byudjet yoki pul siyosati emas, balki uning o‘zi “aravaning beshinchi g‘ildiragi” bo‘lib qolaveradi.

Ayrim mamlakatlarda mana shunday dalillarga tayangan qarz boshqaruvchilari o‘z ishlarini Markaziy bankirlar ishlari bilan qiyoslay boshladilar. Davlat qarzini boshqarish inflyatsiyaga qarshi kurash kabi muhim davlat ishi ekanligi ayon bo‘lib qoldi. Agar Markaziy bankning mustaqilligi inflyatsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borishning zaruriy sharti hisoblansa, nima uchun davlat qarzini boshqarishni ham Moliya vazirligidan ancha mustaqil tashkiliy-huquqiy qobiqqa o‘ramaslik kerak? 2000-yilda davlat qarzini boshqarishning institutsional masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy konferentsiyalarning birida Moliya vazirligidagi ayirmachilik (separatizm) to‘g‘risida shunday deyildi: “O‘ziga xos hisobotlar va hisobdorlik sharoitlarida qarzni boshqarishga aniq maqsadlar belgilash zarurati qolgan boshqa makrosiyosatlardan mustaqil bo‘lishni talab etadi. Ayirmachilikni “Tinbergen printsipi” va nazorat nazariyasi bilan asoslab berish mumkin:

  • Har bir maqsad uchun birgina siyosiy dastak zarur;

  • Ijroni yaxshi baholash uchu shu ijroni bir maqsadga nisbatan o‘lchamoq kerak”54

Dastlabki paytlarda davlat qarzini boshqarish maqsadlari, maqomi va tashkil etilishiga yangicha qarashlar qarz boshqaruvchilarini xususiy portfel menejerlari amaliyotidan andoza olishga undadi. Bu amaliyot xarajatlar va xatarni qarz portfelini valyutalar bo‘yicha diversifikatsiyalash orqali pasaytirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Davlat qarzini boshqarishga xususiy sektordan professional boshqaruvchilarni jalb qilishga harakatlar kutilgan natijani bermadi. Ularning ko‘pchiligi Moliya vazirligida ish haqining pastligi sababli davlat xizmatchilari bo‘lishni xohlamadilar. Shunda Irlandiya va Daniyada keskin qadam qo‘yildi – davlat qarzini boshqarish Moliya vazirligidan ajratib olinib, alohida agentlikka joylashtirildi*. Bu mamlakatlarda operativ avtonomiyaga va yaxshi haq to‘lanadigan malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan agentlik Moliya vazirligiga qaraganda qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini tejashda yaxshiroq ish olib boradi deb hisoblangan edi. Bu ustunlik mexanik emissiyani davlat qimmatli qog‘ozlarini qaytarib sotib olish va almashtirish, foiz va valyuta svoplari hamda faol savdoning boshqa turlari bilan birgalikda qo‘shib amalga oshirilishi bilan ta’minlanadi. Professionallar o‘z yumushlarini yaxshi bajaradilar, chunki ular xususiy sektorda umumiy qabul qilingan bozor tamoyillariga va qarz portfelini boshqarishdagi yondashuvlarga amal qiladilar, agentlikda byurokratik to‘siqlarning yo‘qligi ularning qarorlarni tezroq qabul qilishlariga yordam beradi. Hukumat davlat qarzini boshqarish strategiyasini belgilaydigan printsipial mavqeini saqlab qoladi, ammo bu strategiya agentlikda ishlab chiqilgan menejment xatari modellarga asoslanadi.
Shunday qilib, rivojlangan mamlakatlarda qarz muammosining keskinlashuvi shu muammolarni yaxshi biladigan shaxslar ma’muriy resurslarini ko‘paytirishga olib keldi va endi hukumatning iqtisodiy bloki tuzilmasi quyidagi uchburchakni tashkil etdi:

  • M oliya vazirligi byudjet siyosati: hukumaga makroiqtisodiy menejment bo‘yicha yordam ko‘rsatish, keng doiradagi makroiqtisodiy va soliqqa tortish, xarajatlar va davlat aktivlarini boshqarish bilan bog‘liq tartibga solish masalalarini hal qilish;

  • M arkaziy bank pul siyosati: inflyatsiyaning past va turg‘un sur’atlarida namoyon bo‘ladigan narxlar barqarorligini ta’minlash;

  • Q arz agentligi davlat qarzini boshqarish: qarz portfelidagi xatarni va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini minimallashtirish.

Davlat qarzini boshqarishni turli idoralar o‘rtasida bo‘lib tashlash qarzni hisobga olishni va qarz strategiyasini ishlab chiqishni qiyinlashtiradi. Qarz agentligi bu muammoni yaxshi hal eta oladi, ammo, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, uning to‘la mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Birinchidan, oxirgi so‘zni aytish Vazirlar Mahkamasida qoladi. Ikkinchidan, Moliya vazirligi va Markaziy bankda to‘plangan resurslar va tajribani inkor etib bo‘lmaydi. Uchinchidan, bunday muhim siyosiy-byurokratik uchburchakda davlat qarzini boshqarishni pul va fiskal siyosati bilan muvofiqlashtiradigan idoralararo maslahat organi bo‘lishi zarur.
Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki iqtisodchilari tomonidan o‘rganilgan 18 mamlakat tajribalari shuni ko‘rsatdiki, qarzni Moliya vazirligi boshqaradigan mamlakatlarda (Sloveniya mustasno) davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish bo‘yicha auktsionlarni Markaziy bank o‘tkazadi, qarzni agentlik boshqaradigan mamlakatlarda bozor bilan jami aloqalarni agentlik ta’minlaydi. Davlat bilan bozor o‘rtasida vositachilik rolini yo‘qotgan Markaziy bank inflyatsiyaga qarshi kurashga yanada ko‘proq resurslar ajratishi mumkin edi. Agentlik esa bu rolni Markaziy bankdan olib qo‘yib, makroiqtisodiy uchburchakda davlat qarzini boshqarish marralarini ancha mustahkamladi.
Ammo davlat qarzini boshqarishni agentlikka o‘tkazish rivojlangan mamlakatlar hukumatlarining hammasiga ham xush kelgani yo‘q. Ayrim hukumatlar davlat qarzini boshqarishni (operativ jihatdan) ijtimoiy siyosatdan ajratib qo‘yishga o‘rin bormikin degan shubhalar bildirdilar. Ular ijtimoiy siyosatning bir qismi tarzidagi davlat qarzini boshqarish va portfel menejmenti tarzidagi davlat qarzini boshqarish o‘rtasida muvozanat yaratishga harakat qildilar. Davlat qarzini boshqarish, birlashtirish va modernizatsiyalash bilan, Moliya vazirligida qoldirildi, uning maqsadlari, tamoyillari va hisobdorligi qayta ko‘rib chiqildi. Davlat qarzini boshqarish Moliya vazirligida bo‘lishi quyidagi dalillarga asoslandi:

  • O‘z ofisi bilan kelishish agentlik bilan kelishishga qaraganda ancha oson, agentlikdagi mutaxassislar, masalan, moliya vaziriga maslahat beradigan darajada malakaga ega bo‘lmasligi mumkin.

  • Ixtisosga aloqasi yo‘q chet vazifalarini o‘z kishilaringga yuklash osonroq, masalan, aholining moliya sohasidagi ma’lumoti kabilar.

  • Moliya vazirligi davlatning aktivi va passivi balansini yaxshiroq biladi va shu sababli u sof qarzni agentlikka qaraganda yaxshiroq boshqara oladi.

  • Davlat qarzini boshqarishning byudjet va pul siyosati bilan aloqalarini saqlab qolish muhim, ayniqsa bozori endi shakllanayotgan mamlakatlar uchun bu katta ahamiyatga ega. Davlat qarzini boshqarishni byudjet va pul siyosati bilan muvofiqlashtirish shu qadar muhimki, agentliklar tashkil etishda shoshmaslik va davlat qarzini boshqarishni Moliya vazirligida qoldirish lozim. Bundan tashqari, agentlik Moliya vazirligidan operativ jihatdan alohida bo‘lgan taqdirda ham Moliya vazirligi timsolida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor. U qarz strategiyasini ishlab chiqadi va agentlikning ishiga baho beradi. Bu vazifalarni ado etish uchun Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo‘yicha o‘z mutaxassislariga ega bo‘lishi zarur.

  • O‘z bozorlarini endigina shakllantirayotgan mamlakatlarda davlat qarzini boshqarishni Moliya vazirligidan ajratilishiga qarshi “idoraviy” e’tirozlarga ancha salmoqli qarshi dalillar qo‘shildi. Masalan, Lars Kaldern bunday mamlakatlarda Moliya vazirligi qarzni Markaziy bank bilan jips kooperatsiyada boshqarishi lozim deb hisoblaydi. Qarz agentligini tashkil etish davlat qarzini boshqarish funktsiyalarini va davlat qimmatli qog‘ozlari ichki bozorini rivojlantirishni faqat qiyinlashtiradi55.

Davlat qarzini boshqarishni kim idora qilmog‘i kerak?, degan masalada Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki betaraflik pozitsiyasida qoldi (tabiiyki, xalqaro tashkilotlar uchun). Ular biron bir institutsional modelni boshqalaridan yuqori qo‘ymaydi, muhimi – manfaatdor tomonlar o‘rtasida rollarni to‘g‘ri taqsimlash va ularning hamkorligini yo‘lga qo‘yish. “Davlat qarzini boshqarish Moliya vazirligida bo‘lgani yaxshimi yoki agentlikda bo‘lgani yaxshimi?” degan savolni qo‘yib, javobi uchun statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, durang natijani olamiz: 2000-yillarning o‘rtalariga kelib Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo bo‘lgan 29 mamlakatdan 14 tasida agentlik faoliyat ko‘rsatdi, yana 14 mamlakatda davlat qarzini boshqarish Moliya vazirligida qoldi. Daniyada qarzni Markaziy bank boshqaradi. 2003 yildan keyin bu tashkilotga a’zo mamlakatlarning birontasida ham agentlik tashkil etilgani yo‘q. Agentlik saflarida ham talafotlar bor. Bulardan biri – Islandiya milliy qarzini boshqarish bo‘yicha agentlik (National Debt Management Agency – NDMA). Agentlik 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va unga xizmat ko‘rsatish, Islandiya hukumati nomidan kafolatlar berish va davlat qarzini boshqarishning boshqa vazifalarini bajarib kelgan edi. Moliya vaziri qaroriga ko‘ra davlat qarzini boshqarish Islandiya Markaziy bankiga o‘tkazildi, NDMA esa tugatildi. Uni o‘tkazishdan maqsadlar – “Moliya vazirligining qarz strategiyasiga asoslangan holda mablag‘ sarflari samaradorligini va qarzni boshqarish sifatini oshirish. Bu Islandiya va boshqa mamlakatlarda chiqimi kam moliyalashtirish manbalarini topish yo‘li bilan ichki va tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini minimallashtirishni bildiradi. Iloji bo‘lgan darajada valyuta, foiz va narx xatarlari pasaytiriladi, kafolatlar va qayta moliyalashtirishlarda yashiringan g‘aznachilik uchun xatarlar minimumga keltiriladi”56. Bundan chiqadiki, NDMA hukumat umidlarini ro‘yobga chiqara olmadi.

Yüklə 0,62 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin