-rasm. Fiskal siqib chiqarish
Shunday qilib, qisqa muddatlar jihatidan defitsit milliy daromad o‘sishiga yordam beradi, uzoq muddatlarda fiskal siqib chiqarishni yuzaga keltirib, unga to‘sqinlik qiladi. A.Smit nuqtai nazariga ko‘ra fiskal siqib chiqarish kapitalning emirilishini, parchalanishini anglatadi. Siqib chiqarish masalasi urushgacha bo‘lgan ishlab chiqarish tsikli haqidagi neoklassik nazariyalarda, masalan Fridrix Xayek va Ralf Xoutri asarlarida uchraydi. Keyns siqib chiqarish haqida quyidagilarni yozgan: “Agar, masalan, hukumat qo‘shimcha tarzda 100000 kishini jamoat ishlariga jalb qiladi va multiplikator... 4 ga teng, bu umumiy bandlik 400000 kishiga ko‘payganligini bildiradi... bu siyosatni moliyalashtirish usuli, bandlik o‘sishi uchun zarur bo‘lgan aylanma kapitalning ko‘payishi va uning natijasida narxlarning ko‘tarilishi foiz darajasi o‘sishini keltirib chiqarishi va bu bilan boshqa sohalardagi investitsiyalarga to‘siq bo‘lishi mumkin”16. Urushdan keyingi davrda ko‘pgina iqtisodchilar byudjetning barqarorlashtirish funktsiyasi haqidagi munozaralarda siqib chiqarishni unutmaslik lozimligini ta’kidlaganlar.
Rikardocha ekvivalentlik
Rikardo Adam Smitga munosabatda Maltus kabi keskin “shartaki” dissident bo‘lmagan. U iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatishda soliq va qarzlarni ekvivalent deb hisoblashni taklif etgan, xolos. Oradan deyarli ikki asr o‘tganidan keyin Rikardoning nomi (Adam Smit va Maltus nomlaridan farqli o‘laroq) davlat moliyasiga oid adabiyotlar sahifalaridan tushmay kelayotir.
“Bir yillik urush xarajatlarini ko‘tarish uchun 20 million qarz olinadi, bu millionlar millatning unum beradigan kapitalidan ajratiladi, musodara qilinadi, – deb yozadi Rikardo o‘zining “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari” asarining 17-bobida, – Hukumat shu 20 millionni soliq shaklida bir yo‘la olishi ham mumkin edi, undan keyin yillik soliqlarni milliongacha ko‘tarishga hojat qolmas edi. Ammo, bu pul olish va berishning mohiyatini o‘zgartirmaydi. Fuqaro har yili soliqqa 100 funt sterling to‘lab yurishi o‘rniga bir yo‘la 2000 funt sterling to‘lab butunlay qutilgan bo‘lar edi”.
Davlat xaridlari o‘zgarmas bo‘lganda bugun, hozir soliqlarni kamaytirish hamda defitsit kelajakda ularni oshirishni talab etadi. Shu sababli soliqlarni kamaytirishga javob tarzida davlat qimmatli qog‘ozlarining chiqarilishi soliq yukini engillashtirmaydi, faqat uning o‘sishini keyingi suradi, xolos. Kelajakda qarzni foizi bilan birga qaytarish zarurligi sababli soliq yuki ko‘payib boradi. Agar iste’molchilar juda ziyrak bo‘lganlarida, – deydi Rikardo, – Kelajakka boqib, u erda kattalashgan soliq yukini ko‘rgan bo‘lar edilar. Ularning umumiy soliq yuki (hozir kamaytirilgan, kelajakda oshirilgan) o‘zgarmasligini anglab, uzoqni ko‘radigan fuqarolar soliqlarning pasayishiga javoban iste’molni qisqartirmaydilar. Buning o‘rniga ular hozir soliqlar kamayishidan olingan tejamni kelajakdagi soliqni to‘lash uchun to‘playdilar, jamg‘aradilar. Natijada davlat jamg‘armalarining qisqarishi (byudjet defitsiti) miqdoran xususiy jamg‘armalarning o‘sishi bilan mos tushadi, pirovardida milliy jamg‘arma miqdori o‘zgarmaydi. Boshqa makroiqtisodiy o‘zgaruvchanlar ham o‘z holida qoladi.
Rikardocha ekvivalentlik davlatning byudjet cheklovlari va doimiy daromad to‘g‘risidagi gipotezaga tayanadi. Byudjet cheklovi deganda – bu o‘zgarmas xarajatlar holatida bugun soliqlarning kamayishi uning kelajakda o‘sishidir. Byudjet cheklovi – daromadi chegaralangan agent uchun iste’mol variantlarini tavsiflaydigan buxgalteriya ayniyati. Pul iqtisodiyotida umrguzaronlik qiladigan har bir odam biladi: biron-bir zarur narsani sotib olish uchun avval pul topish, qo‘lda pul bo‘lishi kerak. Bizning misolimizda agent – davlat, cheklangan daromad – soliqlar, pul topish – qarz olish demakdir. Byudjet cheklovi – fe’l-atvor, harakat qonuni emas. Agent qaysi yo‘lni tanlashni hal qilar ekan, byudjet cheklovini hisobga olishi mumkin, ammo bu uning oldida turgan muammolarning faqat ma’lum unsuri. Faraz qilaylik, davlatning bir so‘m puli bor, u sotib olishni xohlaydigan narsa ikki so‘m turadi. Davlat xarid qilishdan voz kechishi yoki bir so‘m qarz topib o‘sha narsani sotib olishi mumkin. Birinchi holda byudjet cheklovi qat’iy (qattiq) deb nomlanadi, chunki xariddan voz kechish muvozanatlangan byudjetni saqlab qoladi (o‘zining bir so‘miga bir so‘mdan qimmat bo‘lmagan narsani sotib olish mumkin). Ikkinchi holda byudjet cheklovi yumshoq deb nomlanadi, chunki kreditga xarid qilish byudjetni muvozanatdan chiqaradi, defitsit davlat oldida turgan muammolar unsuriga aylanadi (ikki so‘m turadigan narsani sotib olish).
Doimiy daromad to‘g‘risidagi gipotezaga ko‘ra uy xo‘jaliklari o‘z iste’molchilik qarorlarini amaldagi emas, balki doimiy daromadlariga ko‘ra asoslaydilar deb qaraladi. Amaldagi daromad doimiy daromadga qaraganda kam bo‘lganda kishilar bu etishmovchilikni qarz olish bilan qoplaydilar. Amaldagi daromad doimiy daromaddan yuqori bo‘lgan hollarda kishilar bu ortiqchalikni jamg‘aradilar, masalan, davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oladilar. Qarzlar va jamg‘armalar iste’molni vaqt bo‘yicha ravonlashtirish vositalari hisoblanadi. Oqil kishilar “borida chora-chora, yo‘g‘ida banda bechora” printsipi bo‘yicha yashashni xohlamaydilar.
Agar iste’molchining kreditorlar garov tarzida qabul qilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki, masalan, davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘lsa qarz olish muammo emas. Agar rivojlangan moliya bozori mavjud bo‘lsa, jamg‘arma ham muammo emas. Bu muammolar bo‘lmaganda iste’molchining, iqtisodchilar aytganidek, likvidik bo‘yicha cheklovlari yo‘q, u pul (jamg‘armoq) yoki qimmatli qog‘ozlar (iste’molga ishlatmoq)dagi pozitsiyasini tez va arzon hal qilish mumkin.
Milton Fridmanning doimiy daromad to‘g‘risidagi gipotezasiga ko‘ra, kishilar o‘z iste’molini o‘zlari “me’yoriy” deb hisoblaydigan daromad bilan asoslaydilar va bu daromad doimiy bo‘lishini xohlaydilar (qisman yildan yilga sal ko‘payib borishini). “Me’yor”dagi doimiy daromad haqidagi orzu o‘zgarmas tirikchilik darajasini saqlab qolishga intilishni aks ettiradi. Shunday bo‘ladiki, amaldagi daromad jiddiy o‘zgarishi mumkin. Masalan, agar oxirgi uch yilda amaldagi daromad 20000, 30000 va 25000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu summalarning o‘rtacha miqdori, ya’ni 25000 so‘m doimiy daromad deb hisoblanadi. Doimiy daromad to‘g‘risidagi gipotezaga muvofiq:
Kuzatiladigan daromad=Doimiy daromad+O‘zgaruvchan daromad (1.8)
Kutiladigan o‘zgaruvchan daromad nolga teng, chunki uning vaqtinchalik pasayishi vaqtinchalik ko‘tarilishi bilan muvozanatlanadi va pirovardida kuzatiladigan daromad doimiy daromadga tenglashadi. Unda iste’mol xarajatlari doimiy daromadga to‘g‘ri mutanosiblikka ega bo‘ladi:
Iste’mol xarajatlari = k · Doimiy daromad, (1.9)
bu erda k – iste’molga o‘rtacha moyillikni va iste’molga me’yoriy moyillikni ifodalaydigan konstanta.
Doimiy daromad ish haqining soliqlar to‘langanidan keyingi joriy qiymati hisoblanadi. Soliqlarning kamayishini defitsit orqali moliyalashtirish soliq yukining joriy qiymatini emas, balki uning vaqt bo‘yicha taqsimotini o‘zgartiradi, doimiy daromad va iste’molni o‘zgartirmaydi. Aytaylik, davlat soliqlarni 1000 so‘mga kamaytirdi va xarajatlarni kamaytirmaslik maqsadida yillik 10% bilan 1000 so‘m qarz oldi. Endi soliq to‘lovchilar soliqlar pasaymasdan oldingi davrga nisbatan 1000 so‘m ko‘p pulga ega bo‘ladilar, davlat esa qarzdan qutilishga qadar har yili foiz ko‘rinishida 100 so‘m to‘lashi (0,1·1000 so‘m) lozim.
Qarz daromaddorligi 10 foiz bo‘lganda 100 so‘m yillik qo‘shimcha soliqlarning joriy qiymati 1000 so‘mga, ya’ni soliqlarning pasayishidan tejashning joriy qiymatiga teng bo‘ladi. Soliq to‘lovchilar 1000 so‘m qo‘shimcha soliq majburiyatlari o‘rniga 1000 so‘mga davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oladilar. Aslini olganda davlat ularga bugun 1000 so‘m berib, o‘rniga kelajakda 1000 so‘mlik soliq majburiyatlariga yuklaydi, ularni ssuda olishga majbur etadi. Tadbirkor va ehtiyotkor soliq to‘lovchilar davlatning bu tarzda o‘z iste’mollarga aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Ular soliqlar pasayishidan olingan tejamni jamg‘arib boradilar. 10 foizli stavkada shu ming so‘m pul ularga 100 so‘m keltiradi, bu esa soliq yukiga har yili qo‘shilib boradigan summaga tengdir. Agar davlat qarzni to‘lash uchun bu qo‘shimchani yig‘ib olish harakatiga tushsa, unda soliq to‘lovchilar iste’molni qisqartirmay, jamg‘armani berib qo‘ya qoladilar. Natijada davlat behuda harakat qilgan bo‘lib chiqadi.
Uning ifodasi chizma (1.2-rasm)da berilgan. Defitsit pulga bo‘lgan talabni D dan D+Z ga ko‘taradi, ammo xuddi shu miqdorga – S dan S1 ga qadar jamg‘arma ham o‘sadi. Foiz darajasi o‘zgarmaydi, xususiy qarzlar va xususiy investitsiyalar ham o‘zgarmaydi. Eslatib o‘tamiz: standart nuqtai nazardan, defitsit foiz darajasi o‘sishini va xususiy investitsiyalarning pasayishini keltirib chiqaradi.
Dostları ilə paylaş: |