3-mavzu: O'rta osidagi dastlabki va temuriylar davrigacha bo'lgan iqtisodiy g’oyalar reja: «Buyuk ipak yo'li»


Markaziy Osiyo donishmandlari asarlarida islom ta'limotidagi iqtisodiy g'oyalarning bayon etilishi



Yüklə 0,52 Mb.
səhifə2/14
tarix24.10.2023
ölçüsü0,52 Mb.
#130850
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
3-mavzu O\'rta osidagi dastlabki va temuriylar davrigacha bo\'lga

2. Markaziy Osiyo donishmandlari asarlarida islom ta'limotidagi iqtisodiy g'oyalarning bayon etilishi.
Muqaddas kitob - Qur'oni Karimda kishilik jamiyatining faoliyat turlaridan biri iqtisodiyot sohasidagi munosabatlar muhim o'rin tutadi. Chunki iqtisodiy munosabatlarda insonlarning asosiy fe'l-atvorlari namoyon bo'ladi. Qur'oni Karim ahkomlari insonlarga ilohiy farmoyish sifatida zamindagi barcha insonlarning bir ota-ona Odam alayxissalom va Momo Havo farzandlari, binobarin aka-uka, opa-singal ekanligiga asoslanadi. Jumladan, «Hujurot» surasining 13-oyatida «Ey insonlar, biz sizlarni bir ota (Odam alayxissalom) va bir ona (Momo Havo) dan yaratib er yuzi bo'ylab har xil xalq qabila va elatlar tarzida taratib qo'ydik, toki sizlar bir-birlaringiz bilan tanishib, mehr-muxabbat hosil qilgaysizlar. Albatta sizlaning Olloh nazdida eng hurmatltrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta Olloh bilguvchi va hamma narsadan ogoh zotdir». Islomda «taqvo» deganda - solih, hayrli ishlarni ado etib, munkar, man qilingan, insoniyatni zavolga boshlaydigan ishlarni qilmaslik tushuniladi. Demak, taqvo insonlarning bir-biridan afzalligini belgilashdagi asosiy o'lchovlardan biri hisoblanadi. Bu afzallik ma'naviy va ruhiy tarbiyalash bilan o'zgalarni yashash va turmush kechirish huquqlarini e'tirof etish bilan shakllanadi.
Qur'oni Karimdagi iqtisodiy g'oyalarni bir necha guruhga ajratish mumkin. Ulardan biri eng avvalo halol mehnat, xususan dehqon, chorvador, hunarmandlar mehnati ulug'lanadi, peshona teri bilan halollik asosida hayot kechirishga da'vat etiladi, barcha boylikning asosida mehnat yotishi uqtiriladi.
Ikkinchi guruh g'oyalar - tijorat, ya'ni kengroq ma'noda esa bozor munosabatlariga alohida e'tibor qaratiladi. Masalan, Niso surasida (29-oyat) «Mollaringizni o'rtalarinigizga nohaq (ya'ni o'g'rilik, qaroqchilik, sudxo'rlik, poraxo'rlik, qimor kabi) yo'llar bilan emangiz! Balki o'zaro rizolik bilan bo'lgan savdo-sotiq orqali mol-dunyo qilingiz», deyiladi. Biroq sudxo'rlik, poraxo'rlik kabi illatlar shar'iy jihatdan xarom ekanligi qayta-qayta ta'kidlanadi.
Uchinchi guruh iqtisodiy g'oyalar esa, mulk va meros masalalariga qaratilgan. Mulkning muqaddasligi, birovning mulkiga xiyonat (ayniqsa omonatga xiyonat) qoralanadi, xatto biron odamning mol-mulkiga hasad qilish ham katta gunox deb hisoblanadi.
Yerga mulkchilik munosabati to'g'risida ham alohida fikrlar lo'nda bayon etilgan. Masalan Moida surasining 40-oyatida erdan unumli foydalanib olingan narsalargina insonga tegishli ekanligi ta'kidlangan.
Islomda jamiyatning tengsizligi taqdiri azaldan deb tan olinadi, ammo halollik va to'g'rilikka buyuriladi, yolg'on ishlatish, o'g'rilik, mehnatsiz daromad topish man etiladi. Bu xatoga yo'l qo'yganligi uchun qattiq jazo choralari belgilanadi (Moida surasi, 38-oyat), «ammo kim bunday jabru-zulmdan keyin tavba qilib, o'zini tuzatsa, albatta olloh tavbasini qabul qilar» (39-oyat).
Alloh Taoloning Qur'oni Karimda qarz olish va berish, meros, uni taqsimlash (4-sura, 8-oyat), etim-esirlarga muruvvat, xayr-ehson qilish haqidagi oyat karimalaridan kelib chiqadigan g'oyalar hamda soliq turlari va miqdori ham katta ahamiyat kasb etadi. Etim-esirlar haqiga hiyonat qilish eng katta gunohlardan deb e'lon qilingan. Shuningdek, o'zaro yordam ham zarur, lekin yomon ishlarda va dushmanlikda emas, deyiladi.
Islom ta'limotini chuqurroq tushunishda Qur'oni Karimdan keyingi xujjat payg'ambarimiz Muhammad Alayhis-Salomning Hadisi Shariflari hisoblanadi. Hadisi Shariflardan quyidagi namunalarni keltiramiz:

  • Munofiqlik belgisi uchtadir: yolg'on so'zlash, va'dasining ustidan chiqmaslik va omonatga hiyonat qilish.

  • Amirning sovg'a olishi xarom va qozining pora olishi dindan chiqishdir. • Boylarning uyiga kamroq kiringlar, aks holda Tangrining sizlarga bergan ne'matlarini pisand qilmagan bo'lasizlar.

  • Tilanchilik quyidagi uch toifadan birigagina joizdir:

1. Xun to'lovchiga;
2.Og'ir qarzdorga;
3.Miskin qashshoq kishiga.

  • Ekmoq niyatida qo'lingizda ko'chat turgan paytda behosdan qiyomat qoyim bo'lib qolishi aniq bo'lganda ham, ulgursangiz uni ekib qo'yavering.

  • Kimki hayotda tejamkor bo'lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi.

  • Pora beruvchi ham uni oluvchi ham do'zahga maxkumdir.

  • Ilmga nisbatan go'yo go'pon kabi posbon bo'linglar, lekin ilmni faqat rivoyat qilguvchi bo'lmanglar.

Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, Markaziy Osiyo donishmandlaridan al-Termiziy, al-Buxoriylarning to'plagan Hadisi Shariflari islom olamida eng ishonchli hisoblanadi.
Iqtisodiy munosabatlarning huquqiy asoslari islom ta'limotidagi fikhning tarkibiy qismini tashkil etadi. Vatandoshimiz Marg'inoniyning «Hidoya» asari shular jumlasidandir. Buyuk olim Burhoniddin al-Marg'inoniyning to'liq ismi Ali Ibn Bakr Ibn Abdul Jalil al-Farg'oniy ar-Rishtoniy al-Marg'iloniy bo'lib, ul zot 1123 yil 23 sentyabrda tug'ulgan. Ul zot Qur'onni, Hadis ilmlarini mukammal egallab fikh - islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur bilimga ega bo'lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli, Burhoniddin valmilla (Islom dinining dalili) va Burhoniddin al-Marg'inoniy nomlari bilan mashhurdir. Olim dastlabki ta'limni Marg'ilonda olib keyinchalik Movaraunnaxrning o'sha davrdagi diniy va ma'rifiy markazi bo'lgan Samarqandga ko'chib borgan va umrining ohirigacha o'sha erda yashagan. O'z asarlarini yaratishda Islom dinidagi sun'iylarning to'rt mashabi asoschilarning asarlarini o'rgangan. Bizgacha uning o'nga yaqin asari etib kelgan. «Alxidoya» asari esa 1178 yili Samarqandda yozilgan. Bu asar Xanafiya mashabining fikh masalalari bo'yicha asosiy qo'llanmaga aylangan. Keyinchalik esa butun musulmon olamiga mashhur bo'lib, musulmon huquqi fikh bo'yicha eng aniq izchil mukammal asar sifatida tan olingan. Asarda keltirilgan jumlalarning har biri puxta, sermazmun va qisqa so'zlar tarkibidan iborat. «Al-Hidoya»ning birinchi kitobi to'rt jildan iborat bo'lib, har biri alohida muammolarni tahlil etadi. Bu kitob 1994 yildan professor A.X.Saidovning izohi bilan nashr etilgan. Kitobning tarkibi quyidagicha:
1-jild - tahorat, namoz, ro'za, zakot va haj kabi farz amallarning ibodat masalalariga bag'ishlangan.
2-jild - oila huquqi, qullar muammolari, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalarni yoritgan.
3-jild - oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, da'vo, iqror bo'lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo'lish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovg'a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, valiylik, majbur qilish, homiyliy, bosqinchilik hususidagi masalalar yoritilgan;
4-jild - shafe'lik, meros taqsimlash, dehqonchilik va bog'dorchilik xususida shartnoma, qurbonlik qilish to'g'risida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq va qo'riq erlarni o'zlashtirish xususida, ovchilik, garovga qo'yish, jinoyatlar xususida, hun haqi to'lash, vasiyat kabi masalalarga bag'ishlangan.
Ushbu asarda yoritilgan masalalar tarkibidan ko'rinadiki, u juda boy tarixiy tajribani o'zida mujassamlashtirgan. Chunonchi kishilar o'rtasidagi munosabatlarda insonparvarlik, adolat barqaror bo'lishida katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, tijorat ishlarida adolat, to'g'rilik, halollik, insonparvarlik qoidalariga rioya qilish nihoyatda zarur ekanligi qayd qilinadi. Birovning haqiga hiyonat qilish, kishilarni aldash gunohi kabr sifatida ta'riflanadi. Demak, «Al-Hidoya» sakkiz asrdan buyon Islom dunyosi mamlakatlari uchun eng ishonarli manbalardan biri sifatida mo''tabar qo'llanma vazifasini o'tab kelmoqda.
Asarda keltirilgan shariat hukmlarini bajarish yuksak ma'naviy, insoniy fazilatlarni shakllanishida muhim omil bo'lib hisoblanadi.
Islom ahkomlariga mos ravishda paydo bo'lgan taffakkur taraqqiyotining muhim yo'nalishlaridan biri tasavvuf, ya'ni so'fiylik ta'limoti hisoblanadi. Bu ta'limotlar VIII-IX asrlarda arab dunyosida vujudga kelib, X-XI asrlarda Movaraunnaxr tuprog'iga etib keldi. Bu ta'limot insoniyatni ma'rifatga, insof va adolatga undashni, umuminsoniy qadriyatlarni e'zozlashni targ'ib qiladi. Nafs, xirs, boylik barcha yomon hislatlarga qarshi kurash tasavvufning mag'zi hisoblanadi. Uning maqsadi esa komil insonni tarbiyalashdan iborat. So''fiylik ta'limoti nafs deganda, inson fe'l-atvorida uning sha'nini bulg'aydigan illatlarni, jumladan, johillik, manmanlik, dunyoparstlik, poraho'rlik, o'g'rilik, ta'magirlik, xasislik, bahillik kabilarni tushunadi. Nafsni engish uchun inson imtihon qilinadi, buning uchun u o'zlikni anglashi kerak bo'ladi. Insondagi o'zlik ruhiy va jismoniy o'zlikdan iborat bo'ladi. Ruhiy o'zlik ilohiy makonda yaratilgan bo'lib, bu dunyoga imtihon va poklanish uchun yuborilgan. Mana shu ruhiy o'zlik nafs orqali imtihon qilinadi va ishq orqali poklanadi. Mana shu ikkita qarama-qarshi kuch doimo o'zaro kurashadi. Inson o'z nafsiga tobe bo'lgan sari ezgulikdan uzoqlashadi, ruhiy ifloslanib, o'zi esa tubanlashadi. Bu ta'limot vakillari jumlasiga Axmad Yassaviy, Sulaymon Baqirg'oniy, Najmiddin Kubro va Bahouddin Naqshbandlar kiradi. Ularning boy merosi bugungi kunda vatan, millat va komil inson tushunchalarini to'liq anglab etishda katta xizmat qiladi.

Yüklə 0,52 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin