Nazorat uchun savollar: 1.Kredit iqtisodiy kategoriyasini, kreditning zarurligini belgilovchi omillarni yoritib bering?
2.Kreditning mohiyatini, kreditning funksiyalarini, “Kredit” tushunchasining mazmunini ochib bering?
3.Kreditning prinsiplarini, kreditning zarurligini belgilovchi omillarni tushuntirib bering?
4.Kapitalning doiraviy aylanishi va aylanishini izohlab bering?
5. Aholining kreditga bo‘lgan talabining paydo bo‘lishini, davlatning kredit resurslariga bo‘lgan talabining paydo bo‘lishi va kreditning shakllarini yoritib bering?
6. Kredit qonunlarining zarurligi va obyektivligini tushuntirib bering?
7.Kreditning xarakterli va xususiyatli belgilarini ochib bering?
8. Kreditning qayta taqsimlash va muomala vositalarini yaratish funksiyasini yoriting?
44-MAVZU. KREDIT MUNOSABATLARINING RIVOJLANISH BOSQICHLARI
44.1. Kredit munosabatlarining yuzaga kelish sabablari. Kredit munosabatlarining rivojlanish bosqichlari. 44.2. Sudxo‘rlik kreditining yuzaga kelishi. Tijorat krediti va bank kreditining paydo bo‘lishi. 44.3. Kredit munosabatlarining yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlari. 44.4. Tijorat kreditining yuzaga kelish shart-sharoitlari. Bank kreditining paydo bo‘lishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
Tayanch iboralar: ishlab chiqarish, manifaktura, xunarmandchilik, tijorat krediti, davlat krediti, iqtisodiy munosabat, tomonlarning manfaatlari.
44.1. Kredit munosabatlarining yuzaga kelish sabablari. Kredit munosabatlarining rivojlanish bosqichlari. Korxonalarda asosiy va aylanma fondlarining doiraviy aylanishi jarayonida ularda kreditga ehtiyoj tug‘iladi. SHunga asosan kredit takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash zarurligidan kelib chiqadi, degan shartga asoslangan holda kredit berilishi kerak. Ammo bunda qo‘shimcha resurslarga muhtojlik o‘zo‘zidan avtomatik tarzda kredit berilishi kerakligini ifodalamaydi. Buning uchun kreditning zarurligini ifodalovchi boshqa sharoitlar ham mavjud bo‘lishi kerak.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri kredit munosabatlarini rivojlantirishda banklar kredit uchun xarakterli muhim shartlar va qonunlarga asoslangan holda kreditlash jarayonini amalga oshirishlari zarur.
Kredit bu vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘larini pul egasi yoki boshqalar tomonidan ma’lum muddatga, haq to‘lash sharti bilan qarzga olish va qaytarib berish yuzasidan kelib chiqqan iqtisodiy munosabatlar yig‘indisidir.
Kredit yordamida tovarmoddiy boyliklari, turli mashina va mexanizmlar sotib olinadi, iste’molchilar mablag‘lari etarli bo‘lmagan sharoitda to‘lovni kechiktirib, tovarlar sotib olishlari va boshqa har xil to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Kredit iqtisodiy kategoriya bo‘lib, ijtimoiy munosabatlarning aniq bir ko‘rinishi sifatida yuzaga chiqadi.
Kredit har qanday ijtimoiy munosabat emas, balki ijtimoiy ishlab chiqarish mahsuli, qiymatning harakati, qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni ifodalovchi kategoriyadir.
Kreditning mohiyati uning ichki belgilarini ochib berishga qaratilgan. Kreditning mohiyatini ochish – bu uning sifatlarini, muhim tomonlarini, iqtisodiy munosabatlar tizimining bir elementi sifatida ko‘rsatuvchi asoslarini bilish demakdir.
Iqtisodiy kategoriya sifatida kreditning mohiyati ko‘pgina iqtisodchi olimlar tomonidan o‘rganilib chiqilgan va ular tomonidan kreditning mohiyati bo‘yicha turlicha fikr bildirilgan.
Kreditning vujudga kelishi reallikka aylanishi uchun muayyan sharoitlar bo‘lishi zarur. SHu masala bo‘yicha bazi iqtisodiy adabiyotlarda keltirilgan fikrlarni taxlil qilib, iqtisodchilar tomonidan kreditning yuzaga kelishining quyidagi shartlariga ko‘proq etibor berilganini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Kredit munosabat bo‘lishi uchun:
birinchidan, kredit munosabat ishtirokchilari - qarz beruvchi va qarz oluvchi - xuquqiy jixatdan mustaqil subekt bo‘lishi kerak Mustakil subekt sifatida xar ikkala tomon bir-biri bilan o‘za’ro alokalardan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarishini moddiy jixatdan kafolatlay olishi kerak Majburiyatlarni bajara olish qobiliyatini xisobga olgan xolda mustaqil xuquqiy subyekt sifatida tomonlar itisodiy munosabatga kirishishlari kerak.
ikkinchidan, qarz beruvchi va qarz oluvchi manfaatlari bir-biriga mos tushgan taqdirdagina kredit zaruriyatga aylanadi. Bu manfaatlar avvalambor, obyektiv jarayonlar, o‘z’aro manfaatlarni taqozo etuvchi anik vaziyat bilan bog‘liq.
O‘zining tarixiy rivojlanishida kredit bir necha bosqichlarni bosib o‘tgan.
Ilk shakllanishi bosqichining asosiy belgisi ssuda kapitali bozorida maxsus vositachilarning yo‘qligi edi. Kredit munosabatlari, bo‘sh pul mablag‘larning egasi va qarz oluvchi o‘rtasida bevosita amalga oshirilar edi. Bu erda kredit sudxo‘rlik kapitali sifatida namoyon bo‘ladi. Uning o‘ziga xos belgilari sifatida quyidagilarni belgilab o‘tish mumkin:
qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasidagi, to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvga asoslangan qarz munosabatlarining to‘liq markazlashmaganligi;
mablag‘larni taqsimlashning cheklanganligi;
qarz mablag‘laridan foydalanganligi uchun juda yuqori foiz me’yorlarining belgilanganligi va boshqalar.
Bu bosqichning tugallanishi ishlab chiqarish maqsadlari uchun moliyaviy qarz resurslariga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishiga olib kelgan kapitalistik ishlab chiqarish usuli bilan bog‘liq. Alohida olingan sudxo‘rlarning individual kapitallari ko‘rsatilgan talablarni qondirish uchun etarli emas edi. Bu esa ba’zi mulkdorlar tomonidan boshqa mulqdorlar pul mablag‘larini jalb qilish hisobidan o‘z faoliyatini olib borishga majbur qilardi.
Tarkibiy jihatdan rivojlanish. Kredit rivojlanishining bu bosqichi ssuda kapitali bozorida kreditmoliya tashkilotlari ko‘rinishidagi maxsus vositachilarining paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
Katta sudxo‘rlik va sarroflik idoralari zaminida vujudga kelgan dastlabki banklar o‘z zimmasiga ko‘pchilik kredit institutlariga keyinchalik an’anaviy bo‘lib qolgan, eng kerakli funksiyalarni oldi. Bular:
– bo‘sh moliyaviy mablag‘larni foiz bilan vaktida to‘lash majburiyati asosida qarz oluvchiga berishiga asoslanib jamg‘arish;
– yuridik va jismoniy shaxslar uchun har xil to‘lov va hisobkitoblar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishi (keyinchalik davlat uchun ham);
– qator maxsus moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazish (masalan, veksel munosabati mexanizmi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish va boshqalar).
Maxsus vositachilarga ssuda kapitali bozorida bo‘lgan talab, shuningdek, foydaning yuqori me’yori bank tizimining boshqa faoliyat sohalaridan keladigan kapital oqimi hisobiga rivojlanishini aniqlab beradi (yangi vujudga kelayotgan kredit tashkilotlarining tuzuvchilari sudxo‘r va sarroflar bo‘lmay, balki sanoat va savdo kapitalistlari edi). Rivojlanish bosqichida ssuda kapitali bozoridagi munosabatlar ma’lum darajada shakliy tus ola boshladi, kreditlashning malum bir turdagi jarayonlari o‘rnatildi, ssuda kapitalining o‘rtacha mintaqaviy va milliy me’yorlari o‘rnatildi va h.k. Biroq kredit tashkilotlarining faoliyati haligacha markazlashmagan edi. Bu esa ssuda kapitali bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilardi va iqtisodiyotning davriy rivojlanish sharoitlarida moliyaviy bozorning boshqa bo‘g‘inlarida nomo‘tanosibliklarni keltirib chiqardi.
Hozirgi ahvoli. Bu bosqichning asosiy belgisi iqtisodiyotda kredit munosabatlarini davlat tomonidan markazlashgan holda boshqarilishidir. Davlat miqyosida kredit munosabatlarining markazlashuvi har bir davlatning Markaziy banki yordamida amalga oshiriladi. Dastlabki umummilliy davlat kredit instito‘tlarining paydo bo‘lishi naqd pulsiz hisob kitoblarni olib borish uchun qo‘l keldi hamda tijorat banklarining operatsiyalari va xizmat ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga olib keldi, masalan, fond bozoriga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha. Keyinchalik Markaziy banklar faoliyati bozor iqtisodiyotini barqarorlashtirishning samarali omili bo‘lgan kredit dastaklarini ishlatish bo‘yicha yo‘naltirildi. Bu esa davlatniki bo‘lmagan kredit tashkilotlarini nazorat qilishni kuchaytirishni talab qildi. SHuningdek, iqtisodiyotda informatsion texnologiyaning rivojlanishi, global bank tarmoqlarining kompyuter kommunikatsiyalari va ma’lumotlar bazalarining shakllanishi kredit munosabatlarini yangi sifatli darajaga, ya’ni mijozga xizmat ko‘rsatish bilan birga ularning moliyaviy faoliyatining hamma jabhalariga, shuningdek, xalqaro bozorga ham tarqalishiga olib keldi.
Jamiyat faoliyatining o‘ta muhim jihati – bu ishlab chiqarishdir. Ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiy resurslar ishlatiladi, mahsulotlar va xizmatlardan iborat hayotiy ne’matlar yaratiladi.
Ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini moddiy va mehnat omillari ta’minlaydi. Ishlab chiqarishning bu omillar bilan bir tekisda ta’minlanishi muammodir. Bu muammo o‘z echimini kredit orqali topadi.
Kredit tovar pul munosabatlari mavjud sharoitdagi takror ishlab chiqarish jarayonining ajralmas bir qismi bo‘lib, tovar ishlab chiqarish kredit munosabatlari vujudga kelishining tabiiy asosi hisoblanadi. Kreditning vujudga kelishini nafaqat ichki iste’mol uchun tovar ishlab chiqarish doirasidan emas, balki asosan yuridik jihatdan mustaqil, birbiriga mulkdor sifatida qaramaqarshi turuvchi va iqtisodiy munosabatlarga kirishishga tayyor tovar egalari faoliyat ko‘rsatayotgan muomala doirasidan qidirish kerak.