30-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish zarurligi haqidagi masalani hal etish uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda sud ishlarini talab qilib oladi;
ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan tartibda protest kiritadi;
sudlarning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ijrosini qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘xtatib turadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosatini chaqiradi hamda ularning majlislarida raislik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
ishni bir suddan boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani hal qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati ko‘rib chiqishi uchun ularning vakolatlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tushuntirishlari qonunchilikka muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish to‘g‘risida, shuningdek sudlar tashabbusi bilan kiritilgan muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibi to‘g‘risida, sudlov hay’atlari tarkiblari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalari oliy malaka hay’atining (bundan buyon matnda Sudyalar oliy malaka hay’ati deb yuritiladi) qarorlari, xulosalari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga taqdimnomalar kiritadi;
rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparatining xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, o‘zgartiradi va bekor qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi bilan kelishilgan holda sudlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
buyruqlar va farmoyishlar qabul qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.