O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
Q A R O R I
“MA’NAVIYaT VA MA’RIFAT” JAMOATChILIK MARKAZI HUZURIDAGI “OLTIN MEROS” XALQARO XAYRIYa JAMG’ARMASINI QO’LLAB-QUVVATLASh TO’G’RISIDA
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik
markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to’g’risidagi Farmoniga binoan xalqimiz merosining noyob namunalarini to’plash, avaylab asrash, targ’ib etish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizda mustaqillik, vatanparvarlik tuyg’usini shakllantirish, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimiz davomiyligini, ravnaqini, ularning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg’unlashib borishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi huzurida “Oltin meros”
xalqaro xayriya jamg’armasi tuzilgani, uning Ustavi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkazilgani e’tiborga olinsin.
2. “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg’armasi tugatilgan Madaniyat jamg’armasi, “Iste’dod” jamg’armasi, “Ijodkorlar” jamg’armasi, Milliy va ijtimoiy barqarorlik jamg’armasi hamda “Yodgorlik” jamiyatining barcha mol-mulki va mablag’larining huquqiy vorisi bo’lishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Jamg’armaning asosiy maqsadi va vazifalari: buyuk ajdodlarimizning asrlar davomida yaratgan bebaho madaniy-ma’rifiy merosini ko’z qorachig’iday asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yodgorlik qilib qoldirish, xalqimizning umuminsoniy qadriyatlar xazinasiga qo’shgan ulkan hissasini butun dunyoga qayta tanitish, uni keng targ’ib etib, kishilarimiz, ayniqsa yoshlarimiz ongiga milliy g’urur, milliy iftixor, Vatanga muhabbat va istiqlol g’oyalariga sadoqat tuyg’ularini singdirish; o’tmish madaniyatimizga oid qadimiy qo’lyozmalar, tarixiy hujjatlar, xalq hunarmandchiligi, amaliy san’ati namunalari va tarixiy-madaniy qimmatga molik boshqa odgorliklarni mamlakatimizda, xorijda izlab topish va o’rganish, ulardan ulkan merosimizning uzviy qismi sifatida foydalanish; respublikamizdagi va chet lardagi madaniy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik
qilish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida turli tanlov, auktsion, festivallar uyushtirish, ijodiy-ilmiy delegatsiyalar almashish; iste’dodli yoshlarni tanlab, ularning ijodiy kamolotiga moddiy va ma’naviy homiylik
qilish; o’z va davlat dasturini bajarish uchun mablag’larning muayyan qismini
mamlakatimizdagi va xorijdagi faoliyat hisobidan, shu jumladan, qo’shma korxonalar ochish yo’li bilan jamg’arishdan va Ustavda belgilangan boshqa xayrli ishlardan iborat ekanligi inobatga olinsin.
4. Jamg’arma ta’sischilari va homiylarining (ro’yxat ilova qilinadi) hamda madaniy-
ilmiy jamoatchilikning mazkur jamg’armani moddiy-ma’naviy jihatlardan keng qo’llab-quvvatlash haqidagi takliflari ma’qullansin.
5. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimliklari joylarda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg’armasi bo’limlarini tashkil etish, ularni bino va moddiy-texnika ashyolari bilan ta’minlash masalalarini bir oy muddat ichida hal qilsinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini
boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash qo’mitasi Toshkent shahar Shodlik ko’chasidagi 6-uyni hovlisi va hovlidagi barcha qurilishlari bilan birga belgilangan tartibda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg’armasiga haq olmasdan mulk qilib bersinlar. Jamg’arma joylashgan binoni milliy uslubda ta’mirlash va zamonaviy jihozlash ishlarini 3 oy muddat ichida tugallash O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat banki (R.S.Azimov)ga yuklansin.
7. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (B.Hamidov) Jamg’armaga Vazirlar Mahkamasining zaxirasidan 10 mln. so’m miqdorida mablag’ ajratsin.
Jamg’arma dasturiga binoan chet ellardan milliy boyliklarimizni sotib olish uchun,
xorijiy mamlakatlarga ekspeditsiyalar uyushtirish hamda o’zining asosiy faoliyati
doirasidagi buyurtmalari bo’yicha norezidentlar bilan hisob-kitob qilish uchun
mo’ljallangan milliy so’mni erkin muomaladagi viloyatlarga ayirboshlash hal etilsin.
8. Belgilab qo’yilsinki, Jamg’arma, uning bo’limlari va unga qarashli korxonalar Ustavida ko’rsatilgan maqsadlar va vazifalarga qat’iy mos keladigan faoliyat yo’nalishlari bo’yicha: ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyat va tijorat bilan shug’ullanishga haqlidirlar;
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik
markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to’g’risida”gi Farmoniga binoan barcha turdagi soliqlardan besh yil muddatga ozod qilingan.
9. Jamg’arma raisi moddiy-maishiy, transport va tibbiy ta’minot sharoitlariga ko’ra
tegishli ravishda Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik rahbarining birinchi o’rinbosariga tenglashtirilsin.
10. Ommaviy axborot vositalariga “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg’armasi
faoliyatini keng yoritish, doimiy maxsus ruknlar ochish tavsiya etilsin.
11. O’zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1965 yil 1 apreldagi 188-son, 1987 yil 11
dekabrdagi 501-son, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil yanvardagi 12-son va 1993 yil 19 maydagi 238-son qarorlari o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o’rinbosari
S.Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.KARIMOV
80
Toshkent sh., 1996 yil 27 sentyabrь № 388
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
Q A R O R I
Ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uning samaradorligini
oshirish chora-tadbirlari to’g’risida
Mamlakatimizda Vataniga, xalqiga fidokor, mustaqil fikrlaydigan, masalalarni
ongli ravishda mas’uliyat bilan hal qila oladigan, izlanuvchan, yangilikka intiluvchi va istiqlol g’oyalariga sadoqatli avlodni voyaga etkazishga qaratilgan qator tadbirlar tizimi ishlab chiqilgan. Islohotlarning taqdiri va samarasi uchun javobgar, yurtimizning ertangi kuni va istiqboli uchun fidoyi shaxslarni shakllantirish borasida ustuvor davlat siyosati yuritilmoqda. Yagona g’oya – milliy istiqlol mafkurasi mavjud intellektual imkoniyatlarni ishga solishga, yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashga, oliyjanoblik tuyg’ularini chuqurlashtirishga, shonli o’tmishga hurmat va porloq kelajakka ishonch hislarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning mohiyatini hamon teran anglamaslik, rasmiyatchilik, tadbirbozlik va kompaniyabozlik illatlarining mavjudligi, tashabbuskorlikning etishmasligi, yoshlarni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga jalb etishda qat’iyatsizlik, kishilar ongini o’zgartirishning xalqchil va ta’sirchan usullaridan foydalana bilmaslik hollari ko’zga tashlanmoqda
Ana shu nuqsonlarni hisobga olib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga daxldor bo’lgan
tegishli davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatlarini muvofiqlashtirish hamda ular ishining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Madaniy-ma’rifiy ishlar bilan shug’ullanuvchi davlat va jamoat tashkilotlari,
xususan, “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazining ma’naviy-ma’rifiy ishlarini tashkil qilish, o’tkazilayotgan keng ko’lamli islohotlar mohiyatini targ’ib etish, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda ma’muriyatchilik va rasmiyatchilik usullaridan voz kecholmayotganliklari hamda sustkashlikka yo’l qo’yayotganliklari ko’rsatib o’tilsin. O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlar vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar bilan shug’ullanuvchi barcha muassasalari hamda ommaviy axborot vositalarining bu boradagi ishlari zamon talablariga javob bermayotganligi ta’kidlansin. 2. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklarining joylarda ma’naviyat va ma’rifat bilan bog’liq ishlarning ahamiyatiga etarli darajada e’tibor bermayotganligi, istiqlol g’oyalarini keng targ’ib qilishda mahalliy ziyolilar, adabiyot, san’at namoyandalari va obro’-e’tiborli faollarni jalb etishni izchil yo’lga qo’ymayotganligi ta’kidlansin. Ular o’z faoliyatlarini “Nuroniy”,
“Kamolot”, “Mahalla”, “Navro’z”, “Oltin meros”, “Sog’lom avlod uchun” jamg’armalari va ijodiy uyushmalar bilan muvofiqlashtirgan holda olib bormayotganliklari qayd etilsin.
3. Mutasaddi davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan
“Ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va ularning samaradorligini oshirish bo’yicha tadbirlar dasturi” ma’qullansin.
4. Hokimiyat va tegishli davlat tuzilmalari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar
aloqador korxona va tashkilotlar mazkur dasturdagi vazifalarning aniq va to’liq
bajarilishini ta’minlashga qaratilgan o’z tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
5. Dasturni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh tarkibi tasdiqlansin.
Ishchi guruhning asosiy vazifasi Dasturda belgilangan tadbirlarni hayotga tatbiq etishda amaliy faoliyat ko’rsatish, tegishli tashkilotlarning milliy ma’naviyat, ma’rifat va istiqlol mafkurasini keng targ’ib qilishini tashkil etish, targ’ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish va ta’sirchanligini oshirish choralarini ko’rishdan iborat ekanligi qayd etilsin.
Joylarda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va
Toshkent shahar hokimlari rahbarligida shunday ishchi guruhlar tuzilsin.
6. Mavjud kamchiliklar-nuqsonlarni bartaraf etish hamda sohani eng zamonaviy
tushunchalar va milliy mafkuraga ega bo’lgan, o’z faoliyatida milliy tafakkurga ega bo’lgan, o’z faoliyatida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg’unlashtira bilgan, etarli siyosiy va tashkilotchilik malakasini egallagan yosh kadrlar bilan ta’minlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy ishlarga daxldor tashkilotlarning barcha bo’g’inlari rahbarlari 1998 yilning 1 noyabrigacha attestatsiyadan o’tkazilsin. Attestatsiyadan o’tkazish ushbu qarorda belgilangan ishchi guruhi zimmasiga yuklansin
7. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirib borish, uning mazmuni, shakli,
mavzu doirasi va saviyasini o’z vaqtida tahlil qilib, o’rganib, tavsiyalar ishlab chiqish, targ’ibot-tashviqot ishlarining davomiyligini, uzviyligini va uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida “Muloqot” jamoatchilik kengashi tuzilsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. “Muloqot” jamoatchilik kengashi “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik
markazi, uning joylardagi bo’limlari, tegishli davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda taniqli adabiyot, san’at, fan va madaniyat arboblari ishtirokida bevosita aholi turar joylarida, mahallalarda, o’quv yurtlarida, korxona muassasalarda muntazam ravishda ommaviy-siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy, targ’ibiy-tashviqiy va madaniy tadbirlar o’tkazishni yo’lga qo’ysin.
Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda hozirgi zamon
ilg’or g’oyalarini egallagan, islohotlar mohiyatini chuqur anglagan, milliy istiqlol mafkurasini butun ko’lami bilan tushunib etgan ziyolilardan iborat “Fidoyilar” klubi tuzilsin va uning to’la quvvat bilan ishlashi ta’minlansin. Klub ishini muvofiqlashtirish “Muloqot” jamoatchilik kengashlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Davlat matbuot qo’mitasi, O’zteleradiokompaniyasi, O’zbekiston Milliy axborot
agentligi, Ommaviy axborot vositalari Dasturda belgilangan tadbirlarning ma’naviy-ma’rifiy barkamol jamiyat va huquqiy-demokratik davlat asoslarini mustahkamlashdagi ahamiyatini, shuningdek, bu tadbirlarning amaliy natijalarini keng targ’ib etsinlar.
10. Moliya vazirligi dasturda ko’zda tutilgan tadbirlar uchun mablag’ ajratish
masalasini hal etsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi
Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Alimov va Bosh vazir o’rinbosari
A. Azizxo’jaev zimmasiga yuklatilsin.
Toshkent shahri,
1998 yil 24 iyulь
Vazirlar Mahkamasining Raisi
I. KARIMOV
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashini
qo’llab-quvvatlash to’g’risida
Mamlakat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish jarayonida aholining
ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirib borishda yuksak ma’naviyat va ma’rifatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur egallagan, demokratik tamoyillar hamda fuqarolik jamiyati asoslarini har tomonlama o’zlashtirgan, shaxsiy va umummilliy manfaatlarini o’zaro uyg’un ko’ra oladigan erkin shaxs va ongli avlod tarbiyasining o’ta muhimligini hisobga olib hamda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar davlat siyosatining asosiy ustuvor yo’nalishi ekanligini ta’kidlagan holda:
1. “Ma’rifatchilar”, “Faylasuflar”, “Tarixchilar” jamiyatlari, “Sog’lom avlod
uchun”, “Mahalla”, “Kamolot”, “Nuroniy”, “Navro’z”, “Oltin meros”, ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash jamg’armalari, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, Yozuvchilar, Bastakorlar, “Tasviriy oyina” uyushmalari, Badiiy akademiya, Xotin qizlar qo’mitasi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o’rta maxsus, Xalq ta’limi, Madaniyat ishlari vazirliklari kabi maqsad va vazifalari ma’rifiy-ma’naviy tarbiya, targ’ibot bilan bog’liq qator davlat va nodavlat tashkilotlarining Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashini ta’sis etganliklari qo’llab-quvvatlansin. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda Ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari tashkil etilgani inobatga olinsin.
2. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi ta’sis konferentsiyasida
Kengashning faoliyat dasturi, Nizomi va tashkiliy tizimi tasdiqlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining “Jaholatga qarshi ma’rifat”
g’oyasiga tayangan holda Kengashga a’zo tashkilotlarning ma’rifiy targ’ibot yo’nalishidagi imkon va salohiyatlarni birlashtirish, faoliyatlarini muvofiqlashtirish va zamonaviy talablar asosida tashkil etishda quyidagilarni o’zining birlamchi maqsad va vazifalari etib belgilagani ma’qullansin:
– mamlakat ahli, ayniqsa, o’sib kelayotgan yosh avlod qalbi va tafakkurida milliy
g’oya, milliy mafkura va umumbashariy qadriyatlarga, demokratik tamoyillarga
asoslangan dunyoqarashni shakllantirish;
– jamoatchiligimiz ongiga istiqlol g’oyalariga cheksiz sadoqat, ona diyorga mehr-
muhabbat, ozod va obod Vatan barpo etishdek ulug’ va oliyjanob maqsadga e’tiqod, jasurlik va fidoyilik ruhini yanada chuqur singdirish;
– milliy qadriyatlarimiz va ulug’ mutafakkirlarimiz merosidan butun xalqimiz,
jumladan, yoshlarimizning ham bahramand bo’lishiga, islom dinining insonparvarlik falsafasi, g’oyalari yosh avlod qalbidan joy olishiga ko’maklashish;
– har bir fuqaroda o’z haq-huquqi, imkoniyati va irodasiga tayanish, o’z taqdirining
bunyodkori bo’lish, mamlakatda kechayotgan yangilanishlar, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarning ma’no-mohiyati, maqsadini teran anglagan tarzda uning faol ishtirokchisi va kurashchisiga aylanish tafakkurini kamol toptirish;
– ma’rifiy targ’ibot ishlarining shaklan va mazmunan uyg’unligi va muntazamligi,
xalqchil va haqqoniylikka, jamoatchilik fikri va kuchiga barcha sohalardagi sog’lom fikrlovchi fuqarolar salohiyati va harakatiga asoslanishini ta’minlash.
4. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashiga O’zbekiston Respublikasining
Bosh vazirining o’rinbosari, Kengashning joylardagi bo’limlariga Qoraqapog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi raisi, viloyat, shahar, tuman hokimlari rahbarlikka saylanganliklari inobatga olinsin.
5. Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat Kengashi qarorlarini joylarda amalga oshirish va targ’ibot-tashviqot tadbirlarini uyushtiruvchi tashkiliy guruhga aylantirilgani, “Oltin meros” jamg’armasi, “Ma’naviyat” nashriyoti, “Tafakkur” va “Jahon adabiyoti” jurnallari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi huzuridagi tashkilotlar sifatida tasdiqlanganidan kelib chiqqan holda mazkur tashkilotlarning Nizom hamda me’yoriy hujjatlariga tegishli o’zgartirishlar kiritilishi tavsiya etilsin.
6. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining hamda uning tarkibidagi
“Ma’naviyat va ma’rifat” markazining joylardagi bo’limlari tegishli hudud hokimliklari binosida joylashtirilishi belgilab qo’yilsin.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish
yuzasidan tegishli qaror tayyorlasin.
8 Ushbu Farmonni amalga oshirishni nazorat qilish Prezidentning davlat
maslahatchilari T. Alimov, A. Ziyo zimmasiga yuklatilsin.
Toshkent shahri,
1999 yil 3 sentyabrь
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.
KARIMOV
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
MILLIY G’OYa TARG’IBOTI VA MA’NAVIY-MA’RIFIY
IShLAR SAMARADORLIGINI OShIRISh TO’G’RISIDA
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy
qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod kabi va ongiga ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat tuyg’ularini chuqur singdirish masalasi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada tegishli idora va tashkilotlar, jumladan, Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat kengashi hamda uning joylardagi bo’limlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotganini qayd etish lozim. Shu bilan birga, xalqaro maydonda mafkuraviy, g’oyaviy va informatsion kurashlar
kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatni shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch –osoyishta hayotimizga xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish vazifasi ushbu sohadagi ishlarni, jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining faoliyati va tarkibiy tuzilishini qayta ko’rib chiqishni taqazo etmoqda. Mamlakatizmizda milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini, ularning hayotiyligi va ta’sirchanligini yanada oshirish maqsadida hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig’ilishida bildirgan takliflarni inobatga olgan holda:
1. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
kengashiga raislik qilish, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlariga esa hududiy kengashlarga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilsin.
2. Qaroqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimliklari shtatlar jadvaliga qo’shimcha ravishda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha yordamchisi shtati (jami 14 ta shtat birligi) kiritilsin.
3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining tarkibiy tuzilishi ilovaga muvofiq
tasdiqlansin.
4. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi huzuridagi Milliy mafkura ilmiy
targ’ibot markazi o’rniga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining ilmiy-amaliy yo’nalishida faoliyat olib boradigan, davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tashkil etilsin.
Quyidagilar Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining asosiy vazifasi etib
belgilansin:
Milliy g’oya va mafkura masalasi bilan bog’liq dolzarb muammolarni, bugungi
murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ustuvor yo’nalishlarini aniqlash, ularning aholi turli qatlamlariga ta’sirini o’rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo’lgan zararli g’oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish;
Xalqimizning ko’p asrlik ma’naviyati va milliy qadriyatlari, diniy qarashlari va hayotiy udumlariga, yoshlarimizning ongini zaharlab, ma’naviy jihatdan qaram etishga qaratilgan mafkuraviy xatarlarga qarshi samarali kurash olib borish bo’yicha ilmiy-amaliy dasturlarni ishlab chiqish;
Fuqarolarimiz qalbida milliy tafakkur va sog’lom dunyoqarash asoslarini
mustahkamlash, ularning ongli yashashga, o’z fikriga ega bo’lishga, turli ma’naviy tajovuzlarga qarshi sobit tura olishga qodir bo’lgan, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga yo’naltirilgan amaliy tavsiyalar tayyorlash. Bu borada ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot ishlarining ta’sirchanligini ta’minlaydigan zamonaviy axborot texnologiyalari va mexanizmlarini, jamiyatimizning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublarni ishlab chiqish, davlat va jamoat tashkilotlari uchun tegishli tavsiya va takliflar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratish;
O’z faoliyati doirasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalarini, tahliliy
materiallarning xulosalarini ommaviy axborot vositalari, jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining nashr organlari –«Tafakkur» va «Jahon adabiyoti» jurnallari, «Ma’naviyat» nashriyoti orqali muntazam ravishda chop etib, keng jamoatchilikka etkazish.
5. Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
kengashining amaliy targ’ibot yo’nalishida faoliyat olib boradigan Respublika Ma’naviyat targ’ibot markaziga aylantirilsin. Quyidagilar Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazining asosiy vazifalari etib
belgilansin: Ma’naviyatning ma’no-mohiyati, milliy ma’naviyatimizning qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan targ’ibot ishlarini muntazam ravishda olib borish;
Aholining keng qatlamlari, avvalambor yoshlar o’rtasida Vatanga muhabbat va
sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o’rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo’naltirilgan suhbat va uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o’tkazish;
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlari, keng
ko’lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish, yurtimizga qarshi qaratilgan g’oyaviy va informatsion hurujlar, ularning ortida turgan kuchlarning g’arazli maqsadlarini fosh qilish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etiщ, olimlar, siyosatchi va mutaxassislar, ijodkor ziyolilar ishtirokida joylarda samarali targ’ibot tizimini yo’lga qo’yish; Ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g’urur, komil inson tarbiyasi bilan bog’liq tuyg’u va tushunchalarni yosh avlod qalbi ongiga ta’sirchan usul-uslublar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ’ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg’unligi asosida tashkil etish;
Yurtdoshlarimizni muqaddas islom dini va falsafasi, aziz-avliyolarimizning ibratli hayoti, ulug’ qadamjolariga, boshqa diniy konfessiyalarga nisbatan hurmat-ehtirom va bag’rikenglik ruhida tarbiyalash, jamiyatimizda sog’lom turmush tarzi, millatlararo totuvlik, o’zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo’yicha ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish.
6. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi 15 kun muddatda Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamda Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazining dastur va nizomlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Toshkent shahar hokimligi Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi, Milliy g’oya
va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamda «Tafakkur» jurnali tahririyatini Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5 –uyga joylashtirilsin.
8. O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Milliy g’oya va mafkura ilmiy-
amaliy markazini xizmat telefonlari, jumladan, hukumat telefoni, internet, boshqa aloqa va axborot vositalari bilan belgilangan tartibda ta’minlansin.
9. Moliya vazirligi:
Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi faoliyatini moliyatlashtirish, uni zarur
idoraviy jihozlar, kompьyuter texnikasi va boshqa asbob-uskunalar bilan ta’minlash, markazning ilmiy-tadqiqot natijalari, dolzarb ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi kitob, risola, dastur, qo’llanma va boshqa matbaa mahsulotlarini nashr etish bilan bog’liq harajatlar uchun 2007 yildan boshlab davlat byudjetidan mablag’ ajratilishini ko’zda tutsin; Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi uchun bitta engil avtomobilga limit ajratsin.
10. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Adliya vazirligi hamda boshqa
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2006 yil 25 avgust
Dostları ilə paylaş: |