Tashkiliy chora-tadbirlar davrida barcha tayyorgarlik amalga oshirilganidan, shu jumladan, qurilish maydonida ishlarni boshlash ruxsati olinganidan so‘ng qator tayyorgarlik ishlari bajarilishi kerak bo‘ladi. Ularni bajarishdan maqsad qurilish ishlab chiqarishini tayyorlab qo‘yish. Tayyorgarlik ko‘rish davri ishlari tarkibi va ularni bajarish tartibi qurilish tarmog‘i, qabul qilingan texnologiya va mahalliy shart- sharoitga bog‘liq ravishda turlicha bo‘ladi. Ular qurilish maydonida va tashqarida amalga oshiriladigan ishlardan iborat.
Tayyorgarlik ko‘rish davridagi maydon ichi ishlari tarkibiga qurilish maydonini o‘zlashtirish, shu jumladan, qurilish xo‘jaligini tashkil qilish bilan bog‘liq va qurilishning asosiy davri normal boshlanishi va rivojlanishini ta’minlab beradigan ishlargina kiradi, shu jumladan:
buyurtmachi tomonidan tayanch geodeziya tarmoq yaratilishi, ya’ni qizil chiziqlar, reperlar, binolarning bosh o‘qlari, tayanch qurilish to‘ri loyiha hujjatlaridan tabiatga (qurilish maydoniga) ko‘chirilishi;
qurilish maydonini o‘zlashtirish – hududni tozalash, binolarni buzish, kerak bo‘lsa, ko‘chirish, daraxtlarni yiqitish, to‘nkalarni olish, yerni o‘simlik qatlamini ko‘chirib olish va h.k.;
maydonni muhandislik nuqtai nazaridan tayyorlash – yer usti suvlarining bir tomonlama ketishini tashkil qilgan holda qurilish maydoni hududni tekislash, doimiy yoki muvaqqat avtomobil yo‘llari, temir yo‘l shoxobchalari, pristanlarni jihozlash, qurilishni suv va elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mavjud tarmoqlarni ko‘chirish va yangilarini yaratish, shu jumladan doimiy va muvaqqat manbalarni tiklash;
qurilish ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan muvaqqat inshootlarni (vaqtincha ishlab chiqarish, sanitariya, jamoa va sh.o‘.), shuningdek alohida asosiy ob’yekt (qorovulxona, ombor va sh.o‘) larni barpo qilish (jihozlash);
qurilishni boshqarish uchun zarur bo‘lgan aloqa vositalarini (telefon, radio va teletayp) jihozlash.
Yirik qurilishlarni amalga oshirish uchun tayyorgarlik davrining maydondan tashqari ishlari tarkibiga magistral tarmoqlar (3 km.dan uzun), shu jumladan temir yo‘l izlari, avtomobil yo‘llari, transformator podstantsiya, elektr uzatkish tarmoqlari, suv olish inshootlari, suv tarmog‘i; tozalash inshootlariga ega bo‘lgan kanalizatsiya kollektorlari; kema to‘xtash joyi va qatnash trassalarini tiklash kiradi.
Hududiy jihatdan alohida joylashgan maydonlardagi korxona va inshootlarni qurishda tayyorgarlik davrida qurilishning asosiy davri birinchi navbatining quruvchi kadrlarini joylashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun turar-joy va ijtimoiy binolar qurilishi, shuningdek qurilish moddiy-texnik bazasining ayrim korxonalari tiklanishi shart. Moliyaviy va moddiy resurslarni harakatsiz qoldirmaslik uchun tayyorgarlik davrida asosiy davr ishlari boshlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kam lekin yetarli daraja bajarilishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |