12.1. Mog‘or zamburug‘lari
Ma’lumki, non yoki kesilgan ho‘l meva issiq va nam joyda qoldirilsa, 2-3 kundan keyin ularni po‘panak bosadi. Buni xalq orasida «mog‘or bosdi» ham deyishadi. Ana shu po‘panak mog‘or zamburug‘ining vegetativ tanasidir. Agar buyum oynasidagi suv tomchisiga nina bilan ana shu po‘panakdan kichik bir bo‘lakcha qo‘yib mikroskop ostida ko‘rilsa, uning iplardan tashkil topganligi aniq ko‘rinadi. Zamburug‘ning vegetativ tanasi bitta katta hujayradan iborat.
Po‘panak zamburug‘i yaxshi sharoitda jinssiz ko‘payadi. Bunda zamburug‘ning vegetativ tanasidan shoxlanmagan gifa (sporangiyband) tik ko‘tarilib chiqadi. Sporangiy bandning uchida sharsimon bo‘rtma – sporangiy hosil bo‘ladi. Sporangiy ichida esa sporalar shakllanadi. Bir zamburug‘da bir necha o‘nlab sporangiy, bir sporangiyda esa o‘n mingdan ortiq spora yetishadi. Sporangiy voyaga yetgach (ichidagi sporalar tayyor bo‘lgach) qoramtir rangga kiradi.
Sporangiyda yetilgan sporalardan qulay sharoitda yangi mitseliy hosil bo‘ladi.
Jinsiy yo‘1 bilan ko‘payishda har xil tupdagi zamburug‘dan chiqqan gifalarning uchi bir-biri bilan tutashadi va undan zigota hosil bo‘ladi. U tinim davrini o‘tgach, o‘sib chiqadi va sporangiy hosil qiladi.
Po‘panak zamburug‘i oziqlanish usuli jihatidan xuddi bakteriyalar singari, saprofit oziqlanadi. Shuning uchun ham uning hayoti uchun yorug‘likning hojati yo‘q. U qorong‘ida ham yashay oladi, lekin namlik va issiqlik bo‘lmasa yashay olmaydi.
Mahsulotlar mog‘orlamasligi uchun sovutgichlarda saqlanadi.
Mog‘or zamburug‘lari orasida foydalilari ham bor. Ularning ba’zilaridan (masalan, penitsill zamburug‘idan) qimmatli dori – penitsillin olinadi. Boshqa mog‘or zamburug‘larida o‘simlik va hayvonlarning o‘sishini tezlatishga, chorva mollarining mahsuldorligini oshirishga yordam beradigan moddalar bor. Ana shu moddalar mol va parranda ovqatiga qo‘shib berilsa, buzoqlar va jo‘jalar tez o‘sadi.
Shunday qilib, zamburug‘larning o‘sishi uchun harorat, namlik va oziq zarur. Qulay sharoitda ular vegetativ (jinssiz) yo‘1 bilan ko‘payadi.
Dostları ilə paylaş: |