Gk4 Gt4 Ch4+2 U1
20.2. Karamdoshlar oilasi
Oila vakillari: Jag`-jag`, karam, o`sma, rediska, shalg`om, turp
Karamdoshlar oilasining vakillari yer sharining deyarli barcha qit’alarida o‘sadi. U 350 turkumga oid 3000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda bu oilaga mansub 200 ga yaqin tur va 76 turkum uchraydi.
Karamdoshlarning ko‘pchiligi bir yillik, ikki yillik va ko‘p yillik o‘tlardir. Ildizi – o‘q ildiz tizimli. Poyasi tik o‘suvchi. Barglari oddiy, butun yoki qirqilgan, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari to‘g‘ri va ikki jinsli, shingil to‘pgulda o‘rnashgan. Gulqo‘rg‘oni murakkab gulkosacha va gultojga ajralgan. Gulkosacha to‘rtta, bir-biri bilan qo‘shilmagan, gulkosachabargdan, gultoj ham to‘rtta erkin holdagi gultojbargdan tashkil topgan. Gulida bitta urug‘chi va oltita changchisi bor.
Mevasi – qo‘zoq (bo‘yi enidan 3 marta va undan ham uzun) yoki qo‘zoqcha (bo‘yi eni bilan bir xil yoki 2 marta uzun), ko‘pincha tubidan ikki pallaga bo‘linib ochiladi.
Karamdoshlarga mansub yovvoyi turlarning ko‘pchiligi bahorda cho‘llarda, tog‘ etaklaridagi qirlarda tarqalgan. Oila vakillaridan biri jag‘-jag‘dir.
Jag‘-jag‘ shu nomli turkumga oid, bo‘yi 10-30 sm keladigan bir yillik o‘t. Ildiz bo‘g‘izida joylashgan barglari qisqa bandli, patsimon, qirqilgan poyadagilari esa bandsiz. Gullari poyada shingil to‘pgul hosil qiladi. Gulkosachabarglari gulbarglaridan 1,5 marta uzun. Changchilari 6 ta. Urug‘chisi bitta.
Oddiy jag‘-jag‘ mart oyidan boshlab mayning oxirigacha gullaydi va meva (qo‘zoqcha) hosil qiladi. Yaxshi o‘sgan har bir tup o‘simlikda 70 000 ga yaqin urug‘ yetiladi.
O‘zbekistonda jag‘-jag‘ turkumiga oid faqat bitta tur – oddiy jag‘-jag‘ o‘sadi.
Dostları ilə paylaş: |