Qayrag‘och, shumtol, saksovul, cherkez, boyalish, baliqko‘z, zarang, rovoch, jud kabilarda meva atrofini o‘rab olgan qanotchalar orqali shamolda bir yerdan ikkinchi yerga tarqalib o‘tadi. Shuning uchun ular uchma mevalar deyiladi. Meva va urug‘larning tarqalishida suv katta rol o‘ynaydi. Ayrim o‘simliklarning mevalari suv o‘tkazmaydigan qobiqqa ega bo‘lganligi tufayli suv (dengiz, daryo, ko‘l va ariqlar)da uzoq masofalarga, hatto bir necha kun mobaynida qalqib borish yo‘li bilan tarqaladi. Bularga nilufar, g‘umay, kurmak, machin, qo‘ypechak, zarpechak, zubturum, qurttana kabilar kiradi. Aksariyat o‘simliklarning meva va urug‘lari mevalardagi moslamalari (gajagi, tikani, shirasi, hidi, iste’mol qilinishiga qarab) orqali hayvonlar, qushlar, hasharotlar yordamida tarqaladi.
Shuni ham aytish kerakki, hayvonlar iste’mol qiladigan o‘simliklarning soni qancha ko‘p bo‘lsa, ularning meva va urug‘lari shuncha keng tarqaladi. Hayvonlar meva va urug‘larni iste’mol qilib, chiqindilari orqali ham uzoq yerlarga olib borib tashlaydi. Meva va urug‘larni yer yuzi bo‘ylab tarqatishda odamga teng keladigan omil yo‘q desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki odamlar sutka davomida xohlagan meva yoki urug‘ni uzoq o‘lka, davlat va qit’alarga turli usullar bilan olib o‘tishi mumkin. Masalan: o‘tmishda Xorazmdan Amerikaga yantoq urug‘i beda urug‘iga qo‘shilib borib qolgan.Ta’kidlash joizki, barcha meva va urug‘lar ham shamol, suv va hayvonlar orqali uzoq masofalarga tarqalavermaydi. Ular o‘z og‘irligi va morfologik tuzilishiga qarab o‘sib turgan joyning o‘ziga to‘kiladi.