12.3. Qalpoqchali zamburug‘lar
Erta bahorda respublikamiz bog‘larida, to‘qaylarida, daryo bo‘ylarida, adir va tog‘ etaklarida to‘p-to‘p bo‘lib foydali (iste’mol qilinadigan) va zaharli zamburug‘lar chiqa boshlaydi.
O‘zbekistonda ko‘p uchraydigan qalpoqchali zamburug‘lardan biri qo‘ziqorindir.
Qo‘ziqorinning mevatanasi yirik, bo‘yi 10-20 sm, ichi bo‘sh bo‘lib, qalpoqcha va oyoqchadan iborat. Qalpoqchasining ustki tomoni qo‘y qornining ichki tomoniga o‘xshash katakchalarga bo‘lingan, cheti esa oyoqchasi bilan birlashgan holda o‘sadi. Qalpoqchadagi katakchalar ichida sporalar yetishadi.
Qo‘ziqorinlar chirindiga boy tuproqda yashovchi saprofit zamburug‘lardir. Ularning ko‘p yillik vegetativ tanasida yoz faslida oziq moddalar to‘planadi va kuzdan boshlab mevatanacha hosil bo‘ladi. U faqat kelgusi yilning ko‘klamida tuproq nami ketmasdan o‘sib, yo‘g‘onlashib, kattalashadi, so‘ngra bahorning yog‘inli va iliq kunlarida yer betiga chiqadi va sporalarini sochadi.
Qo‘ziqorin va qo‘zidumbalarning bahorgi mevatanasi iste’mol qilinadi. Qo‘zidumba issiqxonalarda ham o‘stiriladi. U sporasi ungandan so‘ng, qirq kunda yetiladi.
O‘zbekiston tekisliklarida qalpoqchali zamburug‘larni faqat bahorda uchratish mumkin, chunki bu yerlar yozda ular uchun haddan tashqari quruqlik qiladi. Ular apreldayoq yo‘qolib ketadi, tuproqda esa faqat sporalari qoladi.
Tog‘larimizdagi o‘rmonlarda xilma-xil qalpoqchali zamburug‘lar o‘sadi. Bu yerlarda ular uchun qulay sharoit bor: tuproqda nam yetarli, chirindi ko‘p, yorug‘lik kam, yozda harorat uncha baland bo‘lmaydi.
Qalpoqchali zamburug‘lar orasida zaharlilari ham bor. Tuproq chirindisi ko‘p va doim zax bo‘ladigan yerlarda, go‘ng uyumlari ustida zamburug‘lar uchraydi. Go‘ng zamburug‘ining mevatanasi uzun, oyoqchasi ingichka va tepasi cho‘qqaygan yupqa qalpoqchadan iborat. Qalpoqchasining ostki tomoni, sporalarining ko‘pligidan qop-qora bo‘lib ko‘rinadi. Sporalar yetilishi bilan zamburug‘ning mevatanasi yumshaydi va undan quyuq qora siyohga o‘xshash suyuqlik toma boshlaydi. Shuning uchun go‘ng zamburug‘i «siyoh» zamburug‘i deb ham ataladi.
Dostları ilə paylaş: |