14.1. Bir hujayrali suvo‘tlar
Bir hujayrali suvo‘tlar juda mayda – oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan organizmlardir. Lekin ularning to‘plamlarini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Yozda ariq, hovuzda uzoq turib qolgan ko‘lmak suvlar yashil rangga kirib qoladi. Bunday suvni «gullab qolgan suv» deyishadi. Aslida yashil g‘ubor ham, suvning yashil rangi ham to‘planib qolgan bir hujayrali suvo‘tlardir.
Oddiy xlorella. Agar «gullab qolgan suv»ning bir tomchisini buyum oynasiga tomizib, mikroskop ostida qaralsa, bu suvda bir talay mayda tirik xlorelladoshlar oilasiga mansub bir hujayrali yashil suvo‘tni – oddiy xlorellani ko‘rish mumkin. Bu hujayraning usti yupqa va mustahkam qobiq bilan o‘ralgan. Ichida boshqa o‘simliklar hujayrasida bo‘lgani kabi, sitoplazma bilan mag‘iz bor. Hujayrada sitoplazma va mag‘izdan tashqari xlorofill bilan yashil rangga bo‘yalgan – xromatofor ham joylashgan.
Xromatofor yuksak o‘simliklar bargidagi xlorofill donachalari vazifasini bajaradi. Yorug‘lik ta’sirida unda suv va karbonat angidriddan kraxmal, oqsil va boshqa organik moddalar hosil bo‘ladi, suvga esa kislorod ajralib chiqadi. Xlorella suvni ham, unda erigan karbonat angidrid va mineral tuzlarni ham po‘sti orqali shimib oladi.
Xlorella: 1 – hujayra qobig‘i; 2 – sitoplazma; 3 – mag‘iz; 4 – xromatofor.
Xlorella asosan jinssiz – hujayrasining bo‘linishi yo‘li bilan ko‘payadi. Bunda ona hujayra ichidagi tirik qismlar 4 yoki 8 teng bo‘lakka bo‘linadi va bu bo‘laklarning har biri alohida qobiq bilan o‘ralib, mayda hujayrachalarga aylanadi. Ular suvga chiqadi va o‘sib mustaqil yashovchi xlorellaga aylanadi.
Xlorella juda tez ko‘payadi. Bir kecha-kunduz yashagan har bir yosh hujayra ham bo‘lina boshlaydi. Bitta xlorella avlodi bir oy ichida ko‘payib, bir necha millionga yetishi mumkin.
Kuz kelishi bilan xlorella qalin, zich qobiqqa o‘ralib, sporaga aylanadi va shu holda qishlaydi. Bahor kelib, qulay sharoit tug‘ilgach, spora shaklida qishlagan hujayraning oddiy bo‘linishi natijasida bir necha xlorella hosil bo‘ladi. Ular hujayra qobig‘ini yorib chiqadi va mustaqil hayot kechira boshlaydi.
Xlorellaning 40 dan ortiq turi aniqlangan. O‘rta Osiyoda esa 5 ta turi mavjud. Bulardan tabiatda eng ko‘p tarqalgani oddiy xlorelladir.
Xlamidomonada. Xlamidomonadadoshlar oilasiga mansub bir hujayrali yana bir suvo‘t – xlamidomonadadir. U ko‘pincha iflos va azotli birikmalarga boy suv havzalarida uchraydi, ba’zan akvarium devorlarida ham o‘sadi (…-rasm). (repetitor kitobida 19-rasm).
Dostları ilə paylaş: |