Qizil kitobga kiritilgan turlar Respublikada bir xilda tarqalmagan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 11, Andijon – 4, Buxoro – 24, Jizzax – 21, Navoiy – 13, Namangan – 12, Samarqand – 45, Surxondaryo – 112, Sirdaryo – 2, Toshkent – 80, Farg‘ona – 28, Qashqadaryo – 59.
Keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, kamyob turlarga boyligi jihatidan Surxondaryo (112), Toshkent (80) va Qashqadaryo (59) viloyatlari oldingi o‘rinda turadi. Ta’kidlash joizki, kamyob turlarning aksariyat qismi tog‘li hududlarda tarqalgan.
Turlarga boyligiga ko‘ra burchoqdoshlar (60 tur), qoqio‘tdoshlar (50 tur), yalpizdoshlar
(23 tur) oilalari alohida o‘rinda turadi.
24-DARS: YERDA O‘SIMLIKLAR DUNYOSINING RIVOLANISHI
Olimlarning aniqlashicha, bundan uch yarim milliard yil oldin Yer yuzining juda ko‘p qismi suv tubida bo‘lgan. Ana shu suv ichida birinchi bo‘lib, eng sodda tirik mavjudotlar vujudga kelgan. Ana shu dastlabki tirik mavjudotlardan qadimgi bir hujayrali organizmlar vujudga kelgan. Ularning ba’zilari rangsiz bo‘lib, zamonaviy bakteriyalarga o‘xshab ketgan. Ba’zilarida esa vaqt o‘tishi bilan xlorofill vujudga kelib, hozirgi bir hujayrali suvo‘tlarga o‘xshab qolgan. Ular asta-sekin murakkablashib borib, bir hujayrali suvo‘tlardan ko‘p hujayrali suvo‘tlarga aylangan. Bundan 570–510 million yillar oldin Yer yuzida suvo‘tlar yashnagan va hukmronlik qilgan.
Dengiz chekingan sayin suvo‘tlarning ko‘pchiligi quruqlikka chiqib qolgan. Ba’zi suvo‘tlar dengizning sayozlashgan joylarida, keyinchalik esa dengiz sohilidagi sernam joylarda yashashga moslashib borgan. Bular dengiz sohilidagi sernam tuproqda o‘sa boshlagan va suvdan quruqlikka chiqqan dastlabki quruqlik o‘simliklari hisoblangan. Bunga misol qilib, 1859-yilda Kanadadan topilgan psilofit, 1912-yilda Shotlandiyadan topilgan riniya, 1937-yilda Buyuk Britaniyadan topilgan kuksoniyalarni ko‘rsatish mumkin. Ularda ildiz va barglar bo‘lmagan, shoxlagan poya va shoxlar uchida sporangiylari bo‘lgan. Ularning bo‘yi 50-70 sm, poyasining yo‘g‘onligi esa 5- 10 sm ga yetgan.
Bu o‘simliklar million yillar davomida quruqlikda yashashga moslashib borgan va ularda asta-sekin ildiz va barglar paydo bo‘lgan.
Bundan 400–230 million yillar avval, dastlabki quruqlikka chiqqan o‘simliklardan yo‘sinlar va qirqquloqsimonlar paydo bo‘lgan. Ayniqsa, qirqquloqsimonlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga kelgan. Bu davrda bo‘yi 25-30 m, yo‘g‘onligi 1-1,5 m keladigan daraxtsimon qirqbo‘g‘imlar va daraxtsimon qirqquloqlar paydo bo‘lgan. Shu davrning oxirlarida qirqquloqlarning urug‘ hosil qiladigan vakillari vujudga kelgan.
Bundan 200 million yillar ilgari urug‘li qirqquloqlardan ochiq urug‘li o‘simliklar paydo bo‘lgan.
Yangi, murakkab hayot sharoiti qirqquloqsimonlar uchun noqulay bo‘lib, ularning ayrimlari yo‘qola boshlaydi. Ularning ko‘pchiligi, ayniqsa daraxt va buta shaklidagilari yo‘qolib ketgan. Ularning qoldiqlarini faqat qazilma holida uchratish mumkin. Qirqquloqsimonlarning o‘rnini sekin-asta quruq iqlimga yaxshi moslashgan ochiq urug‘li o‘simliklar egallay boshlagan.
Bundan 140 million yillar ilgari, urug‘li qirqquloqlarning shu davrgacha saqlanib kelgan vakillaridan yopiq urug‘li o‘simliklar paydo bo‘lgan.
Iqlim tobora quruqlashib borishi bilan urug‘li qirqquloqlarning qolgan vakillari va ular bilan birgalikda qadimgi ochiq urug‘li o‘simliklar ham asta-sekin yo‘qola boshlagan. Ochiq urug‘li o‘simliklarning bizgacha yetib kelgan qarag‘ay, qoraqarag‘ay, archa kabi vakillari namlik biroz ko‘proq tushadigan shimoldagi o‘rmon zonasida va baland tog‘larda saqlanib qolgan.
Ayniqsa, Bo‘r davridan boshlab yopiq urug‘li o‘simliklar nihoyatda tezlik bilan ko‘payib, Yer yuzini egallay boshlagan.
Bir qator ilmiy asarlarda gulli o‘simliklar sporali yuksak o‘simliklardan kelib chiqqan degan fikrlar ham bor. Gulli o‘simliklar hozir qazilma holda uchraydigan o‘simliklardan kelib chiqqan degan fikrni ko‘pchilik quvvatlaydi. Bunday qazilma o‘simliklardan biri Yevropa va O‘zbekistondan (Xisor tizmalaridan) topilgan ochiq urug‘li o‘simliklar bo‘limiga oid bennettit turkumiga mansub o‘simliklardir.
Gulli o‘simliklar Bo‘r davrida Janubiy-Sharqiy Osiyoda paydo bo‘lib, u yerdan boshqa joylarga tarqalgan, degan g‘oyalar ilmiy asarlardan chuqur o‘rin olgan.
O‘rta Osiyo, shu jumladan, O‘zbekistonning ayniqsa gulli o‘simliklari o‘tmishdagi Tetis nomli dengizning janubida va shimolida joylashgan floralardan hamda mahalliy floradan kelib chiqqan. Boshqacha qilib aytganda, dengiz suvi qurigandan so‘ng janubdagi va shimoldagi floralar uning o‘rnini egallay boshlagan.
Akademik A.L. Taxtadjyan o‘simliklarning gul tuzilishiga qarab magnoliya turkumiga kiruvchi turlarga eng sodda gul tuzilishiga ega bo‘lgan o‘simliklar deb qaraydi. Hozirgi paytda Yer yuzida yuksak o‘simliklarning 300 000 turi tarqalgan. Bularga yuksak sporali, ochiq urug‘li hamda yopiq urug‘li o‘simliklar kiradi. Ochiq urug‘li o‘simliklarning 700 turi, yopiq urug‘li turlarning esa 250 ming turi borligi aniqlangan. Yopiq urug‘li o‘simliklar bo‘limi 2 ta katta sinf (ikki urug‘pallali va bir urug‘pallali)ga bo‘linadi. Ikki urug‘pallalilardan bir urug‘pallalilar kelib chiqqan.
Dostları ilə paylaş: |