4. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik ahvol. Orol fojiasi. Ekologik holatni yaxshilash borasidagi davlat siyosati 1990-yillardan boshlab Orol fojiasining halokatini boshidan kechirayotgan barcha mamlakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilot minbarlaridan jahon hamjamiyatining diqqat e'tiborini ushbu muammoga, uni mintaqaviy va global xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga jalb etib kelishmoqda.
Orol fojiasi va uni bartaraf etish choralarini qidirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimov 1993-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida va 1995-yil oktabrdagi 50-sessiyalarida so‘zlagan nutqlarida jahon hamjamiyatini Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik halokat bo‘lgan Orol va Orolbo‘yini qutqarishda ko‘mak berishga chaqirdi.
Mazkur global muammoni BMT shafeligida xalqaro moliyaviy tuzilmalar, rivojlangan davlatlar ko‘magisiz amalga oshirish mumkin emasligiga BMTning e'tiborini qaratdi. 1993-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ta'sisligida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tashkil etildi.
2010-yil «O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari: ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Islom Karimov transchegaraviy daryolar va ulardan foydalanishda adolat tamoyiliga rioya etish zarurligi, aks holda mintaqaning eko olamiga ulkan fojialarni keltirishi mumkinligi haqida yana bir bor ommaga ma'lum qildi.
2013-yilda Orolbo‘yi uchun Amudaryo deltasidagi kichik suv havzalarini tashkil etish, sho‘rsizlantiradigan qurilmaga ega suv chiqarish inshootlarini qurish, himoya o‘rmonini tashkil etish kabi loyiha va tadbirlarni moliyalashtirishga mablag‘lar ajratish rejasi tasdiqlangan.
2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi va OQXJ-ning o‘sha paytdagi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida «Orolning qurishi oqibatlariga barham berish va Orolbo‘yi ekotizimi halokatini oldini olish tadbirlari Dasturi» ilgari surildi.
Global miqyosda va mintaqamizda ekologik vaziyatning tobora yomonlashuvi va chuchuk suv taqchilligi sharoitida Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish dolzarb masalaga aylandi. Orol dengizi tarihiga etibor bersak, u boy tabiiy resursi bilan mashhur bo‘lgan. Bu dengiz biologik jihatdan boy ekotizim sifatida e'tirof etilgan. 1964 yilgacha dengiz hududi 68,9 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan. Yiliga 30-35 ming tonnagacha baliq etishtirilgan. Noyob flora va faunasi dunyoga mashhur edi. Afsuski, suvdan noto‘g‘ri va tartibsiz foydalanish natijasida so‘nggi 50-55 yil ichida suv hajmi 15 barobarga tushib, sathi 29 metrga pasaydi. Dengizning qurigan hududini oq tuz konlari egalladi. Hayvonot va o‘simlik dunyosi tobora yo‘qolib bormoqda.
Dengizning qurib qolgan tubida vaqti-vaqti bilan chang va sho‘r bo‘ronlar kuzatiladi. Jumladan, har yili 100 million tonnaga yaqin qum-tuz bo‘ronlari bo‘lib, 400 kilometrdan ortiq masofaga tarqaladi. Bu esa insonlarning sog‘lig‘iga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Hududda nafas yo‘llari, onkologik, surunkali bronxit kabi kasalliklar kuzatilmoqda. Atrof-muhitning buzilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlar pasayishiga ham sabab bo‘ladi. Hududda chorvachilik va baliqchilik sohasi oqsamoqda. Iqtisodiy zarar ko‘rsatkichi ortib bormoqda.
Orol dengizi fojiasi natijasida yuzaga kelgan suv resurslari tanqisligi, yer degradatsiyasi, cho‘llanishning kuchayishi, bio xilma-xillikning keskin kamayishi va boshqa jiddiy iqlim o‘zgarishlari jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Orol halokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha mintaqa hududida 500 dan ortiq keng miqyosli loyihalar amalga oshirildi, qurigan dengizning 350 ming gektar maydoniga saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bugun bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-2021- yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Hozirda ushbu mablag‘lar hisobidan amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta'minoti, turmush sharoitini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa'y-harakatlarni faol birlashtirish, BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2017 - yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi masalasiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratgan edi.
Shuningdek, joriy yilning 7-8 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangi yondashuvlar, innovatsion echimlar va investitsiyalar» mavzusidagi xalqaro anjumanda qabul qilingan rezolyusiya bu borada amaliy echim sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Darhaqiqat, hozirgi kunda Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga echim topish bo‘yicha qo‘shni davlatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish lozimligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Yaqinda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida Prezidentimiz ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratdi. O‘z navbatida, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda mintaqadagi davlatlarning o‘zaro hamkorligi borasida ustuvor ahamiyatga molik konstruktiv yo‘nalishlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentimiz Orol muammosi mintaqa hayoti va kelajagiga daxldor dolzarb masala ekani, muzokaralarda anchadan buyon to‘planib qolgan savollar ochiq va konstruktiv muhokama qilinganini, endi qog‘ozdan amaliy ishga o‘tilishini alohida ta'kidlab o‘tdi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga echim topish bo‘yicha barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish lozimligi qayd etildi. Darhaqiqat, mintaqa davlatlarining barchasi Jamg‘arma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi Dasturni ishlab chiqish va o‘zaro kelishish jarayonida to‘laqonli qatnashishi bu boradagi umumiy muammolarni hal etish va tahdidlarni bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish yuzasidan taklif etilgan konstruktiv yo‘nalishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e'tirof etilmoqda.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Orol dengizining qurishi natijasida mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy,yekologik muammolarni bartaraf etishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.So‘nggi uch yil ichida Orolning qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha dunyoda muqobili bo‘lmagan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida qariyb,2 million gektar maydonda o‘rmonlashtirish ishlari amalga oshirilib, saksovul va cho‘lga chidamli boshqa o‘simliklar urug‘lari sepildi. Shuni alohida qayd etish joizki, Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonlashtirish borasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik mintaqa ekotizmini barqarorlashtirida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu chora tadbirlar tabiiy resurslar degradatsiyaning,shuningdek ,dengizning qurigan tubidan qum va chang ko‘tarilishining oldini olishni ta'minlaydi.
Bugun Qoraqalpog‘istonda hayot butunlay o‘zgarmoqda. Barcha shahar va tumanlar, qishloqlar, mahallalar yangicha qiyofa kasb etmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta'lim, tibbiyot, madaniyat, sport va ijtimoiy sohaning boshqa ob'ektlari, kommunikatsiya tarmoqlari qurilmoqda. Bu esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tutgan o‘rnining tobora oshib borayotganligidan darak beradi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak,bularning hammasi bizlar uchun cheksiz faxr-iftixor emasmi? Yangilangan, tobora yasharib, ko‘rkam bir diyorga aylanayotgan Qoraqalpog‘istonimizning o‘rni O‘zbekistonda yarqirab ko‘rinmoqda. Nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham, dunyoning boshqa davlatlarida ham bu maskanga bo‘lgan qiziqish, e'tibor, hurmat ortayotganini ko‘rib quvonamiz.