Tarix falsafasining tuzilishi. Tarix falsafasining tuzilishini tavsiflar ekanmiz,
bu element tarix falsafasi u yoki bu yo’nalishi namoyandalarining metodologik
mo’ljallari bilan uzviy bog’liq, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Ayni vaqtda,
ahamiyatsiz tafovutlarni e’tibordan soqit etsak, aksariyat yo’nalishlar doirasida
o’rganiladigan asosiy muammolarni qayd etishimiz mumkin. Tarix falsafasining
asosiy tarkibiy qismlarini aytib o’tamiz va ularga qisqacha to’xtalamiz
Tarix falsafasi ontologiyasi – bu tarix falsafasining tarixiy borliq
muammolari, chunonchi: tarixning mazmuni va yo’nalishi, ijtimoiy taraqqiyot,
ijtimoiy determinizm, yagona tarixiy makonning vujudga kelishi, jahon tarixining
yagonaligi asoslarini, insonning koinotdagi o’rnini aniqlash, tarixiy vaqt masalasi
va hokazolarni o’rganish bilan shug’ullanuvchi tarkibiy qismi. Mazkur bo’limda
jamiyatning rivojlanish mantig’ini, uning turli tomonlari o’rtasidagi aloqalar va
o’zaro bog’lanishlarni o’rganish ham muhim o’rin egallaydi.
Tarix falsafasi gnoseologiyasi asosiy e’tiborni tarixiy bilish muammolariga,
aniqroq aytganda, tarixiy faktlar va voqyealarni o’rganish, tahlil qilish va
tushuntirish, tarixiy bilimning o’ziga xos xususiyatlarini aniqlash, shuningdek
tarixiy bilishda haqiqatning tagiga yetishga qaratadi.
Tarix falsafasi tarixi tarix falsafasining vujudga kelishi va rivojlanishi, tarix
falsafasi predmetining shakllanishi muammolarini, tarix falsafasining turli
yo’nalishlar va oqimlar vujudga kelishiga sabab bo’lgan ichki differensiasiyalanish
jarayonini o’rganadi. Tarix falsafasi mazkur bo’limining muhim muammolari
qatoriga tarixiy jarayonni davriylashtirish, boshqa ijtimoiy fanlar orasida tarix
falsafasining o’rnini aniqlash masalalari ham kiradi.
Tarix falsafasi antropologiyasi insonning tarixiy jarayondagi o’rnini, bu
jarayonda tarix subyektlarining rolini aniqlaydi va «Tarixni kim harakatga
keltiradi?», degan savolga javob beradi. Odatda, tarix falsafasining turli
yo’nalishlari tarixiy jarayon subyektlari qatoriga xalq, millat, omma, olomon,
ijtimoiy sinflar va atoqli shaxslarni kiritadi va qo’yilgan savolga har xil javob
beradi.