Tarixiy jarayon mazmuni va uning yo’nalishi muammosi. Tarixiy jarayon
mazmuni va uning yo’nalishi muammosi tarix falsafasining muhim
muammolaridan biri hisoblanadi. Uning mohiyati kishilik jamiyati o’zgaradimi,
agar o’zgarsa, bu o’zgarish qaysi yo’nalishda yuz beradi va mazkur o’zgarishlarni
qanday davriylashtirish mumkin, degan savollarga javob topishdan iborat.
Mazkur muammo qadimgi dunyo mutafakkirlaridayoq qiziqish uyg’otgan.
Antik faylasuflar chiziqli tarix falsafasining uch muhim yo’nalishi: progressiv,
regressiv va siklli yo’nalishlarni farqlaganlar. Shuni qayd etish muhimki, bu
yo’nalishlarning barchasi hozirgi vaqtda ham o’z izdoshlariga ega. Shu bilan bir
qatorda, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida tarixiy rivojlanishning nochiziq
konsepsiyasi ham asoslangan. Bu yo’nalishlarni batafsilroq ko’rib chiqamiz.
Antik davr mutafakkirlarining aksariyati, shu jumladan Protagor va Demokrit
jamiyatning rivojlanishi asosan yovvoyilikdan «oltin asr» sari yuksalib boruvchi
yo’nalishda kechgan deb hisoblagan. Ularni progressiv yo’nalish asoschilari deb
hisoblash mumkin. Boshqa mutafakkirlar (Gesiod, Seneka), aksincha, jamiyatning
rivojlanishi regressiv yo’nalishga ega, ya’ni u «oltin asr»dan jamiyatning tanazzuli,
axloqning buzilishi va hokazolar bilan tavsiflanuvchi «temir asr» sari rivojlanadi,
degan fikrni ilgari surgan. Yana bir toifa faylasuflar (Platon, Aristotel, Polibiy)
jamiyat yuksalib boruvchi yo’nalishda, lekin tutash doira bo’ylab harakatlanadi va
har doim ortga, dastlabki bosqichga qaytadi, deb hisoblagan.
O’rta asrlar faylasuflari, tarix muayyan yo’nalishda rivojlanuvchi jarayon
ekanligini rad etmagan holda, uning yo’nalishini Xudo belgilaydi, deb
hisoblaganlar.
O’z asarlarida tarixning yo’nalishi, shuningdek tarixiy jarayonda yagonalik va
rang-baranglikning o’zaro nisbati muammolarini ayniqsa to’la qamrab olgan
dastlabki tadqiqotchilardan biri italyan faylasufi Jambattista Viko (1668-1744)
bo’lgan. O’zining «Millatlar umumiy tabiati haqidagi yangi fan asoslari» deb
nomlangan risolasida u jahon tarixining barcha xalqlar uchun yagona bo’lgan
tarixiy aylanma harakat sifatidagi dunyoviy konsepsiyasini ilgari surgan. Viko
fikriga ko’ra, barcha xalqlar o’z rivojlanishida bir xil bosqichlardan o’tadi (ibtidoiy
varvarlik («xudolar asri»)dan feodalizm («qahramonlar asri») orqali demokratik
respublika yoki konstitusiyaviy monarxiya («sivilizasiya asri») sari harakatlanadi).
Har bir sikl mazkur jamiyatning umumiy inqirozi va parchalanishi bilan tugaydi.
Sikl yakunlangach, rivojlanish jarayoni yangilanadi va ayni shu bosqichlardan,
lekin yuqoriroq darajada o’tadi. Shunday qilib, Viko g’oyalari madaniyatlar va
sivilizasiyalarning rivojlanishida sikllilik nazariyalari (Danilevskiy, Shpengler,
Toynbi)ga asos bo’lgan.
Hozirgi zamon tarix falsafasida tarixiy jarayon mantig’i va yo’nalishini
tushuntirishga nisbatan ikki asosiy yondashuv: formasion va sivilizasion
yondashuvlar mavjud. Ularga batafsilroq to’xtalamiz.
Formasion yondashuv tarixni monistik, universalistik tushunishga asoslanadi.
U jahon tarixini ijtimoiy-iqtisodiy formasiyalar olinma-ketin almashuvidan iborat
yagona, chiziqli-hujumkor tabiiy-tarixiy jarayon sifatida talqin qiladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy formasiyalar haqidagi ta’limotni Karl Marks o’zining
«Kapital», «Siyosiy iqtisod tanqidiga doir» kabi asarlarida ilgari surgan. Marks
nazariyasining mohiyatini uning bir qancha qoidalari orqali ifodalash mumkin:
1) ijtimoiy-iqtisodiy formasiya – sifat jihatidan aniq, yaxlit ijtimoiy tizim
bo’lib, uning muhim elementi odamlarning hayot faoliyati jarayonida ular o’rtasida
o’rnatiladigan moddiy (iqtisodiy), ma’naviy (mafkuraviy) va boshqa aloqalar va
munosabatlardir. Moddiy va ma’naviy munosabatlarning o’zaro aloqasida moddiy
munosabatlar yetakchi rol o’ynaydi. Ularning o’zagini ishlab chiqarish
munosabatlari tashkil qiladi. Aynan ishlab chiqarish munosabatlari, ijtimoiy tizim
faoliyatini belgilovchi asos hisoblanadi;
2) ijtimoiy-iqtisodiy formasiya turli mamlakatlarda ular rivojlanishining
muayyan bosqichida ijtimoiy hayotga xos bo’lgan umumiy jihatlarni aks ettiradi.
Kapitalizmni o’rganish va turli mamlakatlardagi moddiy va ma’naviy
munosabatlarni taqqoslash jarayonida bu munosabatlarning ko’pgina tomonlari
takrorlanishining va mazkur mamlakatlar ijtimoiy rivojlanishning bir bosqichi –
kapitalistik bosqichda, degan xulosaga kelingan;
3) ijtimoiy-iqtisodiy formasiya jamiyat rivojlanishining muayyan bosqichidir.
Ko’p sonli ijtimoiy aloqalar orasida ishlab chiqarish munosabatlarini farqlash,
ularning bir necha turlari mavjudligini aniqlash imkonini ham bergan; turli ijtimoiy
organizmlar bir xil ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishga ega bo’lishi ham, har xil ijtimoiy-
iqtisodiy tuzilishga ega bo’lishi ham mumkinligi (ya’ni har xil tipdagi ishlab
chiqarish
munosabatlari)
aniqlangan.
Shunday
qilib,
ishlab
chiqarish
munosabatlarining har bir tipi rivojlanish bosqichi, tarixiy davrni, bu ishlab
chiqarish munosabatlarining rivojlanishi va o’zgarishi esa jamiyat rivojlanishining
mohiyatini belgilaydi, degan xulosaga kelingan.
Bu qoidalardan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy formasiya – bu jamiyatning
muayyan tarixiy tipi, ishlab chiqarishning muayyan usuliga asoslangan va ijtimoiy
taraqqiyot bosqichi sifatida amal qiladigan yaxlit ijtimoiy tizim, degan to’xtamga
kelish mumkin.
«Ijtimoiy-iqtisodiy formasiya» kategoriyasini asoslash tarixiy jarayonni
davriylashtirish imkonini bergan. U jami formasiyalarning besh tipini farqlagan:
ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, kommunizm. Jahon tarixiy
jarayoni bir formasiyadan boshqa formasiyaga yuksalishdan iborat bo’lgan chiziqli
jarayon sifatida tavsiflagan.
XIX asrda ishlab chiqilgan formasion yondashuv o’zini oqlamadi. Bunda
tarixiy rivojlanish jarayonini tushuntirishga nisbatan Marksning yondashuvi emas,
balki uni dogmaga aylantirish va mutlaqlashtirish shakllandi. Ayrim tadqiqotchilar
formasion yondashuvni tahlil qilar ekanlar, uning quyidagi zaif jihatlarini qayd
etadilar. Birinchidan, tarixning har qanday bosqichida jamiyat hayotini ijtimoiy-
iqtisodiy munosabatlargina belgilaydi, deb aytish o’rinli bo’lmaydi. Ikkinchidan,
bir formasiyadan boshqa formasiyaga tabiiy yuksalish haqidagi monistik tasavvur
inson erkinligiga, insoniyat rivojlanishining muqobil yo’llarini tanlashga o’rin
qoldirmaydi. Uchinchidan, xalqlar, jamiyatlar, davlatlarning haqiqiy tarixi yuksalib
boruvchi chiziq bo’ylab formasion rivojlanishning tor doirasiga sig’maydi. Mazkur
yondashuv amalga tatbiq etilganda har bir xalq va sivilizasiyaning o’ziga xosligi va
betakrorligi yo’qoladi, ular ayni holda kelajak barkamol jamiyatining sharti
sifatidagina amal qiladi.
Shunday qilib, hozirgi davr sharoitida tarixiy jarayonni besh ijtimoiy-iqtisodiy
formasiyadan iborat bo’lgan chiziqli sxema sifatida talqin qilishning bir
yoqlamaligi ayniqsa bo’rtib namoyon bo’ladi. Jahon tarixiy jarayoni mazkur
nazariy modeldan boyroq. Shu sababli ushbu talqinni tarixni tushunishga nisbatan
o’zgacha, nochiziq yondashuv bilan to’ldirish talab etiladi. Sivilizasion yondashuv
tarixiy jarayonni tushunishga nisbatan aynan shunday yondashuvdir.
Falsafani tushunishga nisbatan sivilizasion yondashuv XIX-XX asrlarda
vujudga kelgan. U asosan ko’p sonli madaniyatlar va sivilizasiyalar mavjudligi,
ularning lokalligi va har xilligi haqidagi g’oyani ilgari surishi bilan tavsiflanadi. Bu
yerda ijtimoiy taraqqiyotning qat’iy bir chiziqli sxemasi rad etiladi.
Mazkur yondashuv asoschilaridan biri tabiatshunos olim Nikolay Danilevskiy
(1822-1885) bo’lgan. U har biri alohida-alohida mavjud bo’lgan, faoliyatning to’rt
muhim shakli yoki sivilizasiyalar «asosi» - diniy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy-
iqtisodiy asoslar orqali namoyon bo’luvchi madaniy-tarixiy tiplar (sivilizasiyalar)
haqidagi konsepsiyani ilgari surgan. Madaniy-tarixiy tiplar, biologik organizmlar
kabi, tashqi muhit va bir-biri bilan uzluksiz kurash jarayonida bo’ladi va vujudga
kelish, voyaga yetish, qarish va halok bo’lish bosqichlaridan o’tadi. Jahon
tarixining mazmunini Danilevskiy o’zining alohida qonunlariga binoan
rivojlanuvchi xalqlar madaniy-tarixiy tiplarining o’z-o’zini namoyon etish
xususiyatlarini aniqlashdan iborat deb bilgan. Danilevskiy madaniy-tarixiy tiplar
rivojlanishining ayrim qonunlarini ta’riflagan: 1) bir tilda yoki o’xshash tillarda
so’zlashuvchi xalqlar bir madaniy-tarixiy tipni tashkil etadi; 2) madaniy-tarixiy tip
vujudga kelishi va rivojlanishi uchun muayyan siyosiy mustaqillik talab etiladi; 3)
sivilizasiyaning muvaffaqiyatlari madaniy-tarixiy tipning turli elementlariga
bog’liq bo’ladi; 4) sivilizasiyaning shakllanish jarayoni uzoq davom etadi, ularning
ravnaq topish davri esa qisqadir; 5) sivilizasiyalar alohida va berk sharoitda
rivojlanadi, lekin bu ular bir-biriga ta’sir ko’rsatmaydi, degan ma’noni
anglatmaydi.
Danilevskiyning qarashlarini nemis mutafakkiri Osvald Shpengler (1880-
1936) rivojlantirgan. U ham ijtimoiy taraqqiyotning bir chiziqli yevroposentristik
sxemasiga tanqidiy yondashgan. Shpengler falsafasida madaniyat asosiy
kategoriya hisoblanadi. Faylasuf madaniyat deganda o’ziga o’xshash boshqa
«organizmlar»dan ajralib turadigan alohida «organizm»ni tushungan. Bundan
yagona umuminsoniy madaniyat yo’q va bo’lishi mumkin emas degan xulosa kelib
chiqqan. Shu sababli Shpengler jahon tarixining yaxlitligi va yagonaligini, unda
«o’zgarmas va umumiy» jihatlar mavjudligini rad etgan. U insoniyat tarixida
sakkiz madaniyat: Misr, Hind, Bobil, Xitoy, Yunon-rim, Sharq, G’arbiy Yevropa
va Mayya madaniyatlarini farqlagan. Shpengler fikriga ko’ra, har bir madaniy
organizm ma’lum hayot muddati (taxminan ming yil) mobaynida mavjud bo’ladi,
shundan so’ng u sivilizasiyaga aylanadi va halok bo’ladi. Har bir madaniyat o’z
teran mazmuniga ega bo’ladi va tarixiy jarayonda bir xil ahamiyat kasb etadi.
Shpengler tarixning mazmuni madaniyatlar taqdiri, ruhi va tilini anglab yetishdan
iborat, deb hisoblaydi.
Lokal sivilizasiyalar nazariyasining yana bir tarafdori ingliz tarixchisi va
sosiologi Arnold Toynbi (1889-1975)dir. U Danilevskiy va Shpenglerning
tarixning siklliligi haqidagi fikr-mulohazalarini rivojlantirib, uni ayrim, o’ziga xos
va nisbatan berk sivilizasiyalar tarixlarining yig’indisi sifatida tushungan (dastlab u
23 sivilizasiyani farqlagan, keyinchalik esa ularni 13 tagacha qisqartirgan). Toynbi
sivilizasiyalarga «evolyusion tipdagi faol tuzilmalar» sifatida yondashib, har bir
sivilizasiyada tarixiy mavjudlikning asosiy bosqichlari: vujudga kelish, rivojlanish,
tanazzulga uchrash va zavol topishni farqlagan. Bu asosiy bosqichlardan o’tgach,
sivilizasiya, odatda, halok bo’ladi va uning o’rnini boshqa sivilizasiya egallaydi.
Toynbi bu sivilizasiyalarda oldinma-ketin yuz beruvchi ijtimoiy jarayonlarni
o’xshash deb hisoblab, shunga asoslangan holda yaqin kelajakda dunyo miqyosida
yuz beradigan voqyealarni bashorat qilish imkonini beruvchi ijtimoiy rivojlanish
takroriyligining ayrim formal empirik qonunlarini keltirib chiqarishga harakat
qilgan. U jahon tarixining mazmuni diniy evolyusiya hamda insoniyatning
ma’naviy jihatdan kamol topishi bilan belgilanadi, deb hisoblagan.
Shunday qilib, sivilizasion yondashuv nuqtai nazaridan tarixiy jarayon
hujumkor xususiyati «yuqori - quyi» ko’rsatkichlari bilan emas, balki har bir
sivilizasiya o’z rivojlanish va o’z taqdirini o’zi belgilash jarayonida insoniyat
filogenetik yo’lining barcha asosiy bosqichlaridan o’tishi va o’z tarixi va betakror
individualligiga ega bo’lgan noyob ijtimoiy tuzilma sifatida qaralishi bilan
belgilanadigan izchil nochiziq jarayon sifatida namoyon bo’ladi.
Formasion va sivilizasion yondashuvlarni taqqoslash quyidagi xulosalarga
kelish imkonini beradi: 1) formasion yondashuv tahlil jarayonida butun jamiyatni
qamrab olishga harakat qiladi va asosiy e’tiborni uning dinamikasiga qaratadi;
sivilizasion yondashuv esa jamiyatning bir qismini (ayrim sivilizasiyani) o’rganadi,
jamiyatni esa statik deb e’tirof etadi; 2) formasion yondashuv jamiyat hayotining
iqtisodiy omillariga alohida e’tibor beradi; sivilizasion yondashuv asosiy e’tiborni
ma’naviy omillarga qaratadi.
Tarix falsafasi rivojlanishining hozirgi bosqichida tarixning shunday bir
talqini vujudga keladiki, unda mualliflar bu muqobil yondashuvlarning ijobiy
g’oyalaridan foydalanishga va ularning kamchiliklari o’rnini to’ldirishga harakat
qiladilar. Mazkur yondashuv monadaga doir yondashuv degan nom olgan.
Monadaga doir yondashuvning o’ziga xos jihati shundan iboratki, u jahon
tarixiy jarayoniga ko’p sonli tarixiy individlar (sosiumlar)dan iborat bo’lgan
yaxlitlik sifatida qaraydi. Bunda monadaga doir yondashuvning formasion
elementi tarixiy rivojlanishning ayni bir bosqichini boshdan kechirayotgan turli
mamlakatlar uchun umumiy bo’lgan jihatlarga, sivilizasion element esa ijtimoiy
organizmlarning xususiyatlariga, ularning betakrorligiga e’tiborni qaratadi.
Shunday qilib, monadaga doir yondashuv doirasida formasion yondashuvning
umumlashtiruvchi
imkoniyatlari
va
sivilizasion
yondashuvning
individuallashtiruvchi imkoniyatlari ularni qarama-qarshi qo’yish asosida emas,
balki ularning yagonaligi va bir-birini to’ldirishini tan olish asosida hisobga olinadi
va ro’yobga chiqariladi.
Yuqorida qayd etib o’tilganidek, tarixning mazmuni muammosi tarix
falsafasining aksariyat yo’nalishlarida ko’zga ko’rinadigan o’rinni egallaydi. Ayni
vaqtda shunday konsepsiyalar ham paydo bo’lganki, ularda tarixning mazmuni
muammosi markaziy muammo hisoblanadi. Bu konsepsiyalarning mohiyatiga
qisqacha to’xtalib o’tamiz.
Taniqli nemis faylasufi Karl Yaspers (1883-1969) yaratgan nazariyaga
muvofiq, tarixning mazmuni tarixning chegarasidan tashqarida yotadi. Tarixning
mazmuni va negizi butun insoniyat uchun umumiy bo’lgan e’tiqod bilan
belgilanadi. Mazkur e’tiqod insoniyat vakillarini bir-biridan ajratmaydi, balki
jipslashtiradi. Insoniyatga bunday e’tiqodni biron-bir jahon dini yoki milliy din
taklif qilolmaydi.
Yaspers jahon tarixining «vaqt o’qi» amal qilgan davrda vujudga kelgan
falsafiy e’tiqodgina insoniyat uchun umumiy e’tiqodga aylanishi mumkin, deb
hisoblagan.
Faylasuf
qadimgi
yunon
faylasuflari,
yahudiy
xalqining
payg’ambarlari, Eronda zardushtiylik dinining, Xitoyda – konfusiychilik va
daochilikning, Hindistonda – buddizm va jaynizmning asoschilari bir vaqtda ijod
qilgan miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig’idagi davrni tarixning universal
mazmunini namoyon etgan «vaqt o’qi» davri deb hisoblashni taklif qilgan. Mazkur
davrda majusiylik o’rnini egallagan jahon dinlari paydo bo’lgan va mifologik
dunyoqarash o’rnida falsafiy tafakkur vujudga kelgan; jahonda deyarli bir vaqtda
ichdan o’zaro mushtarak bo’lgan bir nechta qudratli ma’naviy markazlar paydo
bo’lgan. «Vaqt o’qi» davri insonga o’zini inson sifatida his qilishga yordam
bergan, uning ma’naviyatini uyg’otgan, uni madaniyat va axloq asoslari bilan
oshno etgan, uning oldiga insonning mavjudligi va hayotning mazmuni haqidagi
masalalarni qo’ygan. Yaspers fikriga ko’ra, inson o’z-o’zini anglab yetishi, inson
ma’naviyatining uyg’onishi shu vaqtgacha o’zaro bog’lanmagan lokal
madaniyatlarga bo’lingan insoniyat umumiy tarixining ibtidosiga aylangan.
Shundan beri insoniyat umumiy taqdir va yagona e’tiqod bilan bog’langan. Aks
holda uning tarixi halokat bilan tugashi mumkin. Yaspers ta’limotiga ko’ra,
odamlarni umumiy ma’naviy asoslarda birlashtirish, ular o’zaro til topishini
ta’minlashda kommunikasiya ulkan rol o’ynaydi, shu bois uning tarix falsafasi
ba’zan kommunikativ tarix falsafasi deb ham ataladi.
Tarixiy jarayon mazmuni va uning yo’nalishi muammosi bilan amerikalik
faylasuf Frensis Fukuyama ham shug’ullangan. U o’zi yaratgan «tarixning
intihosi» nazariyasini taklif qilgan. «Tarixning intihosi»ni u shunda ko’rganki,
insoniyat oxir-oqibatda jamiyat va davlatning optimal shaklini albatta topadi.
Fukuyama liberal g’oyalar va qarashlarni umuminsoniy ideal sifatida e’tirof etgan,
ularning negizida insonning barcha ehtiyojlari qondirilishi va jamiyatdagi asosiy
ziddiyatlar hal qilinishi lozim, deb hisoblagan. Uning fikricha, liberalizm jamiyatni
tashkil etishning oqilona shakli sifatida, o’z muqobiliga ega emas, shu sababli
insoniyat oldida bu mafkurani boshqa mamlakatlarga yoyish va shu tariqa
umuminsoniy davlat – siyosiy jabhada liberal demokratiyani yaratishdan boshqa
yo’l yo’q. Insoniyat tarixining mazmunini Fukuyama ana shunda ko’rgan.
Tarixning mazmunini tavsiflashga nisbatan boshqacha yondashuvlar ham
mavjud. Masalan, ayrim faylasuflar tarix har qanday mazmundan xoli, odamlar
uchun jumboq deb hisoblaganlar va insoniyat kelajagiga pessimistik baho
berganlar (Artur Shopengauer, Yakov Burgxardt). Ba’zi bir mutafakkirlar tarix
voqyealarning oqilona tushuntirish mumkin bo’lmagan irrasional oqimidir, deb
hisoblaganlar (Fridrix Nisshe, Eduard Gartman).
Tarix falsafasida tarixiy taraqqiyot g’oyasi ham muhim o’rin egallaydi.
Taraqqiyot rivojlanish jarayonining quyidan yuksakka, noraso holatdan
barkamol holatga o’tish bilan tavsiflanuvchi yo’nalishini anglatadi. Taraqqiyot
haqida jamiyatga tatbiqan (bu holda ijtimoiy taraqqiyotni nazarda tutiladi) va uning
ayrim elementlariga, jamiyatning tuzilishi yoki boshqa parametrlariga tatbiqan (bu
holda fan-texnika taraqqiyotini, ma’naviy sohadagi, ta’lim, sog’liqni saqlash, atrof
muhitni muhofaza qilish sohasidagi taraqqiyot nazarda tutiladi) so’z yuritish
mumkin. Taraqqiyotning asosiy konsepsiyalarini biz yuqorida ko’rib chiqdik. Bu
yerda shuni qayd etish muhimki, taraqqiyot o’z mohiyatiga ko’ra ziddiyatlidir,
chunki uning teskari tomoni regress, ya’ni oliydan tubanga, barkamol holatdan
noraso holatga o’tishdir. Insoniyat biror narsani qo’lga kiritar ekan, muqarrar
tarzda nimanidir yo’qotadi. Shu sababli insoniyatning taraqqiyot yoki regress
yo’lidagi harakati haqida faqat umumiy ma’noda so’z yuritish mumkin.
Jamiyat tarixini tahlil qilar ekanmiz, shuni qayd etishimiz mumkinki, hozirgi
davrgacha u asosan taraqqiyot yo’lidan harakatlangan va bu fikrga hozirgi tarix
faylasuflarining ko’pchiligi qo’shiladi. Ammo ijtimoiy taraqqiyot g’oyasiga
hamma olimlar ham ishonavermaydi, ayrimlar hatto taraqqiyotning rivojlanishga
shikastli ta’siri haqida so’z yuritadi. Masalan, Aurelio Pechchei taraqqiyot xavfli
jarayon ekanligini isbotlashga harakat qiladi. Uning fikricha, bu anarxik jarayonni
sirtdan turib tartibga solish mumkin emas va u Yer yuzida hayotning rivojlanishi
uchun shikastli oqibatlar kelib chiqishi mumkinligiga e’tibor bermay, jamiyat
ehtiyojlari bilan biron-bir real aloqasiz olg’a yangi qadamlar tashlashda davom
etadi. Bu fikrga Elvin Toffler (1928 yilda tug’ilgan) ham qo’shiladi. U taraqqiyot
jamiyat va davlat institutlarini vayron qiluvchi, qadriyatlarni o’zgartiruvchi va
bizning hayot ildizlarimizga putur yetkazuvchi o’zgarishlar oqimini olib kelishi
haqida ogohlantiradi.
Taraqqiyot mezonlarini aniqlash ijtimoiy taraqqiyot nazariyasining bahsli
masalasi hisoblanadi. XVII asr mutafakkirlari inson aqlini taraqqiyot mezoni deb
hisoblaganlar. Keyinchalik ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish
munosabatlarining rivojlanish darajasi shunday mezon sifatida e’tirof etilgan.
Hozirgi vaqtda taraqqiyotning asosiy mezonlari sifatida ko’pincha ijtimoiy-siyosiy,
mafkuraviy, gumanistik va boshqa mezonlar qayd etiladi. Bu mezonlar yordamida
u yoki bu ijtimoiy tizimlar, siyosiy rejimlar, ijtimoiy harakatlarning progressivlik
darajasini aniqlash mumkin.
Ammo yuqorida zikr etilgan mezonlarning barchasi ijtimoiy hayotning ayrim
tomonlarinigina tavsiflaydi va butun jamiyat taraqqiyoti haqida to’liq tasavvur
hosil qilish imkonini bermaydi. Jamiyatning insonparvarlashuvi darajasini,
shaxsning undagi o’rnini, uning ma’naviy va ijtimoiy erkinlik darajasini, moddiy
va ma’naviy ehtiyojlari qondirilishining sifatini jamiyat rivojlanishining umumiy
yoki umumfalsafiy mezoni deb hisoblash mumkin bo’lsa kerak. Bu mezon mazkur
jamiyatda inson kamol topish uchun imkoniyatlarga qay darajada ega ekanligini
ko’rsatadi. Mazkur mezon nuqtai nazaridan har bir jamiyatning progressivlik
darajasi u shaxs huquqlari va erkinliklari doirasini qay darajada kengaytirgani, o’z
imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishi, ehtiyojlarini rivojlantirishi va ularni qondirishi
uchun qanday shart-sharoitlar yaratgani bilan belgilanadi.
Insoniyat azal-azaldan jamoa bo’lib yashaydi. Yer sayyorasi uning abadiy
makoni, umumiy Vatanidir. Quyosh tizimidagi ana shu mitti sayyorada
yashayotgan odamlar oilasini jamiyat deb atash odat tusiga kirgan. Demak,
umumbashariy ma’noda jamiyat odamzodning umri, hayoti o’tgan hamma davri,
joy va hududi bilan bog’liq barcha o’zgarish va jarayonlarni ifoda etadi. Shu bilan
birga, biror davlat xududidagi odamlar hayoti, sivilizasiyaning muayyan
davrlaridagi turmushga nisbatan ham ushbu tushuncha qo’llanadi. Har qanday
holda ham, u umumiy tushuncha bo’lib, ayrim odam va alohida shaxs jamiyat
a’zosi deb ataladi.
Tilimizdagi jam, jamoat va jamiyat degan so’zlar bor. Barchasining o’zaro
yig’ilgan, to’plangan degan ma’noni bildiruvchi jam iborasidir. Masalan: jamoat
jam. Odamlar jam bo’lishdi. Jami – o’n nafar. Shuningdek, jam so’zi qo’shuv
ma’nosida ham ishlatiladi. Jamoa iborasi biror mahalla yoki qishloq aholisini, biror
muassasa, tashkilot yoki korxona ahlini bildiradi, ya’ni bir joyning bir guruh
kishilari deganidir.
Jamoa atamasi ma’nosi jihatidan jamoatdan farqlanadi. Jamoatda turli
qarashdagi kishilar bo’lsa, jamoada esa bir maqsad, bir xil manfaat yo’lida jam
bo’lgan kishilar tushuniladi. Masalan, jamoat deganda bir masjidda namoz
o’quvchi hammahalla, hamqishloq kishilar nazarda tutiladi. Jamoat so’zining
jamoatchilik, adabiy jamoatchilik, talabalar jamoatchiligi va hokazo.
Jamiyat insoniyat tarixiy taraqqiyotining ma’lum bosqichida shakklanadigan
ijtimoiy munosabatlar majmuidir. Ijtimoiy munosabatlar ichida eng asosiysi,
siyosiy va huquqiy ustqurma uchun haqiqiy bazis bo’ladigan, ijtimoiy ong
shakllarini belgilaydigan munosabatlar – iqtisodiy munosabatlardir. To’g’ri,
jamiyat taraqqiyoti tabiiy-tarixiy, qonuniy taraqqiyotdir.
9
Jamiyat ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida shuurga-ongga til va nutqqa ega
bo’lgan, bir-birlarining ijtimoiy yordami, ko’magiga ehtiyoj sezuvchi insonlar
ijtimoiy uyushmasining eng umumiy ilmiy-falsafiy atamasidir.
Jamiyat – tabiatning bir qismi, ya’ni ijtimoiy borliqg’ bo’lib, odamlar
uyushmasining maxsus shakli, kishilar o’rtasida amal qiladigan juda ko’plab
munosabatlar yig’indisi, degan turlicha ta’riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda
rivojlanuvchi takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda
jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keldadi. Milliy mustaqillik tufayli
jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish ehtiyoji paydo bo’ldi. Prezident Islom
Karimovning qator asarlarida jamiyat mohiyatini yangicha tushunishning uslubiy
asoslari yaratildi. Jamiyat moddiy va ma’naviy omillar birligidan iborat. Hozirga
qadar adabiyotlarda moddiy va ma’naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar edi.
Holbuki, jamiyatning tub mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy
bog’liq. Xuddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo’lmagani singari, jamiyatning
moddiy va ma’naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini
ikkinchisidan ustun qo’yish mantiqqa ziddir. Insonning moddiy ehtiyojlari oziq-
ovqatlar, kiyim-kechak, uy-joy, transport vositalari, o’zini himoyalash, zurriyot
qoldirish kabilardan iboratdir. Ma’naviy ehtiyojlarga olamni bilish, o’zlini angalsh,
dunyoqarash, donishmandlikka intilish, bilim, san’at, g’oya, mafkura, go’zallik
bilan, ma’naviy kamolot yo’lidagi intilishlar kiradi. Insonning asl mohiyati moddiy
ehtiyojlarni madaniy shakllarda qondirishida yaqqol namoyon bo’ladi. Inson aqlli
mavjudot sifatida moddiy ehtiyojlarini madaniy shakllarda qondirish uchun tabiat
va jamiyat mohiyatini bilishga, moddiy va ma’naviy olamni uyg’unlashtirishga,
tabiat va jamiyatni o’z maqsadlariga mos ravishda o’zgartirishga harakat qiladi.
Ilm – fan va texnika insonning ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish quroli,
9
Қаранг: Иброҳимов А., Султонов Х.,Жњраев Н. Ватан туйғуси. Т., 1996 й., 94-бет.
muhim vositasi bo’lib xizmat qiladi. Inson yuksak ma’naviyat tufayligina o’z
ehtiyojlarini madaniy shakllarda oqilona va to’liqona qondirish imkoniga ega
bo’ladi.
Mamlakatimizda ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berilayotganining
sababi ham ana shunda. Jamiyatning moddiy va ma’naviy
hayoti kishilarning
moddiy va ma’naviy ehtiyojlari bilan uzviy bog’liq holda vujudga keldi.
Jamiyat ham makro va mikro jismlar kabi o’z-o’zini tashkillovchi va
boshqaruvchi tizimdir. Binobarin, bu tizim muayyan qonunlar asosida mavjud
bo’ladi va takomillashib boradi.
Ikki jins yakka nikohlikka asoslangan oila shaklida yashashga o’tishi, urug’,
qabila, elat (xalq, millatlarning vujudga kelishi va shu birliklarda o’z moddiy va
ma’naviy ehtiyojlarini qondirishlari qonuniy jarayonlardir. Jamiyat taraqqiyotining
muayyan bosqichida davlatlarning kelib chiqishi, mulkiy munosabatlar, ishlab
chiqarish munosabatlari, har bir jamiyatning o’z bazis va ustqurmasi bo’lishi,
bozor iqtisodi munosabatlari, (bularning iqtisod nazariyasi va sosiologiya fanlari
batafsil o’rganadi) – ana shu ijtimoiy hodisalar albatta ijtimoiy qonunlar ta’sirida
tarixan o’z-o’zidan shakllangan.
Jamiyat qonunlarining amal qilishi odamlar va ular uyushmalarining ongli
faoliyati bilan bog’lanib ketadi. Jamiyat qonunlarini ham eng umumiy, umumiy va
xususiy (juz’iy) qonunlar tipologiyasiga ajratish mumkin. Falsafa qonunlar va
kategoriyalarida o’z ifodasini topgan o’zaro aloqadorliklar, bog’lanishlar ijtimoiy
hayotda ham namoyon bo’ladi. Binobarin, bu eng umumiy qonunlar, kategoriyalar,
tamoyillarni bilish jamiyatni ilmiy boshqarish imkoniyatini tug’diradi. Insoniyat
tarixiy takomilida, sosial, ealtlar, millatlar hayotida o’xshash shart-sharoitlarda
birdek amal qiladigan qonunlarni umumiy qonunlar deb atash mumkin. Masalan,
moddiy ishlab chiqarish bilan ma’naviy boyliklar yaratish o’rtasidagi mutanosiblik
qonuni bozor munosabatlarining ikki tomni o’rtasidagi yoki ehtiyojlar bilan
manfaatlar o’rtasidagi munosabatlarni anglatadi.
Muayyan jamiyat taraqqiyoti va tanazzulining aniq bir bosqichlari, holati
to’g’risida ravshan tasavvurga ega bo’lish uchun xususiy (juz’iy) ijtimoiy
qonunlarni ham anglab olish zarur. Bunday qonunlarning amal qilish darajasi
malum bir makon va zamonda cheklanganligi va ular jamiyat taraqqiyotining faqat
ayrim bosqichlarigagina xos aloqadorliklarni ifodasi bilan farqlanadi. Masalan,
sobiq Sho’rolar davrida amal qilgan planli proporsional deb atalgan qonunning
harakati yo’li shu davlat tugashi bilan to’sib qo’yildi. Yoki talab va taklif
o’rtasidagi mutanosiblik qonuni, raqobatga asoslangan munosabatlar kabi umumiy
qonunlar O’zbekiston sharoitida o’ziga xos, betakror amal qilishi u qonunlarga
xususiylik baxsh etadi. Islom Karimov asos solgan O’zbekistonda bozor iqtisodiga
o’tishning besh tamoyili barcha qonunlarning amal qilishiga o’ziga xoslik baxsh
etadi. Umuman olganda, eng umumiy, umumiy, xususiy qonunlar bir-biri bilan
dialektik aloqadorlikda bo’lib, ular bir-birini ham iqror qiladi, ham istisno etadi.
10
Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli
nazariyalar mavjud. Bizlarga ma’lumki, jamiyat hayotidagi qarashlar juda qadimgi
10
Қаранг: Каримов И. Фалсафа фанидан ваъз (лекция) матнлари. Тошкент, 2003 йил, 115-116-бетлар.
davrlardayoq maydonga kelgan qadimgi Markaziy Osiyoda zardushtiylik dinining
muqaddas kitobi «Avesto» da, Mazdakning qarashlarida mu’tadil jamiyatni barpo
etishni olg’a surgan, shunday jamiyatdagi davlat ideal davlat deb ta’kidlangan.
Qadimgi turk mifologiyasida ham adolatli, faravon jamiyat va davlat haqida
e’tiborga sazavor qarashlar mavjud. Qadimgi yunon faylasufi Aflotun
takomillashgan kishilik jamiyatini, ideal davlatni barpo qilish, lozim deb
hisoblagan. Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Abu Nasr Forobiy o’zining
«Fozil odamlar shahri» asarida jamiyatning vujudga kelishi, maqsadi va vazifalari
haqida ta’limot yaratgan. Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino kabi
mutafakkirlar kishilik jamiyati paydo bo’lishi sabablarini insonning boshqa
mavjudotlarga nisbatan ojizligi birdamlik hissining rivojlanganligi bilan
izohlaganlar.
Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli
nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi I.Kant jamiyatning vujudga kelishini
axloqning shakllanishi bilan izohlagan. G.Gegel esa jamiyatning shakllanishi va
rivojlanishi sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L.Feserbax din bilan
bog’langan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan.
Fransuz mutafakkiri O.Kant jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy
taraqqiyotining uch bosqichi (geologiya, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan
izohlagan. K.Markas jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy
o’zgarishlar bilan bog’lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai
nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va
ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga
oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday
nazariyaning bir yoqlama ekanini ko’rsatadi.
Jamiyat taraqqiyoti ko’p bosqichli jarayon ekani to’g’risidagi qarashlar
AQSh faylasufi O.Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko’ra,
jamiyatlar taraqqiyotiga binoan agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial
jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida sivilizasiyali
yondashuv g’oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko’ra, har bir xalq
o’zining betakror, noyob, o’ziga xos va o’ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan
holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy
taraqqiyotning o’ziga xos modelini yaratadi.
Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o’z oldiga
qo’ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo’lgani
kabi jamiyat ham o’z oldiga qo’ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy
barqarorlikka ehtiyoj sezadi. Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy
rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko’rsatish
imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy
turg’unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, ma’naviy tizimning tanazzuli
alomatidir.
Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan
almashib turishi ham mumkin. Jamiyatning ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy
sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach,ijtimoiy imkoniyatlar ro’yobga
chiqarilib bo’lgach bundan keyingi taraqqiyoti yo’lida yangi muammolar tug’iladi
va ularni hal etish vazifasi paydo bo’ladi.
Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi.
Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa ijtimoiy-siyosiy tuzumga o’tish
davrida keskinlashish mumkin. Jamiyat beqarorlikning izdan chiqishi kishilar
psixologiyasidagi salbiy o’zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy
burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo’qolishida, g’oya va
mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo’lishida,
ijtimoiy adolat mezonlarining buzulishida, davlat idoralarining aholini boshqarish
qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o’z ifodasini
topadi.
Dostları ilə paylaş: |